Dehqonobodning sersuv olmalari
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanidagi Chashmaimiron, Boshchorbog‘, Sarchashma kabi qishloqlar tog‘lar bag‘rida, betakror tabiat qo‘ynida joylashgan. Bu manzillarda aholi azaldan dehqonchilik, chorvachilik va bog‘dorchilik bilan shug‘ullanib keladi. Ayniqsa, salqin tog‘ havosi va zilol suvlardan bahramand bo‘lib yetishtiriladigan olmalarning ta’mi o‘zgacha. Shu bois ularga xaridorlar ham talaygina.
Avvallari xizmat safari bilan bu hududlarga kelganimizda, tuman markazidan 50-60 kilometr olisdagi qishloqlarga yetib borishning o‘zi bir mashaqqat edi. O‘ydim-chuqur, abgor tog‘ yo‘llari harakatlanishni qiyinlashtirardi. Bu gal esa manzilga ancha yengil yetib keldik. Qishloqlarga olib boruvchi yo‘llarning asfaltlangani, infratuzilmadagi o‘zgarishlar ko‘zga tashlanadi. Olis hududlarda ham odamlarning kundalik turmushini yengillashtirishga qaratilgan ishlar amalga oshirilayotgani quvonarli.
Nihoyat, fotomuxbir bilan Chashmaimiron qishlog‘iga yetib keldik. Dastlab qishloqqa nom bergan chashma suvidan qonib ichdik. So‘ng mahalla raisi Bahrom Pardayev bilan suhbatlashdik. U hududdagi o‘zgarishlar, aholi turmushidagi yangilanishlar haqida hikoya qilar ekan, mahallaning iqtisodiy tayanchi bo‘lgan sohalarga alohida to‘xtaldi.
– Asosiy drayver yo‘nalishlarimiz chorvachilik, bog‘dorchilik va dehqonchilik. Yerlarimiz asosan lalmi bo‘lgani uchun arpa, bug‘doy, no‘xat kabi ekinlar yetishtiramiz. Bog‘dorchilikda esa olmalarimiz xaridorgir. Nok va o‘rik ham yaxshi hosil beradi, – deydi Bahrom Pardayev. – Keyingi yillarda amalga oshirilgan bunyodkorlik ishlari natijasida mahallamiz infratuzilmasi sezilarli darajada o‘zgardi. Odamlarni uzoq yillardan buyon qiynab kelgan ayrim muammolarga yechim topilmoqda.
[gallery-32116]
Mahalla raisining aytishicha, davlat dasturi asosida qishloq ichidan o‘tuvchi bir kilometr asosiy yo‘l asfaltlangan. Ilgari mahalla idorasi bo‘lmagan bo‘lsa, hozir yangi bino qurilmoqda. Daryodan o‘tishda aholiga xizmat qiladigan ikkita ko‘prik kapital rekonstruksiya qilinmoqda. Elektr ta’minotini yaxshilash maqsadida ikkita transformator va 170 ta yangi elektr ustuni o‘rnatilib, yopiq elektr liniyalari tortilgan. Ushbu ishlar uchun jami qariyb 7 milliard so‘m mablag‘ sarflangan.
Bu yangilanishlar qishloq aholisi uchun nafaqat qulaylik, balki tadbirkorlik va ishlab chiqarish imkoniyatlarini kengaytirishga ham xizmat qiladi. Zero, yetishtirilgan mahsulotni bozorga yetkazish, elektr ta’minotining barqarorligi va yo‘llarning ravonligi qishloq xo‘jaligi samaradorligiga bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Chashmaimironda bog‘dorchilikning naqadar ommalashganini anglash uchun ko‘chalar bo‘ylab biroz yurishning o‘zi kifoya. Qaysi xonadonga nazar tashlamang, ko‘zga ko‘rkam olmazorlar ko‘rinadi. Mahallada 3 ming 18 nafar aholi, 670 ta oila va 518 ta xonadon borligi haqidagi ma’lumotlar ham bu yerda bog‘dorchilik aholi hayotida muhim o‘rin tutishini ko‘rsatadi.
Ana shunday xonadonlardan biri Sayfullo Odinayev oilasiga tegishli. Davlat tashkilotida mehnat qilish bilan birga, u tomorqasida mo‘’jazgina bog‘ barpo etgan. Biz borgan paytda daraxtlardagi olmalarning asosiy qismi terib olingan, yig‘im-terimdan keyingi ishlar qizg‘in davom etayotgan edi.
– 14 sotix yerda bog‘ tashkil qilganmiz. Uning asosiy qismini olma daraxtlari egallaydi. Golden va Kripson navlaridan 60 tup daraxtimiz bor. Har yili ulardan 5-6 tonna hosil olamiz, – deydi Sayfullo akaning o‘g‘li Parviz Jumayev. – Hozir hosilni yig‘ib, saralab, qutilarga joylayapmiz. Xaridorlarning o‘zi kelib, shu yerdan olib ketadi.
Bu yerda mahsulot yetishtirish bilan birga, uni saralash va xaridorga tayyor holda taqdim etishga ham e’tibor qaratilmoqda. Hosilning bevosita xonadonning o‘zida sotilishi esa ortiqcha ovoragarchilik va transport xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.
Mahalla raisi ma’lumotiga ko‘ra, hududdagi xonadonlarda olma yetishtirish ancha rivojlangan. Mahsulotning xaridorgirligi tufayli ulgurji savdogarlar ham qishloqning o‘ziga keladi. Bu esa bog‘bonlarga yetishtirgan hosilini sotishda qo‘shimcha qulaylik yaratadi.
Yana bir bog‘bon Nuriddin Odinayevning tomorqasida ham 50 tupga yaqin olma daraxti bor. Uning fikricha, Chashmaimiron olmalarining o‘ziga xos ta’mi, avvalo, hududning tabiiy sharoiti bilan bog‘liq.
– Olmalarimizning xaridorgirligi chuchuk suv, salqin havo va unumdor tuproq bilan bog‘liq. Tabiatning o‘zi bizga shunday imkoniyat bergan. Lekin yaxshi hosil olish uchun faqat tabiiy sharoitning o‘zi yetarli emas. Daraxtlarni o‘z vaqtida parvarishlash, tagini yumshatish va agrotexnik tadbirlarni vaqtida bajarish kerak. Shundagina hosildorlik yaxshi bo‘ladi, – deydi bog‘bon.
Darhaqiqat, tabiiy imkoniyatlardan samarali foydalanish, yerga mehr va e’tibor bilan munosabatda bo‘lish qishloq xo‘jaligidagi muvaffaqiyatning muhim omilidir. Chashmaimiron bog‘bonlari ham avloddan-avlodga o‘tib kelayotgan tajriba va kundalik mehnat orqali o‘z tomorqalaridan baraka topmoqda.
Tog‘ bag‘ridagi bu qishloqda bog‘dorchilik oddiy mashg‘ulot emas, balki oila farovonligini ta’minlash, daromad manbaini kengaytirish va yer imkoniyatlarini ishga solishning muhim yo‘liga aylangan. Ravon yo‘llar, yaxshilanayotgan infratuzilma va mehnatkash aholi tashabbusi esa bu imkoniyatlarni yanada kengaytirish uchun zamin yaratmoqda.
Chashmaimironning sersuv olmalarida tog‘ning musaffo havosi, zilol suvi va bog‘bonlarning mashaqqatli mehnati mujassam. Ularning qadrini oshirish, mahsulotni saralash va saqlash imkoniyatlarini kengaytirish, bozorlarga chiqishni yanada osonlashtirish esa hudud bog‘dorchiligini yangi bosqichga olib chiqishi mumkin.
O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat),
O‘zA muxbirlari