Chim ustida xokkey: “Prezident olimpiadasi” finalchilari ma’lum
Mamlakatimizda “Yangi O‘zbekiston Olimpiya cho‘qqilari” tizimidagi “Prezident olimpiadasi” musobaqalarining respublika final bosqichlari joylarda uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda.
Xususan, poytaxtimizdagi “Olimpiya shaharchasi”da chim ustida xokkey bo‘yicha qizlar jamoalari o‘rtasida o‘tkazilgan respublika saralash musobaqalari har qachongidan qiziqarli kechdi.

Mamlakatimizning 14 ta hududiy terma jamoalari ishtirok etgan saralash bosqichida jamoalar 4 ta guruhga bo‘lingan holda g‘oliblik uchun kurash olib bordi.
Muvaffaqiyatga erishish yo‘lidagi keskin va murosasiz bahslar natijasiga ko‘ra, har bir guruhdan eng omadli jamoalar final yo‘llanmasiga ega chiqdi.

Oxirgi kungi o‘yinlar natijasida o‘z guruhlarida Toshkent viloyati jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi jamoasini 13:0 hisobida yengib, final chiptasiga ega chiqqan bo‘lsa, Xorazm Andijon jamoasini 8:0 hisobida, farg‘onaliklar Namangan jamoasini 3:0 hisobida hamda Buxoro viloyati jamoasi sirdaryolik xokkeychilarni 2:1 hisobida dog‘da qoldirib, “Prezident olimpiadasi” finalida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi.
T.Ro‘ziyev,
O‘zA