“Besh tashabbus olimpiadasi” g‘oliblari aniqlandi
Stol ustidagi har bir zarba — aniqlik, tezkorlik va yuksak diqqat talab qiladi. Sirdaryoda esa bu sport turida o‘z mahoratini namoyish etgan eng kuchli mahalla yoshlari aniqlandi. “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasida stol tennisi bo‘yicha viloyat bosqichi musobaqasi qizg‘in va murosasiz bahslarga boy bo‘ldi.
Shirin shahar sport maktabining Stol tennisi markazida o‘tkazilgan bellashuvda viloyatning 11 ta tuman va shahridagi tuman (shahar) bosqichlarida g‘olib bo‘lgan mahalla yoshlari ishtirok etishdi. Ular 16–21, 22–26 va 27–30 yosh toifalarida o‘g‘il-qizlar o‘rtasida chempionlik uchun kuch sinashdi.
Bellashuvlarda sportchilarning har bir harakati, har bir zarbasi hal qiluvchi ahamiyat kasb etdi. Tezkorlik, aniqlik va raqib harakatini oldindan anglay bilish g‘oliblik sari yo‘lda muhim omilga aylandi.
[gallery-31017]
Qizg‘in kechgan bahslar yakuniga ko‘ra, 16–21 yoshli o‘g‘il bolalar o‘rtasida Sardoba tumanidan To‘raboyev, qizlar bahsida esa Mirzaobod tumanidan Shahzoda Xo‘jaboyeva birinchi o‘rinni egalladi.
22–26 yosh toifasida o‘g‘il bolalar o‘rtasida Shirin shahri vakili Shahriyor Po‘latov, qizlar o‘rtasida Boyovut tumanidan Mushtariy Dovurova g‘olib bo‘ldi.
27–30 yoshli ishtirokchilar o‘rtasidagi bellashuvlarda esa Oqoltin tumanidan Shahzod Bozorov o‘g‘il bolalar orasida, Mirzaobod tumanidan Dinora Sirojiddinova qizlar o‘rtasida chempionlikni qo‘lga kiritdi.
Bir qarashda oddiy ko‘rinadigan stol tennisi aslida sportchidan katta jismoniy va ruhiy tayyorgarlikni talab etadi. Tez qaror qabul qilish, raqib harakatini ilg‘ash, zarbani aniq yo‘naltirish va bahsning so‘nggi soniyasigacha irodani boy bermaslik g‘alabaning muhim shartlaridir.
Shu ma’noda, “Besh tashabbus olimpiadasi” doirasidagi mazkur musobaqa nafaqat g‘oliblarni aniqladi, balki mahallalarda sport bilan shug‘ullanayotgan yoshlarning salohiyatini namoyon etish uchun ham o‘ziga xos maydon bo‘ldi.
Musobaqa yakuniga ko‘ra, birinchi, ikkinchi va uchinchi o‘rinlarni egallagan jami 18 nafar g‘olib va sovrindor tashkilotchilar tomonidan munosib taqdirlandi. Endi viloyat birinchiligida o‘z mahoratini namoyon etgan sportchilarni oldinda yanada mas’uliyatli va yuqori darajadagi musobaqalar kutmoqda. Muhimi, ular oldida katta musobaqalarda Sirdaryo sharafini munosib himoya qilishdek sharafli vazifa turibdi.
G‘ulom Primov,
Umid Obidjonov (surat) O‘zA