Chegara postidagi qonunbuzarlik fosh etildi
Tashqi iqtisodiy faoliyatda tovarlarning aniq va to‘g‘ri klassifikatsiya qilinishi muhim ahamiyatga ega. Xususan, Tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi (TIF TN) kodlari orqali import qilinayotgan mahsulotlarning bojxona qiymati belgilanadi va tegishli to‘lovlar hisoblanadi.
Ammo, ayrim hollarda tadbirkorlar yoki yuk tashuvchilar tomonidan tovarlarning TIF TN kodlarini ataylab noto‘g‘ri ko‘rsatish orqali bojxona to‘lovlaridan qochishga urinishlar kuzatilmoqda. Bunday qonunbuzarliklar iqtisodiy xavfsizlikka jiddiy tahdid soladi va ularga qarshi qat’iy choralar ko‘rilmoqda.

Ana shunday holatlardan biri Buxoro viloyati bojxona boshqarmasining “Olot” chegara bojxona postida aniqlandi. Mazkur post orqali olib kirilayotgan yuklar hujjatlari va ularga biriktirilgan TIF TN kodlari o‘rtasida nomuvofiqlik bo‘lishi mumkinligi bojxonachilarda shubha uyg‘otdi. Shu asosda yuklar batafsil bojxona ko‘rigidan o‘tkazildi.

Ko‘rik natijalari shubhalar asossiz emasligini ko‘rsatdi. Ya’ni, bojxona yuk deklaratsiyasida chiqindidan qayta ishlangan polietilen sifatida rasmiylashtirilgan mahsulotlar aslida birlamchi turdagi polietilen ekani ma’lum bo‘ldi.

Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu harakat orqali qariyb 30 million so‘m miqdorida bojxona to‘lovlaridan qochishga urinilgan. Shuningdek, qiymati 305 million so‘mlik tovarlar vaqtincha saqlovga olindi va holat yuzasidan tegishli tartibda tekshiruv ishlari boshlandi.
Hozirda mazkur holat bo‘yicha bojxona organlari tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Tashqi iqtisodiy faoliyatda shaffoflik va qonunga rioya qilish barqaror iqtisodiy taraqqiyotning muhim omillaridan biridir. TIF TN kodlarini to‘g‘ri ko‘rsatish nafaqat qonun talabi, balki halol raqobat va davlat manfaatlarini himoya qilishning ham asosiy shartlaridan hisoblanadi. Shu bois, bunday qonunbuzarliklarning oldini olish va ularga qarshi kurashish bojxona organlarining ustuvor vazifalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri