«Besh tashabbus olimpiadasi» qizg‘in bahslarga boy tarzda o‘tdi
Toshkent davlat tibbiyot universitetida yoshlarni jismoniy tarbiya va sportga keng jalb etish, ularning bo‘sh vaqtini mazmunli tashkil etish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish maqsadida «Besh tashabbus olimpiadasi» musobaqalari o‘tkazildi.
Universitetning «Shifokor» sport majmuasida tashkil etilgan mazkur keng ko‘lamli sport bayramida Tibbiy pedagogika, stomatologiya va pediatriya hamda Tibbiy profilaktika va jamoat salomatligi fakultetlarining 800 nafarga yaqin faol va sportsevar talabalari ishtirok etdi.

Musobaqaning ochilish marosimida talaba-yoshlar hayotida sportning o‘rni beqiyos ekanligi, bunday tadbirlar ularning jismoniy va ruhiy barkamolligini ta’minlashda muhim poydevor bo‘lib xizmat qilishi ta’kidlandi.
Olimpiada davomida talabalar voleybol, mini-futbol, stritbol, stol tennisi va yengil atletika kabi sport turlari bo‘yicha o‘zaro kuch sinashdi. Xususan, stol tennisi bo‘yicha o‘tkazilgan guruh bosqichi bahslari o‘ta qizg‘in va murosasiz ruhda o‘tdi. Unda qizlar va o‘g‘il bolalar o‘zlarining chaqqonligi, tezkor fikrlash qobiliyati hamda yuqori sport mahoratini namoyish etdi. Musobaqa yakuniga ko‘ra, faol va g‘olib chiqqan ishtirokchilar tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi.

Mazkur sport musobaqalari talabalarning nafaqat jismoniy tayyorgarligini oshirish, balki ularda jamoaviy hamjihatlik, sabr-toqat, iroda va g‘alabaga intilish kabi fazilatlarni mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Universitetda bu kabi tadbirlarning tizimli ravishda o‘tkazilishi yoshlarning bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish bilan birga, ularni sog‘lom va raqobatbardosh kadrlar qilib tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etadi.
Mohigul Qosimova, O‘zA