Chek iste’molchining huquqlarini ishonchli himoya qiladi
Bugun tadbirkorlik muhitining jozibadorligi faqat ishlab chiqarish yoki xizmat ko‘rsatish hajmi bilan emas, balki faoliyatning qanchalik qonuniy, shaffof va halol yuritilayotgani bilan ham baholanadi. Soliq intizomiga rioya etish, hisob-kitoblarni ochiq yuritish va iste’molchilar huquqini ta’minlash iqtisodiyot barqarorligi, sog‘lom raqobat muhitini shakllantirish hamda tadbirkorlik obro‘sini mustahkamlashning muhim shartidir.
Shu bois mamlakatimizda yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirish, xizmat ko‘rsatish sohasida qonunchilik talablariga og‘ishmay amal qilish hamda hisob-kitoblarni raqamli tizimlar asosida yuritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Soliq qo‘mitasi tomonidan onlayn nazorat-kassa mashinalarini keng joriy etish, to‘lovlarning shaffofligini ta’minlash va soliq ma’muriyatchiligini takomillashtirishga qaratilgan chora-tadbirlar ana shu maqsadga xizmat qilmoqda.
Jizzax vohasida bugungi kunda 769 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasi aholiga xizmat ko‘rsatmoqda. Mazkur yo‘nalishda soliq qonunchiligiga so‘zsiz rioya etilishini ta’minlash, tadbirkorlarga amaliy va uslubiy ko‘mak berish, huquqbuzarliklarning oldini olish maqsadida viloyat soliq boshqarmasi tomonidan profilaktik tadbirlar muntazam tashkil etilmoqda.

Shunday tadbirlardan biri yaqinda Sharof Rashidov tumani hududidan o‘tuvchi M–39 xalqaro avtomagistrali bo‘yida joylashgan 42 ta umumiy ovqatlanish shoxobchasida o‘tkazildi. Uchrashuvlar davomida tadbirkorlarga onlayn nazorat-kassa mashinalaridan to‘g‘ri foydalanish, savdo tushumlarini to‘liq hisobga olish, har bir xaridorga chek taqdim etish, shuningdek, xodimlarni rasmiy mehnat shartnomasi asosida ishga qabul qilishning huquqiy va iqtisodiy ahamiyati atroflicha tushuntirildi.
Biroq olib borilayotgan tushuntirish va profilaktika ishlariga qaramasdan, ayrim tadbirkorlar tomonidan qonun talablariga yetarli darajada amal qilinmayotgani ham kuzatilmoqda. Xususan, iyul oyining dastlabki sakkiz kuni davomida xaridorlarga chek bermasdan faoliyat yuritgan 17 ta umumiy ovqatlanish korxonasida sayyor soliq tekshiruvlari o‘tkazildi.
Bu raqamlar bir qarashda oddiy statistikadek tuyulishi mumkin. Ammo har bir berilmagan chek ortida davlat byudjetiga tushmay qolgan mablag‘, iste’molchining huquqi yetarlicha himoyalanmagani va eng muhimi, sog‘lom raqobat muhitiga putur yetkazuvchi omil mujassam. Halol ishlayotgan tadbirkor bilan qonun talablarini chetlab o‘tishga uringan sub’ekt o‘rtasida teng raqobat bo‘lishi mumkin emas.
Mutaxassislar ta’kidlaganidek, xaridorga chek berish shunchaki texnik jarayon yoki oddiy rasmiyatchilik emas. U sotuv va xizmat ko‘rsatish jarayonining qonuniyligini tasdiqlaydi, iste’molchining huquqlarini ishonchli himoya qiladi hamda tadbirkor faoliyatining shaffofligini namoyon etadi. Shu ma’noda chek berish qonun talabiga rioya qilish bilan birga ishbilarmonlik madaniyati, halol mehnat, mas’uliyat va mijozga hurmatning amaliy ifodasidir.
Bugun mamlakatimizda xizmatlar sohasi iqtisodiyotning eng jadal rivojlanayotgan tarmoqlaridan biri hisoblanadi. Jumladan, Jizzax viloyatida ham yashash va ovqatlanish xizmatlarining bozor xizmatlari tarkibidagi ulushi tobora ortib bormoqda. Bu esa sohada soliq intizomiga qat’iy amal qilish, hisob-kitoblarning ochiqligini ta’minlash va mehnat munosabatlarini qonuniy asosda yo‘lga qo‘yish mas’uliyatini yanada oshiradi.
Halol mehnat baraka keltiradi, shaffof faoliyat esa ishonchni mustahkamlaydi. Yashirin iqtisodiyotdan yiroq bo‘lish, soliq majburiyatlarini vijdonan bajarish, mehnat munosabatlarini qonuniylashtirish va hisob-kitoblarni ochiq yuritish har bir tadbirkorning nafaqat qonun oldidagi burchi, balki uning ishbilarmonlik nufuzi, biznesining barqarorligi va istiqbolli taraqqiyotini ta’minlaydigan eng muhim omillardan biri hisoblanadi.
Abdujalol Qayumov, O‘zA muxbiri