Diplom bilan biznesga
Qarshida “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.
Qarshida “Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida oliy o‘quv yurtlari va kasb-hunar kollejlarining bitiruvchilari uchun o‘quv-seminar o‘tkazildi.Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi Qashqadaryo viloyati kengashi va Markaziy bank viloyat bosh boshqarmasi hamkorligida tashkil etilgan va bank-moliya muassasalari vakillari, ekspert va mutaxassislar, partiyaning “Yoshlar qanoti” faollari hamda bitiruvchi-yoshlar qatnashgan tadbirda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni kichik biznes va xususiy tadbirkorlikka jalb etish, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish, bandligini ta’minlashga alohida e’tibor qaratilayotgani ta’kidlandi.
Davlatimiz rahbarining 2010-yil 28-iyuldagi “Ta’lim muassasalarining bitiruvchilarini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmoni bu borada muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“Diplom bilan biznesga” loyihasi doirasida 2014-yilda viloyatda 120 nafar talabaning biznes-rejasiga tijorat banklari tomonidan 840 million so‘mdan ortiq imtiyozli kredit ajratildi. Natijada 150 ga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
Loyihaning joriy yilgi tuman va shahar saralash bosqichlarida 500 ga yaqin yigit-qiz ishtirok etib, ular orasidan 100 nafarining biznes-rejasi qo‘llab-quvvatlandi.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan mashg‘ulotlarda biznes g‘oya tanlash va biznes-reja ishlab chiqish tartiblari, tadbirkorlik faoliyatini tartibga soluvchi me’yoriy hujjatlar, tadbirkorlik subyektlarini davlat ro‘yxatidan o‘tkazish, soliq turlari va imtiyozlari, kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni barqaror rivojlantirishda bank-moliya muassasalari tomonidan amalga oshirilayotgan amaliy chora-tadbirlar, tadbirkorlik loyihalarini banklar orqali moliyalashtirishning huquqiy asoslari hamda kreditlarni rasmiylashtirish jarayonlari va shart-sharoitlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
– Loyihalarimizga yoshlar o‘rtasida qiziqish tobora ortmoqda, – deydi Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal demokratik partiyasi viloyat kengashining yoshlar bilan ishlash bo‘limi mudiri Bahodir Yusupov. – Bugungi tadbirda ham ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda biznes-reja tuzishdi. Eng muhimi, har bir ishtirokchi o‘z biznes g‘oyasini har tomonlama asoslab, astoydil himoya qilgani quvonarlidir.
G‘uzor qurilish kasb-hunar kolleji bitiruvchisi Olim Tursunov seminarda issiqxona yo‘nalishidagi biznes loyihasi bilan qatnashdi. Ayni paytda u issiqxonada limon, pomidor, bodring va har xil ko‘katlar yetishtirmoqda. Endi bank krediti ko‘magida faoliyatini yanada kengaytirish, gulchilikni yo‘lga qo‘yishni rejalashtirgan.
– O‘quv-seminar men uchun g‘oyat foydali bo‘ldi, – deydi O.Tursunov. – Bu yerda viloyatimizning turli hududlaridan kelgan tengdoshlarim bilan tajriba almashish imkoniyati yaratilganidan xursandman. Ularning bilimli va izlanuvchanligini ko‘rib, kuchimga kuch qo‘shilganday bo‘ldi. Maqsadim yanada qat’iylashdi.
Tadbirda biznes-rejasi istiqbolli deb topilgan bitiruvchi-yoshlarga tijorat banklari tomonidan kredit olish huquqini beruvchi imtiyozli sertifikatlar topshirildi.