Madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam
Madaniy merosni asrash va uni zamonaviy muzey texnologiyalari orqali ommalashtirish global madaniy siyosatning muhim yo‘nalishlaridan biriga aylandi.
O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi va Gonkong saroy muzeyi o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi.
Unda muzeyshunoslik, madaniy merosni muhofaza qilish, restavratsiya, ilmiy tadqiqotlar, qo‘shma ko‘rgazmalar tashkil etish, mutaxassislar tayyorlash hamda tajriba almashish kabi yo‘nalishlarda hamkorlik nazarda tutilgan.
Mazkur kelishuv Markaziy Osiyo va Sharqiy Osiyo o‘rtasidagi madaniy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan navbatdagi amaliy qadam sifatida baholanmoqda.
– Gonkong saroy muzeyi bilan imzolangan memorandum ikki muassasa o‘rtasida uzoq muddatli sheriklik uchun mustahkam huquqiy asos yaratadi hamda qo‘shma ko‘rgazmalar, ilmiy loyihalar va madaniy almashinuv dasturlarini amalga oshirish imkonini kengaytiradi, — dedi tadbirda O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi direktori Firdavs Abduxoliqov.
Gonkong saroy muzeyi direktori doktor Luis Nge esa mamlakatimizda madaniy merosni saqlash va namoyish etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar unda katta taassurot qoldirganini ta’kidladi.
– O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markaziga tashrifimiz biz uchun muhim tajriba bo‘ldi. Mamlakatingizda madaniy merosni muhofaza qilish va uni zamonaviy usullarda taqdim etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar katta qiziqish uyg‘otdi. Bugungi kelishuv hamkorligimizni yangi bosqichga olib chiqishiga ishonaman, — dedi doktor Luis Nge.
Gonkong saroy muzeyi kolleksiyasida Xitoy va jahon sivilizatsiyasi tarixi, qadimiy san’at asarlari, imperatorlik saroyi merosi hamda noyob madaniy boyliklar jamlangan, deyiladi O‘zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi ma’lumotida.
A.RUSTAMOV,
O‘zA