Buxoroda Fransiya madaniyat kunlari o‘tkaziladi
Buxoro azaldan Sharq va G‘arb sivilizatsiyalari tutashgan, turli xalqlar madaniyati va an’analari uyg‘unlashgan bebaho ma’naviy maskan sifatida dunyo ahlini o‘ziga rom etib keladi. Bugungi kunda ham qadimiy shahar xalqaro madaniy hamkorlikni kengaytirish, turizm salohiyatini yuksaltirish va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik ko‘priklarini mustahkamlash yo‘lida yangi tashabbuslarga mezbonlik qilmoqda.
Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vazirligi tashabbusi bilan Fransiya elchixonasi vakillari ishtirokida Buxoro viloyati hokimining turizm, madaniyat, madaniy meros va ommaviy kommunikatsiyalar masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Botirjon Shaxriyorov rahbarligida muhim uchrashuv tashkil etildi.
Mazkur muloqotda viloyat hokimligi, Buxoro viloyati madaniyat boshqarmasi, turizm boshqarmasi hamda madaniy meros sohasi mutaxassislari ishtirok etib, ikki mamlakat o‘rtasidagi madaniy hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish masalalari yuzasidan fikr almashdi.
Uchrashuvning asosiy mavzusi joriy yilning oktabr oyida Buxoro shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Fransiya madaniyat kunlari tadbiriga bag‘ishlandi. Muhokamalar chog‘ida ushbu nufuzli madaniy loyihani yuqori saviyada tashkil etish bo‘yicha bir qator taklif va tashabbuslar ilgari surildi.
Qayd etilganidek, madaniyat kunlari doirasida keng qamrovli konsert-tomosha dasturlari, zamonaviy texnologiyalar asosida tayyorlanadigan 3D Mapping Show, xalqaro konferensiyalar, ijodiy uchrashuvlar, madaniy taqdimotlar hamda turli sahnaviy chiqishlarni tashkil etish rejalashtirilmoqda. Ayniqsa, Buxoroning tarixiy obidalari bag‘rida o‘tkaziladigan zamonaviy yorug‘lik va multimedia namoyishlari mehmonlarda unutilmas taassurot qoldirishi kutilmoqda.
Tadbir nafaqat ikki mamlakat san’atkorlari va ijodkorlarini bir maydonda jamlaydi, balki Fransiya va O‘zbekiston xalqlarining boy madaniy merosi, milliy qadriyatlari va zamonaviy san’at yutuqlarini keng jamoatchilikka namoyon etish uchun ham muhim platforma vazifasini o‘taydi.
Uchrashuv ishtirokchilari mazkur tashabbus O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, o‘zaro ishonch va hamkorlikni kengaytirishga xizmat qilishini ta’kidladi.
Shuningdek, ushbu loyiha Buxoroning xalqaro madaniy markaz sifatidagi nufuzini yanada oshirib, shaharning jahon turistik xaritasidagi o‘rnini mustahkamlashga munosib hissa qo‘shishi qayd etildi.
Bugun dunyo sayyohlari nafaqat tarixiy obidalarni ko‘rish, balki madaniy festivallar va xalqaro tadbirlarda ishtirok etish uchun ham sayohat qilishmoqda. Shu nuqtai nazardan, Fransiya madaniyat kunlari Buxoroga xorijiy mehmonlar oqimini yanada ko‘paytirish, mahalliy turizm industriyasini rivojlantirish va yangi investitsion hamkorliklarga zamin yaratishi bilan ahamiyatlidir.
Fransiya madaniyat kunlarining Buxoroda o‘tkazilishi nafaqat ikki davlat o‘rtasidagi do‘stona munosabatlarning yana bir yorqin ifodasi, balki qadimiy Buxoroning xalqaro madaniy muloqotlar markaziga aylanib borayotganining ham amaliy tasdig‘idir. Tarix va zamonaviylik uyg‘unlashadigan ushbu nufuzli tadbir Buxoroning madaniy hayotida muhim voqea sifatida qolishi, shahar mehmonlari va aholiga unutilmas taassurotlar ulashishi shubhasiz.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri