Sportchilarimizning maydondagi xulqi xalqaro e’tirofga sazovor bo‘ldi va davlat rahbari buni yuksak baholadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev ikkinchi bor o‘tkazilayotgan Prezident Olimpiadasining ochilish marosimida ishtirok etmoqda.
Prezidentimiz musobaqa mezboni – Nagoya meri Ichiro Xirosava sportchilarimizning halol kurashi, raqiblarga hurmati, maydon tashqarisidagi odobi va namunaviy xulqini alohida e’tirof qilganini qayd etdi. Bu baho xalqimizga xos fazilatlarning xalqaro maydonda ham namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi.
Davlatimiz rahbari farzandlarining orzusiga ishonib, doimo yonida turgan ota-onalarga minnatdorlik bildirdi.
– Yangi O‘zbekiston dunyoning nufuzli musobaqalari o‘tkaziladigan xalqaro sport markaziga aylanib bormoqda, – dedi mamlakatimiz yetakchisi.
So‘nggi to‘rt yilda yurtimizda jahon va Osiyo miqyosidagi 20 ga yaqin yirik musobaqa tashkil etildi. Kelgusi yil sentabr-oktabr oylarida mamlakatimiz Ozarbayjon bilan birga ilk bor 20 yoshgacha bo‘lgan futbolchilar o‘rtasidagi jahon chempionatiga mezbonlik qiladi.
Prezidentimiz bunday musobaqalarni o‘tkazish katta sharaf va mas’uliyat ekanini ta’kidladi. Ular yosh sportchilarimizga dunyoning eng kuchli raqiblari bilan bellashish va o‘z oldiga yanada yuksak maqsadlar qo‘yish imkonini beradi.
O‘zA