Deputat tanlovi bilan mahalla obod bo‘ladi (+video)
Xorazmda “Tashabbusli byudjet” loyihasi doirasida deputat tanlovini amalga oshirish uchun Shovot, Gurlan, Yangibozor va Urganch tumanlaridagi g‘olib bo‘la olmagan 33 ta loyiha o‘rganilib, solishtirildi. Natijada Shovot tumanidagi Do‘stlik mahallasidagi “Ichki yo‘llarni ta’mirlash” loyihasi tanlandi.
Bu qarorni qabul qilishda, avvalo, loyihaning qaysi mahallaga eng zarurligi, aholi uchun amaliy ahamiyati va mazkur hududning boshqa dasturlar doirasida qanchalik qamrab olinganiga e’tibor qaratildi? Nega aynan Do‘stlik mahallasi?
O‘zA muxbirining bu haqdagi savoliga Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Oybek Otamurodov quyidagilarni gapirib berdi:
– Bilamizki, bugun “Tashabbusli byudjet” loyihasi xalqimizni birlashtiradigan, joylardagi muammolar yechimiga xizmat qiladigan katta ijtimoiy loyihaga aylandi. Bu yilgi “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida ilk bor Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tashabbusiga ko‘ra g‘olib bo‘lmagan loyihalar orasidan tanlangan loyihalar uchun byudjet mablag‘lari ajratilishi amalga oshirila boshlandi.
Birinchidan, Do‘stlik mahallasi 2021-2026-yillarda “Tashabbusli byudjet” jarayonlarida g‘olib bo‘lmagan mahallalardan biri. Aholi soni nisbatan kam bo‘lgani sababli loyihaning g‘olib bo‘lish imkoniyati ham yuqori emas.
Ikkinchidan,mahallada yo‘l infratuzilmasi bilan bog‘liq muammo dolzarb. O‘rganish jarayonida mahallaning ichki ko‘chalarida asfaltlangan yo‘llar ulushi juda past ekani, aksariyat ko‘chalarda asosan tosh yotqizilgan yo‘llardan foydalanilayotgani ko‘rildi.
Uchinchidan, tanlovda faqat yo‘lning holati emas, balki loyihaning aholi uchun amaliy ahamiyati ham hisobga olindi. Asfalt yo‘l mahallada kundalik harakatlanish, savdo va xizmat ko‘rsatish faoliyati, shuningdek, aholining transport qatnovi uchun muhim ahamiyatga ega.
To‘rtinchidan, boshqa mahallalar bilan solishtirish jarayonida ularning turli davlat dasturlari doirasida olayotgan mablag‘lari ham inobatga olindi.
Jumladan ayrim hududlar "og‘ir mahalla”, “Yangi O‘zbekiston qiyofasidagi mahalla” dasturlari, Islom taraqqiyot banki va OPEK xalqaro taraqqiyot jamg‘armasi ishtirokida “Qishloq joylarni barqaror rivojlantirish” loyihasi yoki boshqa moliyalashtirish dasturlari doirasida 3 mlrddan 15 mlrd so‘mgacha mablag‘ bilan qamrab olingan.
Do‘stlik mahallasi esa mazkur tanlovda boshqa hududlar bilan solishtirilganda yo‘l infratuzilmasi bo‘yicha qo‘shimcha mablag‘ga ehtiyoji yuqori bo‘lgan hudud sifatida baholandi.
Shu asosda Do‘stlik mahallasining Begyop, Oltin Zamin hamda Ali Qushchi ko‘chalarining 2,5 km qismini asfalt qilish loyihasini qo‘llab-quvvatlashga qaror qilindi.

Bu qarordan oldin Do‘stlik mahallasida aholi bilan ochiq muloqot ham o‘tkazilgan edi.
O‘rganish davomida mahallada mavjud muammolar, fuqarolarni qiynab kelayotgan masalalar va “Tashabbusli byudjet” jarayonlari bilan bog‘liq holatlar atroflicha muhokama qilindi. O‘shanda mahalladagi Begyop, Oltin Zamin, Ali Qushchi, Shirin, Oltin Zamin 1-tor, Saxiylar, Saxiylar 1-2-tor hamda Bolchi ko‘chalarining jami 5 km qismini asfaltlash masalasi ko‘tarilgan edi.

Ma’lumot uchun aytsam, Do‘stlik mahallasida 10 ta ko‘cha bo‘lib, 2 164 nafar fuqaro istiqomat qiladi. Mahalla savdo va xizmat ko‘rsatish sohasiga ixtisoslashgan hudud hisoblanadi.
Tanlangan 2,5 km yo‘l muammoning barchasini birdaniga hal qilmaydi, albatta. Ammo bu mahalladagi yo‘l infratuzilmasini yaxshilash yo‘lidagi muhim amaliy qadam bo‘ladi. Eng muhimi, cheklangan mablag‘ni ehtiyoj yuqori bo‘lgan va boshqa dasturlar bilan yetarlicha qamrab olinmagan hududga yo‘naltirish maqsad qilindi.
<iframe width="1060" height="596" src="https://www.youtube.com/embed/QWfKt4Dyuq4" title="Deputat tanlovi bilan mahalla obod bo‘ladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(video),
O‘zA