Ko‘ksaroy qarorgohida Prezident Shavkat Mirziyoyev Parijdagi Paralimpiya o‘yinlarida yurtimiz sharafini himoya qilgan sportchilar, ularning ota-onalari va murabbiylari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
–Chindan ham, bu hayotda ko‘p narsani hal qiladigan omil – bu yuksak iroda va matonatdir. Lekin odamning qalbiga mana shunday iroda va matonatni singdirish, uni tarbiyalab, kamolga yetkazish – bu albatta oson ish emas.
Ochiq aytish kerakki, bunday jasorat hammaning ham qo‘lidan kelmaydi. O‘z oldingizga qo‘ygan maqsadga erishish yo‘lida sizlarning boshqalarga qaraganda o‘n marta, balki yuz marta ko‘proq mehnat qilishingizga, mashaqqat chekishingizga to‘g‘ri kelganini ham men yaxshi anglayman.
Mana shunday murakkab damlarda sizlarning yuragingizga umid va ishonch, qat’iyat va jasorat tuyg‘usini bag‘ishlagan, sizlar bilan yonma-yon turib, sizlarni doimo qo‘llab-quvvatlab, zafarli marralar sari ruhlantirgan fidoyi insonlar bor.
Bular – avvalo sizlarning mehribon ota-onalaringiz, yaqinlaringiz, jigarlaringizdir. Sizlar erishgan g‘alabalarda ularning ham albatta munosib hissalari bor, – dedi Prezident.
Davlatimiz rahbari qahramon sportchilarimizning qahramon ota-onalari, oila a’zolarini ham olqishlab, ularga eng ezgu tilaklari va hurmatini bildirdi.
O‘zA