Chingiz Aytmatovning so‘nggi iqrorlari
Haftaning har shanba va yakshanba kunlari O‘zAda jahon adabiyotining buyuk vakili Chingiz Aytmatov va yapon mutafakkir-adibi Ikeda Daysakuning turli mavzulardagi suhbatini e’tiboringizga havola etib boramiz. Suhbat Chingiz Aytmatovning «Buyuk ruh qasidasi» nomli kitobidan tarjima qilingan...
(Davomi. Oldingi qismi 3 iyulda e’lon qilingan)
“Hech qachon ko‘zingni yerga qaratma...”
Ikeda: – Albatta, biz har xil sharoitda, farqli davralarda tarbiya topganmiz, ammo o‘rtamizda umumiyliklar bor – o‘smirlik davrimizga to‘g‘ri kelgan ikkinchi jahon urushining shafqatsiz sinovlaridan keyin zamonning ma’naviy va siyosiy qiymati tubdan qayta baholandi. Agar biz nafaqat jismonan omon qolishga, balki yana nimalargadir erishgan ekanmiz, hech ikkilanmay ayta olamanki, bu olijanob ideallar, hal qiluvchi bosqichda bizga namuna bo‘lgan katta o‘qituvchilar tufaylidir. Mening ruhiy suyanchig‘im buddizm, “hayotdagi ustozim” esa “Soka Gikkay” jamiyatining ikkinchi prezidenti Dzyoseyem Tod edi. Jamiyat bilan o‘zaro sub’ektiv munosabatingiz aniqlanayotgan o‘smirlik davringizda nima sizning ruhiy suyanchig‘ingiz bo‘lgan?
Ch.Aytmatov: – O‘smirlik paytimda jamiyat bilan o‘zaro sub’ektiv munosabat haqida o‘ylamagan bo‘lsam kerak. Biz yashagan totalitarizm va so‘zsiz bo‘ysunish lozim bo‘lgan qonunlar qandaydir mulohazaga o‘rin qoldirmasdi. Aksincha, insonning davlat va hokimiyat amriga to‘liq itoat etishi omma tomonidan normal tuzumday, va hatto inqilob qozonishday qabul qilingan. Ushbu postulat shundan darak berardiki: o‘zgaga almashtirib bo‘lmaydigan odamlar yo‘q. Va bizning muqarrar fojeamiz ana shunda edi. Shaxs faqat o‘rniga qo‘yib xizmat qila olardi, g‘oyaviy maqsadlar yo‘lida nishon bo‘la olardi. Qolgan bari – diniy va ma’naviy an’analar, odob-axloq va hatto qarindoshlik munosabatlari, go‘yoki sinfiy qiziqishlarga javob bermaydigan, – o‘tmish sarqiti, burjuaziya shaxsiyatparastligining ko‘rinishi sifatida rad etilgan. Men bunga ko‘plab misollar keltirishim mumkin. Deylik, dafn etish marosimini azaliy urf-odatlarga muvofiq o‘tkazish, siyosiy g‘o‘rlik sanalgan: buning uchun odamlar siquvga olingan. Ustozlarda, hurmatli Ikeda, sizlardagi kabi talab-istaklar bo‘lishi mumkin emasdi.
Ha, albatta, o‘sha paytda ham butun hayot yo‘lida yuksak or-nomus, oliyjanoblik, mardlik tushunchalarini ustun qo‘ygan chinakam insonlar bo‘lgan. Tan beraman: qanday qilib ular ommaviy hamfikrlik avj olgan, sodiq fuqarolar shovqin-suroni tinmagan g‘ayriinsoniy sharoitida bu xislatlarni boy bermay yashab qolishdi ekan? Axir, shafqatsiz mantiqqa ko‘ra, ular yovvoyi o‘t kabi tag-tomiri bilan sug‘urilib, quritilib, yo‘qotib yuborilgan edi-ku. Ana shunda chaqimchilikka sig‘inish rasm bo‘ldi va sharaflandi. Otasini sotgan o‘g‘il taqlid yozilmalarda qahramon obrazga aylandi. Ko‘chalar, yoshlar otryadlari, o‘quv muassasalariga uning nomi berildi. Ota esa otib tashlandi. Shuning uchunmikan, sovet adabiyotining biz tengi avlodi bu fojiani og‘riq bilan tilga olishadi?
Ikeda: – Sizni yaxshi tushunganga o‘xshayman. Hozir Yaponiyada qayta qurish sharofati bilan dunyo yuzini ko‘rgan ko‘pgina sovet asarlari tarjima qilinayapti. Ulardan biri – Ribakovning “Arbat bolalari” romani. Ta’sirli sahifalari bor: barqaror fe’l-atvorli, o‘tkir haqqoniyat tuyg‘ulari bilan to‘lib-toshgan, aybsiz aybdor bo‘lib surgun qilingan (eslab o‘tganimiz chaqimchilik amaliyoti natijasida) odam, Sasha ismli o‘spirin o‘zi bilan o‘zi musohaba qiladi:
“Axloqiylik nima o‘zi? Leninning aytishicha: nimaiki proletariat manfaatiga xizmat qilsa, o‘sha axloqiydir.
Ammo proletariyat – odamlar, proletar axloqi – odamlar axloqi. Bolalarni qorda tashlab ketish esa beshafqatlik va shuningdek, axloqsizlik. Va birovning hayoti evaziga o‘zinikini qutqarish ham axloqsizlik”.
Sashaning mulohazalari har qanday aqli raso odam uchun tabiiy tuyiladi. Xususan, qahramonning hatto o‘z-o‘zidan anglashilgan mantiqning haqqoniyligiga shubhasi bizga totalitar tuzumning barcha zulmkor va g‘ayriinsoniy g‘oyalarini o‘ziga xos tarzda ishonarli ko‘rsatib beradi.
Pirovardida axloqiy tuyg‘u ahamiyat kasb etadi. B’yorkson aytganidek, falsafa bu – sog‘lom fikrning chuqurlashuvi.
To‘g‘ri, bizning mamlakat, biryoqlama mafkura bo‘roni avj olgan davrni boshdan kechirganda ham, SSSR darajasida bo‘lmagan. Va shunday sharoitda ham sog‘lom fikr aslo yo‘qolmadi. Vijdonli odamlar asta-sekinlik bilan, lekin qattiq turib “insoniy sog‘lom fikrlar” dalasiga ishlov berishda davom etishdi. Odam bolasi hamon odam bo‘lib qolar ekan, ertami-kechmi, har qanday mutaasib mafkurani rad etishga qodir.
Ch.Aytmatov: – Siz haqsiz. Mening eng katta baxtim, bolaligimda totalitar ta’limotni yurakdan qabul qilmagan odamlarni uchratganimda. Ular menga o‘z mardligini tuhfa etishdi, har qanday holatda ham, hamma narsadan o‘z insonlik qadr-qimmatini baland qo‘yguvchi odam bo‘lishni va hamisha shunday bo‘lib qolishni o‘rgatishdi.
Men hech qachon qishloq maktabidagi o‘qituvchimning ta’sirli so‘zlarini unuta olmayman: “Otangning ismini aytayotib, hech qachon ko‘zingni yerga qaratma!” Gap shundaki, otam To‘raqul Aytmatov repressiya qilinib, 1937 yilda qatl etilgan, oilamiz esa chekka ovulda yashirinib yashashga majbur edi.
Shu dars men uchun unutilmasdir. Yana boshqalari ham bisyor. To‘g‘ri, ko‘pchiligi so‘zsiz ifoda etilgan. Oddiy mehnatkash odamning donoligi – uning o‘zi. U nimadandir dars berayotgani haqida, hatto o‘ylab ham ko‘rmaydi.
Sizga o‘sha og‘ir urush yillarida ro‘y bergan voqeani aytib bermoqchiman, sal qolgan men... odam o‘ldirishimga.
O‘sha qish, 1943 yil fevralining boshlarida oilamiz musibatga yo‘liqdi. Men ochlik haqida, qashshoqlik haqida, urush haqida gapirmayapman. Bular hammasi o‘z-o‘zidan tushunarli. E’tiborga olish kerakki, bularning baridan qat’i nazar, biz ta’qibdagi oila edik, stalincha tuzumga ko‘ra qatog‘on qilingan “xalq dushmani”ning bolalari edik. Biz, kasalmand onamizda (balki, umrining oxirigacha unga azob bergan surunkali bo‘g‘inlar shamollashiga, 1937 yilda otam otilganida chekkan qattiq ruhiy iztirobi sabab bo‘lgandir) to‘rtta bola bo‘lganmiz. Men to‘ng‘ichi, o‘n besh yoshda edim.
Ko‘chib o‘tgan ovulimiz hozir Jiyde deb nomlanadi. Biz yarim xaroba paxsa uyga joylashdik. Molxonamiz yo‘q edi, hamon eslayman, boquvchimiz Zuhra laqabli sigirni, – urushdan oldin, hali buzoq paytida qarindoshlar sovg‘a qilishgan, – qish kunlari raisning ruxsati bilan kolxoz hovlisida saqlardik. Bularning hammasini, o‘sha sigir biz uchun chindan ham hayotiy ahamiyatga ega bo‘lganini tushuntirish uchun aytayapman. Va biz, bolalar sigirsiz omon qolishimiz qiyinligini yaxshi anglardik. Kun bo‘yi mol saroyga tashmalanish bilan ovora edik, sigirni yedirib-ichirardik, uning uchun qo‘shnilardan nochorgina sarqitlarni yig‘ardik. Ana shunday qilib biz uni tug‘ishga tayyorladik. Uydagi suhbatlar faqat yangi sog‘ilgan sut, tvorog va qaymoq orzusi haqida edi. Hech esimdan chiqmaydi, men erta turib, shiddatli shamol ostida mol saroyga Zuhradan xabar olish uchun borganimda, nimqorong‘i qish tongi edi. Birinchi bo‘lib bordim, bunday vaqtda hali molboqarlardan birortasi yo‘q edi, va avvaliga sigirimiz nima uchun joyida yo‘qligini fahmlay olmadim. Bo‘lma bo‘sh edi. Uning arqoni eng chekkadan, chiqish yo‘lagidan topildi. Darvoza kechayu kunduz yopilmasdi, chunki yarmi singandi. Avval xabar olgani borsak, Zuhra bizni, egalarini ko‘rishi bilan “mo‘”lab, chaqirganday ovoz chiqarardi. Sigir joyida ko‘rinmagach, bo‘shalib ketib yaqin o‘rtada sandiraqlab yurgandir, deb o‘yladim. Ammo uni na saroy, na hovli – hech qayerdan topa olmadim. Shunda tungi qorovulga tashlandim. U dahliz burchagida uxlayotgan edi. Chol hech nimani bilmasdi yo hech nimani tushunmaganga soldi o‘zini. Mening, sigirimiz qayerga yo‘qoldi, degan savolimga javobi yo‘q edi. Balki, u o‘zining, sigir bo‘shalib, dalaga qochib ketgan bo‘lishi mumkinligi haqidagi taxminini aytgandir. O‘sha daqiqada meni vahima qurshab olgandi. Yugurib, butun atrofni, jarlik bormi, soy bormi, sigirni sug‘orish uchun qayerga olib borgan bo‘lsak, hammasini aylanib chiqdim. Yo‘q, bizning Zuhra hech qayerdan topilmadi.
(Davomi bor)
Rus tilidan OYDINNISO tarjimasi