Davlat xizmatchilarining malakasini uzluksiz oshirib borish tizimi yo‘lga qo‘yildi
"O‘zbekiston - 2030" strategiyasi hamda Prezident farmonlarida belgilangan vazifalar doirasida davlat fuqarolik xizmatchilarining kasbiy salohiyatini oshirish, zamonaviy bilim va ko‘nikmalarini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar davom ettirilmoqda.
Joriy yilda Davlat siyosati va boshqaruvi akademiyasi hamda uning hududiy filiallarida 5 ming 646 nafar davlat xizmatchisi turli yo‘nalishlarda malaka oshirdi.
Ular orasida Salohiyatli va Istiqbolli kadrlar zaxirasiga kiritilgan nomzodlar, tuman (shahar) hokimlari va ularning o‘rinbosarlari, vazirlik va idoralarning hududiy bo‘linmalari rahbarlari hamda kadrlar bilan ishlash bo‘linmalari xodimlari mavjud.
Agentlikning edu.bsa.uz masofaviy ta’lim platformasi takomillashtirilib, davlat xizmatchilarining uzluksiz kasbiy rivojlanishida samarali vositaga aylandi.
Bugungi kunga qadar platformada 193 ming 813 nafar foydalanuvchi ro‘yxatdan o‘tgan. 674 mingdan ortiq elektron sertifikat taqdim etilgan. 2026-yil boshidan buyon 9 onlayn kurs orqali 63 ming nafardan ortiq tinglovchi malaka oshirgan.
N.Abduraimova, O‘zA