Darsliklar mukammalligi yoʻlida
Mamlakatimizda taʼlim sohasini isloh qilish, bu borada darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish ishlarini sifat jihatidan yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Mamlakatimizda taʼlim sohasini isloh qilish, bu borada darslik va oʻquv-metodik qoʻllanmalar nashr etish ishlarini sifat jihatidan yaxshilashga alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Prezidentimizning 2020-yil 16-martdagi “Noshirlik va matbaa sohasini yana-da rivojlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, darsliklar va oʻquv-metodik majmualarni tayyorlash, nashr etish va tarqatish tizimini takomillashtirish, shu jumladan, ularda xato va kamchiliklarga yoʻl qoʻyilishining oldini olish, davlat buyurtmasiga asosan tayyorlanadigan darsliklar va oʻquv-metodik majmualardan foydalanishga boʻlgan mutlaq huquqlar Xalq taʼlimi vazirligiga oʻtkazildi.
Qaror ijrosini taʼminlash maqsadida Xalq taʼlimi vazirligi huzuridagi Respublika taʼlim markazi tomonidan darslik mualliflari va tegishli nashriyotlar bilan hamkorlikda oʻquvchilarni sifatli darsliklar bilan taʼminlash borasida tegishli ishlar olib borilmoqda.
2020-2021 oʻquv yilida umumtaʼlim maktablarining 1-, 4-, 5-sinflari uchun jami 558 nomdagi 27,9 million darslik va oʻquv-metodik qoʻllanma chop etilishi rejalashtirilgan.
Darsliklarni yaratishda ularning mazmuni bilan birgalikda tashqi koʻrinishi, matnlarning oʻquvchi yoshiga mosligi, oʻqitishning pedagogik va metodik jihatlari mujassamlashgani, taʼlimiy illyustratsiyalar bilan bezatilgani muhim hisoblanadi va eng asosiysi, xatolarsiz hamda zamon talablariga mos tarzda nashrga tayyorlash va chop etish oʻziga xos murakkab jarayonni oʻz ichiga oladi.
Darsliklarni takomillashtirishda jamoatchilik fikri, ayniqsa, ushbu darsliklar bilan ishlayotgan amaliyotchi oʻqituvchilar va ota-onalarning fikrini oʻrganish zamon talabidir.
Shundan kelib chiqib, bugungi murakkab sharoitda darsliklar boʻyicha jamoatchilik fikrini oʻrganish maqsadida Respublika taʼlim markazi tomonidan internet tarmogʻida @darslikka_taklif_bot telegram kanali ishga tushirildi.
Mazkur telegram kanaliga bugungi kunda amalda boʻlgan barcha maktab darsliklari hamda joriy yilda yangidan yaratilayotgan va nashr etilayotgan darsliklarga 3 ta – oʻzbek, ingliz va rus tillarida taklif yuborish imkoniyati mavjud.
Darsliklarni takomillashtirish boʻyicha ishga tushirilgan telegram kanalining maqsad va vazifalarini ochib berish, undan foydalangan holda takliflar yuborish, ushbu jarayonga malakali mutaxassis va oʻqituvchilarni jalb qilish maqsadida Respublika taʼlim markazi tomonidan onlayn videokonferensiya oʻtkazildi.
Onlayn videokonferensiyada Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar xalq taʼlimi tizimida faoliyat koʻrsatayotgan fan metodistlari, darsliklarga masʼul mutaxassislar ishtirok etdi.
Bugungi kunda darsliklar yuzasidan kelib tushayotgan oʻrinli taklif va mulohazalar Markazning fan metodistlari tomonidan oʻrganib chiqilib, nashriyotlar va mualliflar bilan birgalikda darsliklarni nashrga tayyorlash jarayonida inobatga olinmoqda.
Markaz tomonidan yangi oʻquv yili uchun darsliklar va oʻquv-metodik koʻllanmalarni chop etishdan oldin, doimiy ravishda keng jamoatchilik fikrini oʻrganish, ekspertlardan xulosalar olish va tajriba-sinov ishlarini tizimli amalga oshirish rejalashtirilgan.
2020-2021 oʻquv yili uchun nashr etiladigan darsliklarni keng jamoatchilik muhokamasiga qoʻyish boʻyicha qoʻshimcha maʼlumotlar telegram internet tarmogʻida @darslikka_taklif_bot orqali yoritib boriladi.