Deputat mahallalarda uchrashuvlar o‘tkazmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova Shahrixon tumanidagi mahallalar “yettiligi” hamda ishsiz aholi vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazmoqda.
Deputat – xalq vakili. U odamlarga manfaat keltiradigan qonunlar tayyorlash jarayonida faol ishtirok etish bilan birga, o‘zi saylangan hudud aholisining dardini tinglashi, mehrini qozonishi, ishonchini oqlashi zarur. Ta’kidlash joizki, bugun deputat odamlar orasiga kirmay, ular bilan muloqot qilmay joylardagi muammolarga yechim topolmaydi, qolaversa, saylovchilar ishonchini ham qozona olmaydi.
[gallery-17092]
Shu ma’noda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Odinaxon Otaxonova Shahrixon tumanidagi mahallalarda bo‘lib, aholini qiynayotgan muammolarni o‘rgandi, ularni ijobiy hal etish yuzasidan tegishli mutasaddilarga murojaatlar qildi. Shuningdek, tikuv mashinasi xarid qilish uchun imtiyozli kredit olishda ko‘mak so‘ragan 2 nafar xotin-qizga, sog‘ligini tiklash uchun order olish bo‘yicha yordam so‘ragan 3 nafar fuqaroning kredit va order olishiga amaliy yordam berdi.
O‘tkazilgan uchrashuv va muloqotlarda mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlar, Prezidentimiz, hukumatimiz tomonidan qabul qilinayotgan farmon va qarorlar, eng avvalo, aholining qadr-qimmatini, turmush farovonligini yuksaltirishga, odamlarni qiynayotgan muammolarni bartaraf etishga xizmat qilayotganligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek, deputat aholiga O‘zbekiston Respublikasining “O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalariga hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarini e’tirof etish to‘g‘risida”gi qonuni hamda O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining joriy yil 16-apreldagi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori mazmun-mohiyati xususida ham ma’lumotlar berdi.
Oliy Majlis deputatining tuman mahallalaridagi bu kabi uchrashuvlari davom etmoqda.
F. Ubaydullayev, Z. Umrzoqov (surat), O‘zA muxbirlari