«…yeb-ichaveringlar, faqat isrof qilmanglar. Zotan U isrof qilguvchi kimsalarni sevmas». Qur’oni Karim “A’rof» surasi, 31-oyat
Toshkent shahriga fayz kiritib limmo-lim oqayotgan Anhor suvlariga boqib, ham zavqlanaman, ham xavotirga tushaman... Bu ajib manzaradan nechun zavqlanishimizni izohlashga hojat yo‘q. Biroq, so‘nggi paytlarda Chorvoq suv omborida qancha suv qoldi ekan, degan o‘y tinchlik bermay qo‘ydi...
Poytaxtimiz va Toshkent viloyatini obi-hayot bilan ta’minlab turgan Chorvoq suv omborida suv zaxirasi keskin kamayib ketayotganiga befarq qarab bo‘lmaydi! Bo‘stonliq tog‘larini 30-40 yillar ilgari hatto yoz oylarida ham odam bo‘yi, tom bo‘yi qor va muz qatlamlari qoplab yotardi. So‘nggi o‘n yilliklar mobaynida yolchitib qor yog‘madi, afsuski, tog‘lar ham deyarli ship-shiydam bo‘lib qoldi...
Xudo ko‘rsatmasin, suv zaxiramiz kamayib qolsa, holimiz ne kechadi?
Ma’lumotlarga ko‘ra, Chorvoq suv ombori – Chirchiq daryosining boshlanish qismida qurilgan (1963-70) gidrotexnika inshooti. Qishloq xo‘jaligini bir me’yorda suv bilan ta’minlash, toshqinlarning oldini olish va gidrotexnika maqsadlarida barpo etilgan. Daryo suvini mavsumiy tartibga soladi.
Suv ombori Chatqol va Ugom tog‘lari orasiga qurilgan. Tosh-tuproqli to‘g‘on uzunligi 768 metr, balandligi 168 metr, yuqori qismining eni 12 metr. To‘g‘onda Chorvoq GESni suv bilan ta’minlash uchun uzunligi 800 metr va diametri 11 metr bo‘lgan 2 ta tunnel bor. Chorvoq suv omborining to‘la sig‘imi 2006 million kub/metr, shundan foydali suv hajmi 1580 million kub/metr, suv yuzasi sathi 40,1 km², eni ayrim joylarda 10 km, uzunligi 19 km, maksimal chuqurligi 131 metr, o‘rtacha chuqurligi 55 metr. Suv omboriga Piskom, Ko‘ksuv, Chotqol daryolari quyiladi.

Suv oqimi ko‘payib, xatarli darajaga yetganda suvni chiqarib yuboradigan shaxtali (1200 m³/sek) va 2 ta pog‘onali (450 m³/sek va 500 m/sek) suv tashlagichlar bilan jihozlangan.
Chorvoq suv ombori Chirchiq-Bo‘zsuv suvenergetika traktinn bir me’yorda suv bilan ta’minlaydi. Uning barpo etilishi bilan suv kam bo‘lgan yillari Toshkent vohasidagi va Qozog‘iston Respublikasi Janubiy Qozog‘iston viloyatidagi 355 ming gektardan ortiq yerni barqaror suv bilan ta’minlash (shundan yangi o‘zlashtirilgan yerlar 150 ming gektar), Chirchiq daryosining yuqori oqimida ro‘y beradigan suv toshqinlariga barham berish imkoniyatlari yaratildi.
2000 yil boshlaridan Chorvoq suv ombori sohillarida xalqaro andozalarga mos bo‘lgan yirik dam olish majmualari barpo etildi.
Yana bir muhim ma’lumot internet tarmog‘ida (https://aniq.uz saytida) atroflicha yoritilgan. Ya’ni, Bo‘zsuv inshooti 1932 yilda ishga tushirilgan. Shunda sutkasiga 3,8 ming m³ quvvatda suv yetkazib bergan. Keyinchalik inshoot quvvati oshirib borilgan. Ayni kunda bu inshoot orqali qo‘shimcha ravishda talabga qarab bir sutkada 10 ming m³ dan 30 ming m³ gacha ichimlik suvi yetkazib berilmoqda.
Poytaxt aholisining asosiy qismini “Qodiriya” bosh suv inshooti ichimlik suvi bilan ta’minlaydi. Ushbu inshoot 1969 yilda sutkasiga 225 ming m³ ichimlik suvi yetkazib berish quvvati bilan ishga tushirilgan.
Qayd etilishicha, “Bo‘zsuv” inshooti bir sutkada o‘rtacha 1 million 700 ming metr kub atrofida suvni tozalab, poytaxtimizning 6 ta tumaniga uzatib bermoqda. Bulardan tashqari Qibray, Qorasuv, Janubiy yerosti suvi inshootlari ham talabga qarab qo‘shimcha ravishda suv yetkazib beradi. Hozirda poytaxt aholisiga mavsumga qarab bir sutkada 1 million 800 ming kubdan 2 million 300 ming kubgacha ichimlik suvi yetkazib berilmoqda. Bundan tashqari Toshkent shahridan chiqqan oqova suvlari (kanalizatsiya) 3 ta inshoot – “Bo‘zsuv”, “Salar” hamda “Bektemir” oqova suv inshootlarida tozalanib, tabiatga qaytarilmoqda. Bu tozalangan oqova suvlaridan esa qishloq xo‘jaligida foydalanilmoqda.
Mavjud ichimlik hamda oqova suv inshootlarining bir nechtasi so‘nggi yillarda xalqaro moliya tashkilotlarining kreditlari hisobidan rekonstruksiya qilindi.
Ayni kunda suv ta’minoti tizimini raqamlashtirishga e’tibor qaratilmoqda. Xususan, suv tarmoqlari gidrodinamikasi, ya’ni, bosimini nazorat qilish avtomatlashtirildi. Buning uchun Koreyaning “K-water” kompaniyasi bilan amalga oshirilgan qator loyihalar doirasida Chilonzor tumani suv taqsimlash bo‘limida suv tarmoqlarini onlayn nazorat qilish dispetcherlik markazi tashkil etildi.
Bu yerda poytaxt bo‘ylab tortilgan tarmoqlardagi suv bosimi doimiy nazorat qilib boriladi. Buning uchun qariyb 700 ga yaqin nuqtadan bosim haqidagi ma’lumotlar markazga onlayn tarzda uzatiladi.
Suv va ko‘rsatilgan oqova suv xizmatlari uchun to‘lovlar hamda u bilan bog‘liq billing ma’lumotlar bazasida iste’molchilar o‘zlariga tegishli bo‘lgan qismini kuzatib borish imkoniyatiga ega bo‘ldilar. Buning uchun https://cabinet.uzsuv.uz/ shaxsiy kabinet platformasi yaratildi.
Ta’kidlanishicha, bugungi kunda ichimlik suvi sifatini yanada yaxshilash, raqamlashtirish bilan bog‘liq loyihalar davom ettirilmoqda. Buning uchun xorijiy kompaniyalar bilan yaqin hamkorlik aloqalari yo‘lga qo‘yilmoqda...
Hayotimizni suvsiz tasavvur qila olmaymiz. Ma’lumotlarga ko‘ra, Yer yuzasining 70 foizidan ko‘proq qismi suv bilan qoplangan bo‘lsa, uning bor-yo‘g‘i 3 foizigina ichimlik (chuchuk) suv hisoblanar ekan. Inson tanasining ham 3/2 qismi, ya’ni 60-70 foizi suvdan iborat. Suv nafaqat insoniyat, balki butun hayvonot va o‘simliklarning ham hayoti va tiriklik manbaidir. Suvni isrof qilish kechirilmas gunoh va o‘nglanmas yo‘qotish hisoblanadi...
Keyingi yillarda butun mamlakatimizda suvni tejash va undan oqilona foydalanish borasida qator loyihalar joriy qilinmoqda. Shu bilan birga, yurtimiz bo‘ylab “Yashil makon” yaratish harakati keng tus olmoqda. Bu aslida qadim qadriyatlarni qaytadan hayotga joriy etishdir, albatta.
Har bir harakatning aksi ham bo‘ladi. Shu jumladan, cho‘lquvarlikning ham. Sobiq sho‘ro davrida Mirzacho‘l va Yozyovon dashtlarini o‘zlashtirish, Katta Farg‘ona kanali va Farhod kanallarini qazib, qaqrab yotgan yerlarga suv chiqarilishi, Tallimarjon, Kampirravot, Chorvoq, Qayroqqum suv omborlari qurilishi Hazrat Navoiyning “Xamsa” asarida tasvirlangan Farhodning jasoratini real voqelikda takrorlashning o‘zi bo‘lib chiqdi. Ikki minginchi yillarning timsoli tabiatdagi dasht yerlarni ekinzor vohalarga aylantirish bo‘lsa, uch minginchi yillarga kelib buning aksi ko‘zga tashlanmoqda.
Har qanday bo‘hron, avvalo, insonlar ongida yuz beradi va buning natijasi tashqi olamda aks eta boshlaydi. O‘tgan asrda xalqimiz mentalitetida bog‘bonlik, mirishkorlik old o‘ringa chiqqan bo‘lsa, uch minginchi yillarga kelib asosan iste’molchilik ruhiyati birinchi o‘ringa chiqa boshladi. Natijasi esa tezda ko‘zga tashlandi – ilgari bu hududlarga yot bo‘lgan qum va chang bo‘ronlari, quyunlar yildan-yilga muntazaam takrorlanadigan tabiat hodisasiga aylanmoqda. Bular nafaqat yurtimizda, balki, butun sayyoramizda o‘z aksini ko‘rsatmoqda. Tabiatni, suv zahiralarini asrash dolzarb muammoga aylandi. Tejab-tomchilatib sug‘orish texnologiyalari ishlab chiqilmoqda.
Toma-toma ko‘l bo‘lur, deganlaridek, har tomchi suvning qadriga yetish, uni aslo isrof qilmaslik fursati yetdi.
Ijtimoiy tarmoqlarda bir ajib videolavha tarqalgan edi. Unda ko‘zi ko‘r va bir qo‘li yo‘q ikki xitoylik adirlarda uch ming tup daraxt ko‘chatlari ekib, kattagina bog‘ yaratishgani tasvirlangan. Videorolik ommalashib ketdi. Ko‘r va nogiron ikki azamatning jasorati butun Xitoyda olib borilayotgan “Yashil makon” harakatidan bir shingil ekan. Bog‘-rog‘lar ko‘paygan joyda suv zahiralari ham paydo bo‘laveradi, toza havo (kislorod) ko‘payadi.
Tahlilchilar fikricha, xitoyliklar har yili hech bo‘lmaganida o‘ntadan turli daraxt nihollari ekishlari va parvarishlashlari shart ekan. Natijasi ham ko‘zga yaqqol tashlanmoqda. Adirlarda ko‘m-ko‘k o‘rmonlar, to‘qaylar paydo bo‘lmoqda. Bunday daraxtu bo‘talarning ildizlari tuproq yemirilishining oldini olmoqda, soyalarida qor yig‘ilishi va sekinlik bilan erigancha yerga singishi, bir yillik va ko‘pyillik maysalarning unishiga zamin yaratmoqda. Shu asnoda havoning kislorodga to‘yinishi, muqim va ko‘chmanchi qushlar, mayda va yirik hayvonlarga vatanlik qilishi diqqatga sazovor.
Xitoy devori ziyoratbop qadamjo sifatida dunyoning yetti mo‘’jizasi qatoridan joy olgan bo‘lsa, Kata Xitoy Yashil devori inson qo‘li bilan yaratilgan tabiat mo‘’jizasiga aylanib bormoqda. Ochig‘i, xitoyliklar, koreys va yaponlarning mehnatkashligiga havas qilsa arziydi. Aslida, qadimda o‘zbeklar ham mehnatsevarligi bilan dong taratgani sir emas. Buyuk ajdodlarimizning ana shu fazilatini izchil davom ettirib, kelgusi avlodlarimizni ham mehnatsevarlikka o‘rgatishimiz ham farz, ham qarzdir.
Suvni tejash va e’zozlash bobida jahon tajribasini o‘rganib borish maqsadga muvofiq. Chunonchi, Saudiya Arabistoni ham qumli sahrolarni “yashil makon”ga aylantirish loyihalarini joriy etmoqda. Sahrolarda qum ko‘chishini to‘sish uchun sun’iy xurmozorlar barpo qilinmoqda. Bu daraxtlar tomchilatib sug‘orish texnologiyasi asosida parvarish qilinar ekan. Qizig‘i shundaki, Saudiya Arabistonida birorta oqar daryo yo‘q. Yer osti suvlariga ham boy emas. Dengizning sho‘r suvini qayta ishlab, chuchuk suv hosil qilishga harakatlar qilinmoqda. Ular tabiiy quyosh va shamol energiyalaridan ko‘proq foydalanish loyihasini amalga oshirmoqda.
Qoraqalpog‘istonda ham keyingi yillarda yangi-yangi saksovulzorlar, bog‘-rog‘lar yaratish harakatlari izchil davom etmoqda. So‘nggi o‘ttiz yil mobaynida ochilib qolgan sho‘rxok zamin yashil libosini kiya boshladi. Sakovullar juda sekin o‘sishiga qaramay, ancha-muncha bo‘y ko‘rsatayotgani umid uyg‘otadi. Orol bo‘yida saksovulzorlar yaratishga yaponiyalik mutaxassislar va volontyorlar qo‘shilayotgani, bu ishlar uchun 150 million dollarlik mablag‘ ajratgani haqidagi xushxabar barchamizga xushnudlik baxsh etishi tayin, albatta. Balki kelgusida Orol dengizini suvga to‘ldirish loyihalari ham ishlab chiqilib, yurtimiz hayotida tub burilishlar davri boshlanar...
Yoshlik paytlarimizda keng paxta maydonlari va yo‘llar chetiga jiyda va imoratbop daraxtlar ko‘p ekilardi. Ular tagida ancha-muncha qorlar to‘planib qolishi bilan dehqonchiligimiz rivojiga, ona-tabiatni asrashga barakali hissa qo‘shilishini ko‘p kuzatganmiz.
Isrof, uvol, tejamkorlik haqida muqaddas kitoblarda, hadislarda o‘qisak, amri-ma’ruflarda tinglasak, jismu jonimiz bilan qo‘shilamiz. Ammo, bunday savobli ishlarga hukumat yoki tegishli idoralar undaganida, tejamkorlikka oid qoidalar joriy qilganida inson haq-huquqlari haqidagi moddalar esimizga tushib qoladi: “Men erkin shaxsman, nimani qancha ishlatishda erkinman, bu huquqimni cheklashga urunmanglar!” qabilidagi iddaolar paydo bo‘ladi.
Ro‘zg‘orda elektr energiya, suvdan foydalanishda aholi jon boshiga belgilangan limitlar oxir-oqibatda tabiiy zahiralarni tejash niyatida joriy qilinadi. Uyimizga yetib kelayotgan gaz, elektr quvvati, suvning olinish joyi tabiatga borib taqaladi. Ularni kimyoviy ishlab chiqarish korxonalarida ishlab chiqarishmaydi. Yotib yeganga esa tog‘ chidamaydi...
Dunyoda shunday davlatlar borki, qoq tog‘-tosh ustida yoki qip-qizil sahrolarda yashaydilar. Ichadigan suvidan to yonilg‘isigacha horijdan olib kelishadi. Ko‘pincha buyam bo‘lmay qolsa, boriga baraka, degancha qanoat qilib kun kechiraveradi. Ular, albatta, bizning yurtimizga qanchalik havas bilan qarashini izohlashga hojat yo‘q...
O‘tgan o‘ttiz yil ichida Orol muammosi yuzaga kelishi ortidan Markaziy Osiyo hududida suv taqchilligi paydo bo‘ldi. Bu holat ayniqsa poytaxtimiz sharqidagi Chotqol tizmalarida yaqqol namoyon bo‘lmoqda. Asriy muzliklari, qorli qalpoqlari ko‘zni yashanatadigan Chotqol tizmalarida iqlim o‘zgarib ketdi. Avvalgidek qor yog‘may qo‘ydi. Tap-taqir tog‘lar bag‘ridan chiqadigan buloqlari ham qurib bormoqda. Shu tariqa Chorvoq suv omborida suv zaxirasi keskin kamayib borayotgani g‘oyat tashvishli holdir.
Shunga qaramay, suv omboridan chiqayotgan bir necha kanallar, xususan, Bo‘zsuvda kech kuz va qish oylarida suvlar limmo-lim qilib oqizilayotganiga befarq qarab bo‘ladimi? “Borida qadrlamay, yo‘qotganda yig‘laymiz”, “Oldingdan oqqan suvning qadri yo‘q” kabi hikmatlar zamirida ulkan ma’no mujassam. Ham ma’naviyat, ham moddiyat olami uchun ahamiyatli bo‘lmish ushbu ogohlantirishlar suv zaxiralarini asrab-avaylashga ham qaratilganini endi-endi anglayapmiz.
Bu bilan ertaga suvni butunlay to‘xtatib qo‘yish kerak, degan fikrdan mutlaqo yiroqmiz. Fikrimiz va taklifimiz, shunday pallada Bo‘zsuvda kun-u tun limmo-lim oqayotgan suvlarni biroz kamaytirib, Chorvoq suv omboridagi obi-hayotimizni tejashga harakat qilsak qanday bo‘larkin?
Bu borada, avvalo, soha mutaxassislari hamda keng jamoatchilikning ham fikrlari o‘rganilib, oqilona qarorga kelinsa, nur ustiga a’lo nur bo‘lur edi.
To‘lqin ESHBEK,
O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi va
Jurnalistlar uyushmasi a’zosi,
Ma’naviyat fidoyisi