Sud amaliyotida fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, odil sudlovni amalga oshirishda da’voni ta’minlash instituti ham mavjud.

Bu qanday institut va amalda qanday ta’minlanadi yoki qachon qo‘llaniladi? Bu savolga Oliy sud jamoatchilik bilan aloqalar markazi boshlig‘i Aziz Obidov javob berdi:

– Da’vo – buzilgan haq-huquqni talab qilish yoki uni himoya etish haqida sudga qilinadigan murojaatdir. Da’vogarning talablari javobgar tarafidan ixtiyoriy bajarilmaganda da’vo qilinadi.  

Ba’zan da’vo qanoatlantirilgan qarorni ijro etish juda qiyin yoki imkonsiz bo‘lishi mumkin. Bunday holatning oldini olish maqsadida qonunchilikda da’voni ta’minlash instituti joriy etilgan.

Fuqarolik protsessual kodeksining 105-moddasiga asosan sud da’voni ta’minlash choralarini ishda ishtirok etuvchi shaxslarning arizasi yoki o‘z tashabbusi bo‘yicha ko‘rishi mumkin.  

Agar da’vo davlat foydasiga mulkiy undiruvlar bilan bog‘liq bo‘lsa, sud uni ta’minlash choralarini ko‘rishi shart. Bunga sud protsessining har qanday bosqichida yo‘l qo‘yiladi.

Da’voni ta’minlashning bir nechta usullari mavjud. Fuqarolik protsessual kodeksining 106-moddasiga ko‘ra javobgarga tegishli bo‘lgan va uning o‘zida yoki boshqa shaxsda turgan mol-mulkni yoxud pul mablag‘larini xatlash, javobgar muayyan harakatlarni amalga oshirishini hamda boshqa shaxslarning javobgarga mol-mulk berishini yoki unga nisbatan boshqa majburiyatlarni bajarishini taqiqlash mumkin. Mol-mulkni xatlashdan chiqarish to‘g‘risida da’vo qilingan taqdirda, uni realizatsiya qilishni to‘xtatish, qarzdor ijro hujjati yuzasidan sud tartibida nizolashayotgan bo‘lsa va agar bunga qonun yo‘l qo‘ysa, bu hujjat bo‘yicha undiruvni to‘xtatish ham shular jumlasidandir.

Shuningdek, nizoli mol-mulk buzilishi, holati yomonlashishining oldini olish maqsadida javobgarga muayyan harakatlarni amalga oshirish majburiyatini yuklatish, nizoli mol-mulkni saqlash uchun uchinchi shaxsga (saqlovchiga) topshirish ham mumkin. Sud zarur hollarda da’voni ta’minlash bo‘yicha boshqa choralarni ham ko‘radi.

Yuqoridagi qoidalarga binoan, sudya mulkni ro‘yxatdan chiqarish to‘g‘risidagi arizani qabul qilgach, da’voni ta’minlash maqsadida nizoli mulkka nisbatan ijro harakatlarini to‘xtatish haqida ajrim chiqarishi va uning nusxasini Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘limiga yuborishi lozim.  

Ushbu tartib Oliy sud plenumining «Sudlar tomonidan mulkni ro‘yxat (arest)dan chiqarish haqidagi ishlarni ko‘rishda qonunchilikning qo‘llanishi to‘g‘risida»gi qarori 8-bandida belgilangan.

Bundan tashqari, da’voni ta’minlash choralari arz qilingan talabga mutanosib bo‘lishi kerak. Sud zarur hollarda da’voni ta’minlash chorasining bir nechta turini qo‘llashi mumkin. Lekin, ularning umumiy summasi da’voning bahosidan oshib ketmasligi shart.

Da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ariza sudya tomonidan ariza kelib tushgan kuniyoq javobgar va ishda ishtirok etuvchi boshqa shaxslarni xabardor qilmagan holda hal etiladi.

Fuqarolik protsessual kodeksining 108-moddasiga muvofiq, sud ishda ishtirok etuvchi shaxslarning tushuntirishlarini eshitib, da’voni ta’minlashning bir turini boshqasi bilan almashtirishi mumkin. Bu masala ishda ishtirok etayotgan shaxslar xabardor qilingan holda sud majlisida hal etiladi. Biroq bu shaxslarning kelmagani da’voni ta’minlashni bekor qilish to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish uchun to‘sqinlik qilmaydi.  

Da’vo rad qilinsa, da’voni ta’minlash choralari hal qiluv qarori qonuniy kuchga kirguniga qadar saqlanib qoladi. Ammo, sud da’voni ta’minlash choralarini bekor qilish to‘g‘risida hal qiluv qarori bilan bir vaqtda yoki u qabul qilinganidan so‘ng ajrim chiqarishi mumkin.  

Da’vo qanoatlantirilgan taqdirda, da’voni ta’minlash choralari hal qiluv qarori amalda ijro etilguniga qadar o‘z kuchini saqlab qoladi. Boshqa toifadagi ishlar singari da’voni ta’minlash to‘g‘risidagi ajrim ustidan xususiy shikoyat (protest) berilishi mumkin. Lekin, bu chiqarilgan ajrimning ijrosini to‘xtatib turish uchun asos bo‘lmaydi.

Da’voni ta’minlashning bunday tartibi inson huquq va erkinliklarini ta’minlash barobarida odil sudlov sifatining oshishiga ham xizmat qiladi.

N.Abduraimova, O‘zA

Oʻzbek
Chinese
Turkish
Tajik
Kyrgyz
Turkmen
Japanese
Arabic
English
French
Spanish
Русский
German
Ўзбек
Oʻzbek
Қазақ
Da’voni ta’minlash instituti qachon qo‘llaniladi?