Chet tillarni o‘rganish takomillashmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi 249-umumta’lim maktabida chet tillarining o‘qitilishi masalalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
O‘zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan poytaxtimizdagi 249-umumta’lim maktabida chet tillarining o‘qitilishi masalalariga bag‘ishlangan anjuman o‘tkazildi.
Mamlakatimizda navqiron avlodga puxta bilim berish jarayonida ularga chet tillarni mukammal o‘rgatish masalasiga ham ustuvor ahamiyat qaratilmoqda. Davlatimiz rahbarining 2012-yil 10-dekabrdagi «Chet tillarni o‘rganish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori bu yo‘nalishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Uzluksiz ta’lim tizimi uchun xalqaro talablarga tayangan holda chet tillaridan yangi davlat ta’lim standartlari va boshlang‘ich sinflarda haftasiga ikki soat chet tilini o‘qitishni nazarda tutgan yangi o‘quv rejasi ishlab chiqildi. 2013-2014 o‘quv yilidan boshlab barcha umumta’lim maktablarining 1-sinflarida chet tili fanini o‘qitish yo‘lga qo‘yildi.
Joriy o‘quv yilida maktablarda 27 ming 342 nafar chet tili o‘qituvchisi faoliyat ko‘rsatmoqda. Qishloq joylardagi ta’lim maskanlari pedagoglarining oylik tarif stavkalariga 30, boshqa ta’lim maskanlaridagi chet tili o‘qituvchilariga 15 foiz miqdorida qo‘shimcha haq to‘lanmoqda.
O‘tgan davrda chet tillari kabinetlarini zamonaviy axborot-kommunikatsiya, o‘qitishning texnik vositalari va anjomlari bilan jihozlashni jadallashtirish dasturi doirasida 6550 boshlang‘ich sinf jihozlandi. 2015-yilda 5286 boshlang‘ich sinfxonasini jihozlash ko‘zda tutilmoqda. O‘tgan o‘quv yilida 17 ming 222 sinf o‘quv adabiyotlari, lug‘at va DVD magnitolalar bilan jihozlandi.
2015-yildan boshlab amaldagi malaka oshirish tizimiga qo‘shimcha ravishda haftada bir martalik uzluksiz malaka oshirish kurslari yo‘lga qo‘yildi. Doimiy ishlaydigan mazkur kurslarga bir yilda 20 ming nafar o‘qituvchi qamrab olinadi.
Chet tillari bo‘yicha tayanch maktablarda oliy ta’lim maskanlari, malaka oshirish institutlarining tajribali mutaxassislari, trener o‘qituvchilar ishtirokida «Mahorat maktablari» faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Shu bilan birga, umumta’lim maktablari va «Barkamol avlod» bolalar markazlarida 2, 3, 4-sinflar uchun chet tillari bo‘yicha to‘garak mashg‘ulotlari olib borilmoqda.
Anjuman doirasida ishtirokchilar o‘qituvchilarning malaka oshirishi, chet tillarni 1-2-sinflarda o‘qitilishi bilan birga 3-sinf uchun yaratilgan yangi darslikning tajriba-sinovdan o‘tkazilish jarayoni, ingliz tili bo‘yicha fan to‘garaklari faoliyati bilan yaqindan tanishdi.