Buxoroda musiqiy kecha
Buxoro shahrida o‘tkazilayotgan Fransiya madaniyati kunlari doirasida tarixiy Ko‘kaldosh madrasasi bag‘rida O‘zbekiston va Fransiya san’atkorlari ishtirokida yuksak saviyadagi musiqiy kecha tashkil etildi.
Mazkur madaniy tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilayotgan mamlakatlar o‘rtasida madaniy-gumanitar aloqalarni yanada mustahkamlash, xalqlar o‘rtasida o‘zaro hurmat va do‘stlik rishtalarini kengaytirishga qaratilgan tashabbuslarning amaliy ifodasi sifatida ahamiyatli bo‘ldi.
Musiqiy kechada Fransiyaning taniqli san’atkorlari — Versal Grand-Park konservatoriyasi direktori o‘rinbosari, mohir klarnetchi Kristof Dravers hamda xalqaro tanlovlar sovrindori, pianinchi va mazkur konservatoriya pedagogi Paskal Romano ishtirok etdi.
San’at oqshomida Jan-Filipp Ramo, Gabriel Fore, Klod Debyussi va Kamil Sen-Sans singari jahon musiqa san’ati rivojiga munosib hissa qo‘shgan mashhur fransuz bastakorlarining eng sara asarlari ijro etildi.
Tadbir Buxoroning ko‘p asrlik tarixiy obidalaridan biri — Ko‘kaldosh madrasasida o‘tkazilgani unga alohida mazmun va ruh bag‘ishladi. Qadimiy me’moriy muhit va fransuz mumtoz musiqasining uyg‘unligi turli madaniyatlar o‘rtasidagi mushtarak qadriyatlarni yana bir bor namoyon etdi.

Ayniqsa, musiqiy kechada Buxoroga tashrif buyurgan xorijiy sayyohlarning ishtirok etgani tadbirning turistik va madaniy ahamiyatini yanada oshirdi. Mehmonlar nafaqat fransuz musiqa san’atining nodir namunalaridan bahramand bo‘ldi, balki Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi va bugungi zamonaviy madaniy hayoti bilan yaqindan tanishish imkoniyatiga ega bo‘lishdi.
Bunday tadbirlar bugungi kunda madaniyatning xalqlarni yaqinlashtiruvchi, mamlakatlar o‘rtasidagi o‘zaro anglashuvni mustahkamlovchi muhim vosita ekanini ko‘rsatmoqda. Zero, san’at tili chegara bilmaydi. Musiqa orqali turli xalqlarning tarixi, dunyoqarashi va estetik tafakkuri bir-biriga yaqinlashadi.
O‘zbekiston va Fransiya o‘rtasidagi madaniy-gumanitar hamkorlikning Buxoro singari jahon sivilizatsiyasi tarixida alohida o‘rin tutgan shaharda namoyon bo‘layotgani ham bejiz emas. Buxoro bugun nafaqat o‘tmishning noyob yodgorliklarini asrab kelayotgan, balki zamonaviy madaniy muloqotlar uchun ochiq maydonga aylanayotgan shahar sifatida ham o‘z nufuzini tobora mustahkamlamoqda.
Fransiya madaniyati kunlari doirasidagi musiqiy kecha ana shu jarayonning yorqin namunasi bo‘lib, ikki mamlakat san’atkorlarining ijodiy muloqoti, madaniy tajriba almashinuvi va xalqlar o‘rtasidagi do‘stlik rishtalarini yanada mustahkamlashga xizmat qildi.

Eng muhimi, bunday madaniy loyihalar O‘zbekistonda madaniyat va san’atni rivojlantirish, mamlakatning xalqaro madaniy makondagi nufuzini yuksaltirish, tarixiy shaharlarni jahon madaniy turizmining muhim markazlariga aylantirish borasida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning mazmun-mohiyatini namoyon etmoqda.
Buxorodagi ushbu musiqiy kecha san’atsevarlar xotirasida nafaqat go‘zal kuy-qo‘shiqlar, balki madaniyatlar muloqoti va do‘stlikning ta’sirchan timsoli sifatida muhrlandi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri