Davlat organlari va tashkilotlari ichki audit xizmatlarining xodimlari malakasini sertifikatlash va ularni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi “Davlat organlari va tashkilotlari ichki audit xizmatlarining xodimlari malakasini sertifikatlash va ularni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida” qaror qabul qildi.
Unga muvofiq, Davlat organlari va tashkilotlari ichki audit xizmatlarining xodimlari malakasini sertifikatlash va ularni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Nizomda:
davlat organlari va tashkilotlarida ichki audit xizmatlarining xodimlari malakasini sertifikatlash tizimini takomillashtirish;
ichki audit xizmatlari xodimlari malakasini ikki bosqichda baholash tizimini joriy etish;
sertifikatga ega bo‘lgan shaxslarning bilim va malakasini doimiy rivojlantirishga qaratilgan uzluksiz kasbiy rivojlantirish tizimini joriy etish;
malaka imtihoniga an’anaviy va masofaviy tarzdagi tayyorlov kurslarini tashkil etish;
malaka imtihonlarida foydalaniladigan test topshiriqlari yo‘nalishlarini belgilash tartibi belgilab berilgan.
2027-yil 1-iyuldan boshlab professional ichki auditor sertifikatiga ega bo‘lmagan shaxslarning ichki audit xizmatining bo‘lim boshlig‘i va undan yuqori lavozimlarida (ichki audit xizmati bir nafar shtatdan iborat bo‘lganda, ushbu shtatda) faoliyat yuritishiga yo‘l qo‘yilmaydi.
Mazkur Nizom davlat organlari va tashkilotlari ichki audit xizmatlari xodimlarining malakasini sertifikatlash va malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslarni uzluksiz kasbiy rivojlantirish tartibini belgilaydi.
Sertifikat O‘zbekiston auditorlar palatasi tomonidan malaka imtihonini muvaffaqiyatli topshirgan talabgorga beriladi.
Bunda malaka imtihoni O‘zbekiston Respublikasi Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi huzuridagi Bilim va malakalarni baholash agentligi tomonidan o‘tkaziladi.
Amaliyotchi ichki auditor sertifikati shaxsning ichki audit bo‘yicha umumiy bilimi va malakasini tasdiqlaydi hamda unga ichki audit xizmatida bo‘lim boshlig‘i va undan yuqori lavozimlardan tashqari lavozimlarda faoliyat yuritish imkonini beradi.
Mazkur Nizom kuchga kirgunga qadar ichki audit milliy malaka sertifikatiga eta bo‘lgan shaxslarning ushbu sertifikat amal qilish muddati tugagunga qadar amaliyotchi ichki auditor sertifikatni olishi talab etilmaydi.
Bunda ichki audit milliy malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar sertifikatning amal qilish muddati tugashidan bir oy avval Auditorlar palatasi tomonidan shaxsiy kabineti orqali xabardor qilinadi.
Ichki audit milliy malaka sertifikatiga ega bo‘lgan shaxslar mazkur Nizomda belgilangan tartibda uzluksiz kasbiy rivojlantirish talablarini bajarishi majburiy hisoblanadi.
O‘zA