O‘zbekiston zararli chigirtkalar tarqalishi va ko‘payishi uchun iqlim jihatidan qulay hudud hisoblanadi. Mamlakatimizda 200 ga yaqin chigirtka turi mavjud bo‘lib, kimyoviy kurash tadbirlari faqatgina to‘da hosil qiluvchi 6-8 turiga qarshi olib boriladi.
Mart-aprel oylari ushbu hasharotga qarshi tadbirlar kuchaytiriladigan davr va bu jarayonlarga hattoki motodeltaplan ham jalb etiladi.
Masalan, Jizzax viloyatining Forish tumani zararli chigirtkalar keng tarqaladigan hudud hisoblanadi. Bu yerda ularga qarshi kimyoviy vositalar qo‘llanilganda sarf miqdori, samaradorligi va yangicha yondashuvlar hisobga olinadi va bu jihatlar soha mutaxassislari uchun tashkil etilgan seminar davomida tushuntirib boriladi.
- Bizni asosiy vazifamiz chigirtkalarni 1-2 yoshida keng maydonga tarqalib ketmasdan kimyoviy ishlov berib joyida nobud qilishimiz kerak, -deydi O‘simliklar karantini va himoyasi agentligi Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati agronomi Farhod Xudoynazarov. – Kimyoviy ishlov asosan erta tongda soat 6:00dan boshlanadi, 9:00 largacha. Havo harorati 24-25 darajaga ko‘tarilganda bu ishlar to‘xtatiladi. So‘ngra mutaxassislarimiz kuzatuv nazorat ishlarini olib boradi va yana 19:00 gacha bu ishlar davom etadi.
Zararli chigirtkaga qarshi kurash tadbirlarini O‘simliklar karantini va himoyasi agentligining Chigirtka va tut parvonasiga qarshi kurash xizmati olib boradi. Va aynan mazkur xizmat tomonidan motodeltaplanlar ishlatiladi. Uskuna havoga ko‘tarilganda 100 gektargacha maydonga ishlov berishi mumkin. Bundan tashqari maxsus jihozlangan traktorlar yordamida ham kimyoviy vositalarni mayda zarrachalar ko‘rinishida purkaladi. Traktor purkagichlariga hozircha oddiy suv solib seminar ishtirokchilariga ko‘rsatib berildi, keyinchalik ular kimyoviy preparatlar bilan to‘ldiriladi.
Xizmatning moddiy-texnik bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilib, 3-4 yildan buyon mikroneyrli purkagichlar bilan jihozlangan zamonaviy pikaplar ham dalaga olib chiqiladi. Bundan tashqari, ishchilar qo‘llaydigan motorli qo‘l purkagichlar ham bor.
Jizzaxning eng olis hududlari viloyat markazidan120-160 kilometr masofa uzoqlikda bo‘lib, borib kelishning o‘ziga taxminan 8 soat vaqt sarflanadi. Shu sabab ba’zida ishni davom ettirish uchun ishchilar dalada qolishlariga to‘g‘ri keladi.
- Yangiobod tumanimiz qo‘shni Tojikiston Respublikasining So‘g‘d viloyati bilan chegara zonasida joylashgan, - deydi Jizzax viloyati FVB bo‘lim boshlig‘i Bekpo‘lat Mirzaqobilov. – Mana shu chegara zonalarida har yili biz chigirtkaga qarshi kurash ishlarini olib boramiz. Ikki davlatning chigirtakaga qarshi kurash xizmatlari uchrashamiz va kelishib olamiz. Kelishuvga muvofiq ular o‘zlariga tegishli zonalarda ishlov beradilar, biz esa o‘zimiz tarafda.
<iframe width="640" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/YZ6qE6qpvWI" title="Chigirtkalarga qarshi kurash tadbirlari kuchaytirilmoqda" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Bugungi kunda zararli chigirtkaga qarshi kuchaytirilgan kurash Qashqadaryo, Surxondaryo, Jizzax va Samarqand viloyatlarida keng ko‘lamda olib borilmoqda. Respublika bo‘yicha esa kimyoviy kurash tadbirlari 600 ming gektardan ortiq maydonda tashkil etilishi reja qilingan.
Sanjar Toshpo‘latov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA