Chexiya O‘zbekistonning Yevropaga ochilgan muhim darvozasi sanaladi
Tashrifdan so‘ng...
Chexiya dunyo sanoat xaritasida muhim o‘ringa ega davlatlardan biri hisoblanadi. Ularning texnikasi yoki texnologiyasi kirib borgan korxonada sifat va aniqlik birinchi o‘ringa chiqadi. Bugun O‘zbekiston o‘z sanoatini modernizatsiya qilar ekan, bizga aynan mana shunday muhandislik madaniyati rivojlangan sheriklar zarur.
Yangi O‘zbekistonning ochiqlik va faol diplomatiya siyosati tufayli bugun dunyoning eng ilg‘or mamlakatlari bilan aloqalarimiz yangi mazmun kasb etmoqda. Mamlakatlarimiz masofa jihatidan uzoq. Lekin maqsad va intilishlar jihatidan yaqinmiz. Chexiya Respublikasi bilan hamkorligimiz bugun shunchaki oldi-sotdi emas, balki yuqori texnologiyalarga asoslangan ahamiyatli sheriklikka aylanmoqda.
Markaziy Yevropaning iqtisodiy “drayveri” bo‘lgan Chexiya bilan o‘rnatilayotgan aloqalar yurtimiz mahsulotlari uchun Yevropa Ittifoqi bozorlariga chiqishda mustahkam ko‘prik bo‘lib xizmat qiladi.
Ko‘ksaroy qarorgohida 30-aprel kuni bo‘lib o‘tgan rasmiy kutib olish marosimi va oliy darajadagi muzokaralar ushbu ulug‘vor maqsadlarning amaliy ifodasi bo‘ldi. Ikki mamlakat yetakchilarining samimiy muloqoti va imzolangan salmoqli hujjatlar to‘plami O‘zbekiston – Chexiya munosabatlarida sifat jihatidan butunlay yangi davr boshlanganini ko‘rsatdi.
Tashrifning amaliy natijalari va strategik ahamiyati haqida Tashqi ishlar vazirligi Shartnoma-huquq boshqarmasi boshlig‘i Amir SULTONOV bilan suhbatlashdik.
– Muzokaralardan so‘ng imzolangan hujjatlar mamlakatlarimiz munosabatlarining ertangi kuniga qanday ta’sir ko‘rsatadi?
– Bilasizmi, bu hujjatlar ikki davlat o‘rtasidagi o‘zaro ishonchning yuqori nuqtasini ifoda etadi. Bu munosabatlarimizni “shunchaki hamkorlik” bosqichidan yangi darajaga olib chiqish uchun siyosiy kafolat bo‘ladi. Bu yerda asosiy urg‘u barqarorlik va prognoz qilish mumkin bo‘lgan sheriklikka qaratilgan.
Masalan, standartlashtirish va metrologiya sohasidagi kelishuvni olsak. Buni bizning milliy mahsulotlarimiz uchun Yevropa bozoriga beriladigan “texnologik pasport” deb atash mumkin. Biz faqat xorijdan tovar olib kirish emas, balki mahalliy brendlarimizni Yevropa Ittifoqining qat’iy talablariga moslashtirish orqali eksport geografiyasini kengaytirishni maqsad qilganmiz. Bu iqtisodiy suverenitetimizni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadamdir.
– Tashrif doirasida “Skoda” kompaniyasi bilan erishilgan kelishuv va tog‘-kon sohasidagi hujjatlar alohida tilga olindi.
– Bu yerda gap faqat elektropoyezd sotib olish haqida ketmayapti. Bunda iste’molchilikdan sheriklikka o‘tishga ham ahamiyat beriladi. Vaqt o‘tishi bilan yuqori texnologiyali ehtiyot qismlar o‘zimizda tayyorlanishi, yangi muhandislar avlodi shakllanishi kabi jihatlar ham ahamiyatli.
Tog‘-kon sanoatidagi hamkorlik esa O‘zbekistonning xom ashyo bazasini Chexiyaning innovatsion texnologiyalari bilan birlashtirish imkonini beradi. Bizga faqat texnika emas, balki yer osti boyliklarini atrof-muhitga zarar yetkazmasdan, “yashil” texnologiyalar asosida qazib olish va chuqur qayta ishlash madaniyati kerak. Bu mamlakatning sanoat salohiyatini transformatsiya qilish, xom ashyo eksport qiluvchi davlatdan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega mahsulot ishlab chiqaruvchi iqtisodiyotga aylanish siyosatimiz uchun muhim. Xullas, har bir hujjat iqtisodiy mustaqillik va xalqimiz uchun sifatli hayot darajasini ta’minlashga qaratilgan.
Xulosa o‘rnida aytish mumkinki, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi masofani diplomatik izchillik va o‘zaro manfaatli loyihalar yanada yaqinlashtirdi. Imzolangan hujjatlar yaqin sanoatimizdagi innovatsiya va iqtisodiyotimizdagi barqaror o‘sish sur’atlarida o‘z ifodasini topaveradi.
O‘zA muxbiri Ikrom AVVALBOEV suhbatlashdi.