Moliya vazirligida “ACWA Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘iston Respublikasida quriladigan 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasi loyihasi bo‘yicha bitimni imzolash marosimi bo‘lib o‘tdi.
Mahalliy va xorijlik mas’ullar, soha vakillari ishtirok etgan marosimda Moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov, Energetika vaziri o‘rinbosari Sherzod Xo‘jayev, “ACWA Power” kompaniyasining biznesni rivojlantirish bo‘yicha vitse-prezidenti Tom Terlink, Yevropa tiklanish va taraqqiyot bankining departament direktori Aida Sitdikova mamlakatimiz energetika sohasidagi xorijiy hamkorlik davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida loyihalarni amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etayotganini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, 2019 yilda O‘zbekiston hukumati hamda Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki o‘rtasida umumiy quvvati 1000 MVt gacha bo‘lgan shamol energiya quvvatlarini qurish bo‘yicha yirik loyihalarni ishlab chiqishda hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumi imzolangan edi. Qoraqalpog‘iston Respublikasining Qorao‘zak tumanida amalga oshiriladigan ushbu loyiha hamkorlik doirasidagi birinchi bosqich ishlar hisoblanadi.
– O‘zbekiston Respublikasining “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risida”gi qonuni asosida ilk bor Qorao‘zak shamol elektr stansiyasi bo‘yicha tender e’lon qilingan edi. Loyihaga 70 dan ortiq xorijiy kompaniyalar qiziqish bildirdi. Tenderning birinchi bosqichida 12 kompaniya, ikkinchisida esa Saudiya Arabistoni, BAA va Fransiya davlatidan uchta kompaniya ishtirok etdi. Ochiq tender natijalariga ko‘ra, “ACWA Power” kompaniyasi bir kVt/soat elektr energiyasi uchun 2,5695 AQSH senti tarifini taklif qilib, tenderda g‘olib chiqdi. Ushbu loyiha amaliyotga tatbiq etilgach, 110 mingdan ortiq xonadon uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlanadi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 400 million kilovatt soatni tashkil etadi, – dedi Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi direktori v.b. Zokirjon Bozorov.

Aytish joizki, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki konsultantlari ko‘magida Moliya vazirligi huzuridagi Davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish agentligi, Energetika vazirligi, Moliya vazirligi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda boshqa tegishli vazirlik va idoralar tomonidan mazkur loyiha ustida ishlar olib borildi. Qoraqalpog‘iston Respublikasida 100 MVt quvvatga ega shamol elektr stansiyasini qurish loyihasi qayta tiklanuvchi energiya manbalari bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik tamoyili orqali tender asosida amalga oshirilgan birinchi shamol stansiyasi loyihasidir. Joriy yilning 30 sentyabr kuni mazkur loyiha bo‘yicha idoralararo tender komissiyasi tomonidan “ACWA Power” kompaniyasi eng past tarif narxini taklif etib xalqaro tender g‘olibi, deb topilgan edi.
– O‘zbekistonda olib borilayotgan shaffof siyosat biz kabi xalqaro kompaniya vakillari uchun katta imkoniyatlar yaratadi, – dedi “ACWA Power” kompaniyasining Biznesni rivojlantirish bo‘yicha Afrika va MDH davlatlari bilan aloqalar bo‘limi boshlig‘i Toriq Toiba. – Buning uchun O‘zbekiston hukumatiga o‘z minnatdorligimizni bildiramiz. Ushbu loyiha 25 yilga mo‘ljallangan bo‘lib, qurilish jarayonida mingga yaqin va ekspluatatsiya davrida 50 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi. Shuningdek, tabiiy gazni noratsional ishlatish darajasi pasaytiriladi va ekologik jihatdan toza energiya ishlab chiqarishga erishiladi. Atmosferaga zararli bo‘lgan karbonat angidrid gazining chiqishi keskin kamayadi.

Loyiha qiymati 108 million dollarni tashkil etadi. Loyiha doirasida o‘sha hududdagi xonadonlarni uzliksiz elektr energiya bilan ta’minlash, yiliga 400 million kVt/soat elektr energiya ishlab chiqarish, yangi ish o‘rinlari yaratish, ekologik jihatdan toza energiya ishlab chiqarishga erishiladi.
Ma’lumot o‘rnida ta’kidlash joizki, Qorao‘zak tumanidagi shamol elektr stansiyasi “ACWA Power” kompaniyasining O‘zbekistondagi to‘rtinchi loyihasi hisoblanadi. Xususan, kompaniya “O‘zbekiston Respublikasining Sirdaryo viloyatida ikkita bug‘-gaz qurilmasiga ega issiqlik elektr stansiyasini qurish” loyihasini amalga oshirishda hamkor hisoblanadi.

– bugungi tadbirning ahamiyati haqida to‘xtaladigan bo‘lsak, yakunlangan tenderning loyiha shartnomalarini imzoladik. Ya’ni, bu elektr sotib olish va hukumat tomonidan qo‘llab-quvvatlash shartnomalaridir. Mamlakatimizda elektr energiyaga bo‘lgan taqchillikni bartaraf etish bo‘yicha Energetika vazirligi tomonidan 2030 yilgacha rivojlanish rejasi ishlab chiqilgan. Mazkur reja bo‘yicha 5 GVt quyosh, 3 GVt shamol quvvatlari ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi ushbu SHES loyihasi O‘zbekiston hukumatining mamlakat energetika balansini diversifikatsiya qilish va qayta tiklanuvchi energiyadan foydalangan holda quvvatini oshirish borasidagi sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. 2026 yilga borib quyosh va shamol energiyasining umumiy quvvati 8 GVtni tashkil etishi rejalashtirilgan, – dedi Energetika vazirligi Elektr-energetika sohasida islohotlarni amalga oshirish loyiha ofisi direktori o‘rinbosari Bahrom Umarbekov.
Tadbir yakunida “Davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash to‘g‘risida”gi bitim va “Davlat-xususiy sheriklik to‘g‘risidagi bitim muvaffaqiyatli rasmiylashtirilganligi uchun tender g‘olibidan undiriladigan bir martalik to‘lovni amalga oshirish to‘g‘risida”gi shartnoma imzolandi.
Nasiba ZIYODULLAEVA, O‘zA muxbiri