Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining vazifalarini lozim darajada amalga oshirishi uchun zarur bo‘lgan bilim, malaka va ko‘nikmalari doimiy yangilab borilmoqda.
Shu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlar haqida agentlik axborot xizmati rahbari Sevara Zokirova ma’lumot berdi:
– Xodimlarning o‘z kasbiy kompetensiyasini uzluksiz ravishda oshirib borishi, xizmat faoliyatida yuqori natijadorlikka erishishiga ko‘maklashish maqsadida kasbiy rivojlantirishning turli shakllaridan foydalangan holda tizimli ravishda malaka oshirish kurslari tashkil etilmoqda.
2023 yil davomida Agentlik tomonidan 130 dan ortiq malaka oshirish kursi tashkil etilib, ularga vazirliklar va idoralar, mahalliy hokimliklarda faoliyat ko‘rsatayotgan 17 mingga yaqin davlat xizmatchisi jalb etildi.
Xususan, birinchi marotaba vazirliklar va idoralar, tijorat banklari va xo‘jalik birlashmalarining 272 nafar rahbarlari hamda o‘rinbosarlari uchun Davlat boshqaruvi akademiyasida bir haftalik o‘quv-amaliy seminar o‘tkazildi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisining, viloyatlar va Toshkent shahar, shuningdek, tumanlar (shaharlar) hokimlarining moliya-iqtisodiyot va kambag‘allikni qisqartirish masalalari bo‘yicha birinchi o‘rinbosarlari va investitsiya, sanoat va savdo yo‘nalishi bo‘yicha o‘rinbosarlari uchun maxsus o‘quvlar tashkil etildi. Tuman (shahar) sektor rahbarlari uchun mahallabay ishlash bo‘yicha mas’uliyatini yanada kuchaytirish yuzasidan qisqa muddatli o‘quv-amaliy seminarlar o‘tkazildi.
Yangi tayinlangan 48 nafar tuman (shahar) hokimlarining lavozimga kirishish (adaptatsiya) jarayonini tezlashtirish maqsadida ekspress-treninglar tashkil etildi. Ularda tuman (shahar) hokimi o‘rinbosarlari va hokimlik rahbar kadrlari va mutaxassislari ham ishtirok etdi.
Salohiyatli kadrlar rezerviga kiritilgan ming nafar nomzod uchun mahalliy davlat hokimiyati organlari, vazirlik va idoralarning hududiy boshqarmalarida ikki haftalik stajirovka tashkil etildi. Yakunlari bo‘yicha eng yaxshi natija ko‘rsatgan 247 nafar nomzod viloyat hokimi o‘rinbosari, tuman (shahar) hokimlariga bir oy davomida dublyorlik qildi.
Rivojlangan xorijiy davlatlar tajribasini o‘rganish maqsadida “Rahbar ayollar maktabi” maxsus dasturi bo‘yicha Milliy kadrlar zaxirasiga kiritilgan salohiyatli va istiqbolli rahbar ayollar uchun Fransiyada, tuman (shahar) hokimlari, sektor rahbarlari, o‘rta bo‘g‘in boshqaruv kadrlari hamda davlat organlaridagi inson resurslarini rivojlantirishga mas’ul rahbar kadrlar uchun Turkiyada stajirovka tashkil etildi.
Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining ishdan ajralmagan holda malakasini oshirish maqsadida ilm.argos.uz masofaviy ta’lim portali faoliyat yuritmoqda. Unga 700 ga yaqin videoma’ruza, 240 dan ortiq turli sohalarga oid elektron adabiyot joylandi. Hozirga qadar portalda 63 mingga yaqin davlat xizmatchisi ro‘yxatdan o‘tgan.
Haftaning har juma kuni davlat xizmatchilari uchun “Siyosiy ma’rifat soati” tashkil etilmoqda. 2023 yilning o‘zida mazkur o‘quv soatining 51 soni tashkil etilib, har hafta o‘rtacha 35 mingdan ortiq davlat xizmatchisi qamrab olindi.
Agentlik tomonidan davlat fuqarolik xizmatchilarining ish vaqtidan ajralmagan holda bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish maqsadida “Davlat xizmatiga kirish”, “Davlat fuqarolik xizmatchisining etikasi”, “Iqtisodiy bilim asoslari” nomli masofaviy malaka oshirish kurslari ishlab chiqilmoqda. Joriy yilning ikkinchi choragidan boshlab barcha bo‘g‘indagi davlat fuqarolik xizmatchilarini ushbu masofaviy malaka oshirish kurslarida o‘qitish rejalashtirilgan.
N.Abduraimova, O‘zA