Chet tili — imkoniyatlar kaliti: abituriyentlar uchun yangi imtiyozlar joriy etildi
Bugungi globallashuv sharoitida chet tillarini bilish yoshlar uchun keng imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ta’lim olish, kasbiy rivojlanish va xalqaro maydonda raqobatbardosh bo‘lishda chet tili muhim o‘rin tutadi.
Shu bois mamlakatimizda ta’lim tizimida chet tillarini o‘rganishni rag‘batlantirishga qaratilgan yangi imtiyozlar joriy etilmoqda.
Qonunchilikka ayrim o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Unga ko‘ra, fanlar majmuasida chet tili 1-fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish xorijiy tilni bilish bo‘yicha kamida B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikat asosida amalga oshiriladi.
Shuningdek, fanlar majmuasida chet tili fani mavjud bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlariga qabul jarayonida ayrim tartib belgilandi.
Xususan, B1 darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga ushbu fandan belgilangan maksimal ballning 75 foizi miqdorida ball beriladi. Bundan tashqari B2 va undan yuqori darajadagi milliy yoki xalqaro tan olingan sertifikatga ega abituriyentlarga esa ushbu fandan belgilangan maksimal ball to‘liq hisoblanadi.
Qayd etish joizki, ilgari fanlar majmuasida chet tili birinchi fan sifatida belgilangan ta’lim yo‘nalishlariga qabul qilish uchun kamida B2 darajadagi sertifikat talab etilar edi. Yangi tartib esa B1 darajadagi abituriyentlarga ham qo‘shimcha imkoniyat yaratib, yoshlarni chet tillarini o‘rganishga yanada keng jalb etishga xizmat qiladi.
Muhayyo Toshqorayeva, O‘zA