Chigirtkalarga qarshi kurashish izchil davom etmoqda
Buxoro viloyatida qishloq xo‘jaligi ekinlari, bog‘-rog‘lar va aholi tomorqalarini zararli chigirtkalar hujumidan himoya qilish bo‘yicha keng qamrovli tadbirlar izchil davom etmoqda. Bu ishlar nafaqat bugungi hosilni saqlab qolish, balki kelgusi mavsumlarda oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash nuqtai nazaridan ham muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Ma’lumki, chigirtkalar qisqa vaqt ichida katta maydonlardagi ekinlarga jiddiy zarar yetkazish qudratiga ega bo‘lgan xavfli zararkunandalardan hisoblanadi. Bir necha kun ichida yuzlab gektar maydonlardagi yashil o‘simliklarni yo‘q qilib yuborish imkoniyatiga ega bu hasharotlar qishloq xo‘jaligi uchun katta tahdid sanaladi. Shu bois ularga qarshi kurashish ishlari davlat miqyosida doimiy nazoratga olingan.
Ana shunday muhim vazifalar ijrosi doirasida Favqulodda vaziyatlar vaziri o‘rinbosari, polkovnik N. Qodirov Romitan tumanining Gazli shaharchasida olib borilayotgan kimyoviy ishlov berish ishlari bilan yaqindan tanishdi. O‘rganishlar davomida mutaxassislar tomonidan maxsus texnika va zamonaviy vositalar yordamida zararlanish o‘choqlarida tezkor va samarali ishlov berish ishlari amalga oshirilayotgani qayd etildi.

Ayniqsa, ekin maydonlari, sabzavot va poliz mahsulotlari yetishtirilayotgan hududlar hamda aholi tomorqalarini himoya qilishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa bir tomondan dehqonlarning mehnati samarasini asrashga xizmat qilsa, ikkinchi tomondan bozorlarda mahsulotlar barqarorligini ta’minlashga zamin yaratadi.
Mutaxassislar ta’kidlashicha, chigirtkalarga qarshi kurashda eng muhim omil — ularning tarqalish o‘choqlarini erta aniqlash va o‘z vaqtida chora ko‘rishdir. Shu maqsadda monitoring ishlari kuchaytirilib, xavfli hududlar doimiy nazoratga olinmoqda. Zamonaviy texnika va ilmiy asoslangan usullarning qo‘llanilishi esa amalga oshirilayotgan tadbirlar samaradorligini yanada oshirmoqda.
O‘rganish davomida mas’ullarga kimyoviy ishlov berish jarayonlarida xavfsizlik talablariga qat’iy rioya qilish, aholi salomatligi va atrof-muhit muhofazasini ta’minlash, zararlanish o‘choqlarini muntazam kuzatib borish hamda profilaktik chora-tadbirlarni yanada kuchaytirish yuzasidan tegishli ko‘rsatmalar berildi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri