Davlat fuqarolik xizmati davlat xizmatining bir turi sifatida fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi kasbiy faoliyati hisoblanadi. Shu yilning 8 avgust kuni qabul qilingan "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonunda davlat fuqarolik xizmati sohasidagi munosabatlar tartibga solingan, davlat fuqarolik xizmatchilarining huquqiy maqomi aniq belgilab berilgan.
Mazkur qonun 9 noyabrdan rasman kuchga kirdi. Qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining huquq va majburiyatlari o‘z ifodasini topgan.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtabar Husanova hujjatning ushbu jihatlari xususida ma’lumot berdi.
— "Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida"gi qonun chuqur muhokamalar asosida, mahalliy va xorijiy ekspertlarni jalb qilgan holda ishlab chiqilib, takomillashtirilgan edi. Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmati lavozimida o‘z faoliyatini amalga oshirayotgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmatchisi hisoblanadi. Qonunning amal qilishi Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestriga kiritilgan lavozimlardagi davlat fuqarolik xizmatchilarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etiladi.

Prezident, Qonunchilik palatasi deputatlari, Senat a’zolari, Qoraqalpog‘iston Jo‘qorg‘i Kengesi hamda boshqa mahalliy davlat hokimiyat organlari deputatlari, yuqori va quyi palatalar devonlari xodimlari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, sudyalar va sud tizimi xodimlari, Markaziy bank boshqaruvi a’zolari, prokuratura, ichki ishlar, mudofaa ishlari, favqulodda vaziyatlar, Milliy gvardiya, Davlat bojxona qo‘mitasi va DXX organlarida xizmat qilayotganlar, shu jumladan, harbiy xizmatchilar, qolaversa, davlat organlarining texnik, ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish xodimlarining faoliyatiga nisbatan tatbiq etilmaydi.
Qonunning 11-moddasida davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari o‘z ifodasini topgan. Unga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatchisi o‘z zimmasiga yuklatilgan majburiyatlarning o‘ziga xos xususiyati va murakkabligiga, bajarilgan ishlarning miqdori hamda sifatiga muvofiq o‘z vaqtida va to‘liq hajmda ish haqi olish, kasbiy kompetensiyalari va alohida xizmatlari uchun rag‘batlantirilish, muntazam ravishda malakasini oshirib borish, mehnat to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda hamda shartlarda mehnat shartnomasiga o‘zgartishlar kiritish va shartnomani bekor qilish, mehnatni muhofaza qilish talablariga muvofiq bo‘lgan ish o‘rniga ega bo‘lish huquqlariga ega.
Shuningdek, ish vaqti davomiyligining chegarasini, ayrim davlat fuqarolik xizmatchilari uchun qisqartirilgan ish vaqtini belgilash, har haftalik dam olish kunlari, ishlanmaydigan bayram kunlari, yillik mehnat ta’tillari berilishi orqali dam olish huquqiga ega.
Davlat pensiya ta’minotini olish, davlat organining qonunga xilof qarorlari va uning mansabdor shaxslarning qonunga xilof harakatlari (harakatsizligi) ustidan shikoyat qilish, davlat organi rahbariyatining noqonuniy topshiriq va talablarini bajarishdan bosh tortish, davlat fuqarolik xizmatidagi korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar faktlari to‘g‘risida xabar bergan taqdirda, davlat himoyasi bilan ta’minlanish kabi huquqlari ham mavjud.
Agar davlat fuqarolik xizmatchisi davlat organi tomonidan qayta tayyorlash va malaka oshirishga yuborilgan taqdirda, shuningdek, qonunchilikda nazarda tutilgan boshqa hollarda uning lavozimi va ish haqi saqlanib qolinadi. Qonunchilikda belgilangan tartibda davlat fuqarolik xizmatini o‘tash vaqtida yetkazilgan moddiy zararning o‘rni qoplab beriladi, ma’naviy ziyoni kompensatsiya qilinadi. Bundan tashqari, davlat fuqarolik xizmatchisi davlat fuqarolik xizmati masalalari yuzasidan maxsus vakolatli davlat organiga murojaat qilish, o‘zining shaxsiy hujjatlari to‘plami bilan tanishish kabi yana bir qator huquqlarga ega hisoblanadi.
Albatta, qonunda davlat fuqarolik xizmatchisining huquqlari bilan birga, majburiyatlari ham belgilab qo‘yilgan. Masalan, davlat fuqarolik xizmatchisi ushbu qonunda belgilangan, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq bo‘lgan cheklovlarga rioya etishi, manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymasligi, beg‘araz va xolis bo‘lishi lozim. Shuningdek, davlat organining nufuzini tushirishga olib kelishi yoki uning o‘z xizmat majburiyatlarini vijdonan bajarishiga shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan harakatlar yoxud harakatsizlikdan tiyilishi kerak.
O‘z xizmat mavqeidan shaxsiy va boshqa g‘ayriqonuniy maqsadlarda foydalanmasligi lozim. Davlat fuqarolik xizmatchisining qonunda belgilangan muddatlarda va tartibda daromadlari va mol-mulki to‘g‘risidagi deklaratsiyani taqdim etish, o‘ziga ishonib topshirilgan davlat mulkidan faqat xizmat maqsadlarida foydalanish kabi majburiyatlari mavjud.
Muhtarama Komilova yozib oldi.
O‘zA