Davlat xizmatchilarining zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish, sohaviy tajribalarini oshirish maqsadida qanday ishlar amalga oshirilmoqda?
Bu savolga Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova javob berdi:
– Malaka oshirish jarayoni davlat fuqarolik xizmatchilarining vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilimlar, malaka va ko‘nikmalarni doimiy yangilab borishi, o‘z kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirib borishi, xizmat faoliyatida yuqori natijadorlikka erishishiga asos bo‘lib xizmat qiladi.
Shundan kelib chiqib, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan tizimli ravishda malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda. Bunda, davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbiy rivojlantirishning turli shakllaridan foydalanilmoqda.
Jumladan, yuqori malakali professor-o‘qituvchilar, amaliyotchi olimlarni jalb qilgan holda o‘rta va qisqa muddatli malaka oshirish kurslari, masofaviy ta’lim portallari orqali onlayn malaka oshirish kurslari tashkil etilayotir.
Agentlik tomonidan 2024 yilning yanvar-avgust oylari davomida turli sohalarga oid an’anaviy va onlayn shaklda jami 120 o‘quv kursi, 31 ekspress-trening tashkil etildi. Ularda jami 63 ming 140 nafar davlat fuqarolik xizmatchisi ishtirok etdi.
31 ta tuman (shahar)ga yangi tayinlangan hokimlar va ularning jamoalari uchun ekspress-treninglar tashkil etilib, ularda 140 nafar tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari va 878 nafar hokimlik mutaxassislari qamrab olindi.
Respublikaning barcha tuman (shahar)laridagi 9,5 ming mahallada faoliyat yuritayotgan jami 54 ming 598 nafar “mahalla yettiligi” uchun tizimni samarali yo‘lga qo‘yish bo‘yicha o‘quv seminarlari tashkil etildi.
Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilari uchun “Davlat xizmatiga kirish”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining etikasi” va “Iqtisodiy bilim asoslari” nomli uchta masofaviy malaka oshirish kurslari ishlab chiqildi. Shu kunga qadar ushbu kurslarni yakunlagan 1 ming 269 nafar davlat fuqarolik xizmatchilari sertifikatga ega bo‘ldi.
Ilg‘or xorijiy tajriba asosida rahbar kadrlarning bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan 17 nafar nomzod Xitoyda, vazirlik va idoralar hamda hududlarning raqamlashtirishga mas’ul 17 nafar boshqaruv kadrlari Koreyada, shuningdek, 9 nafar tuman va shahar hokimlari Germaniyada tashkil etilgan stajirovka dasturlarida ishtirok etdi.
N.Abduraimova,
O‘zA