Joriy yilning 8 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti davlat organlari va tashkilotlarida mehnat qilayotgan davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomini belgilovchi va ular faoliyatini yagona qoidalar asosida tartibga soluvchi «Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida»gi qonunni imzoladi.
Qonun davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, davlat xizmatchilarining kasbga oid sifatlari va alohida xizmatlarini ob’ektiv hamda adolatli tanlov asosida xizmat pog‘onalari bo‘yicha o‘sish kafolatlarini o‘rnatish, davlat fuqarolik xizmatiga kirish, o‘tash va tugatish jarayonlarini tartibga solish, davlat fuqarolik xizmatchilarini kasbga layoqatliligini va professionalligini o‘sishida shart-sharoitlar yaratish maqsadida ishlab chiqilgan.
Davlat fuqarolik xizmati deganda davlat xizmatining bir turi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyati tushiniladi.
Ushbu qonun Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.
Qonun 10 ta bob va 64 ta moddadan iborat. Unda, jumladan, Prezident va Vazirlar Mahkamasining davlat xizmati sohasidagi vakolatlari, davlat xizmatchilarining huquqiy maqomi, davlat xizmati tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha choralar (manfaatlar to‘qnashuvi, daromadlar, mol-mulk va yirik xarajatlarning deklaratsiya qilinishi), davlat xizmatchilari guruhlari va toifalari va boshqalar belgilab berildi.
Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ etib, Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan. U o‘z vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil qiladi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun asosiy ko‘rsatkichlar tizimini joriy qiladi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi. Shuningdek, agentlik davlat xizmatchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilishda hamda ularning ishlashi va ijtimoiy himoyasi uchun tegishli shart-sharoitlar yaratishda yordam ko‘rsatadi.
O‘zbekiston fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomiga ega bo‘ladi va davlat fuqarolik xizmatchisining faoliyati tugatilishi munosabati bilan uni yo‘qotadi.
Hozirgi kunda davlat fuqarolik xizmatiga qabul qilishda tanlov asosida, ochiq va shaffof tarzda amalga oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shuningdek, qonunda tanlov asosida ishga qabul va kadrlar rotatsiyasi, qolaversa, tadbirkorlik qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, xorijda hisob raqam ochish va manfaatlar to‘qnashuvini taqiqlash, daromadlar va mol-mulkni majburiy deklaratsiyalash masalalari ham atroflicha tartibga solingan.
Qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasida korrupsiyaning oldini olish chora-tadbirlari ham ko‘zda tutilgan. Ular qatoriga davlat fuqarolik xizmatchisining axloqiy xulq-atvor qoidalariga rioya qilishi, davlat fuqarolik xizmatida manfaatlar to‘qnashuvining oldini olish va hal qilishning tashkiliy-huquqiy asoslarini yaratish, davlat xizmatlari uchun sovg‘alar olish va taqdim etish tartibini belgilash, davlat fuqarolik xizmatchisining ijtimoiy himoyasi, moddiy ta’minoti va uni rag‘batlantirishni ta’minlash kiradi. Agar davlat fuqarolik xizmatchisi korrupsiya faktlari to‘g‘risidagi axborotga ega bo‘lsa, u korrupsiyaning oldini olish uchun zarur choralar ko‘rishi, shu jumladan, yuqori turuvchi davlat organini yoki korrupsiyaga qarshi kurashish bo‘yicha maxsus vakolatli davlat organiga darhol xabar qilishi yoki huquqni muhofaza qiluvchi organga murojaat etishi kerak.
Davlat fuqarolik xizmati tegishli kasbiy bilimlar, ko‘nikmalar va tajribaga ega bo‘lishni talab qiladi. Davlat lavozimlariga da’vogar va lavozimni egallab turgan shaxslar uchun ma’lum malaka talablari va shartlarini belgilashni, shuningdek, davlat xizmatchisining “karera modeli” davomida bunday bilim va ko‘nikmalarni doimiy ravishda takomillashtirishni taqozo qiladi.
Bir so‘z bilan aytganda, davlat fuqarolik xizmatchisi halol, sadoqatli va fidoyi shaxs sifatida jamiyatga xizmat qilishi zarur.
Orzumurod UMAROV,
Tomdi tuman hokimining birinchi o‘rinbosari