Buxoro amirlarining fotojamlanmasi
Buxoro davlat muzey-qo‘riqxonasining xazinalari orasida bir asrdan ortiq vaqt mobaynida saqlanayotgan noyob fotojamlanma mavjud. Ushbu to‘plam shunchaki o‘tmishning esdalik suratlari emas, balki Buxoro amirlarining jahon kolleksiyalarida saqlanib qolgan eng yirik va yagona oilaviy fotomerosi hisoblanadi.
Undagi har bir surat takrorlanmas nusxada bo‘lib, inqilob va talon-torojlar girdobidan mo‘’jizaviy tarzda omon qolgan, butun bir davlatchilik tarixining guvohi sifatida bebaho qimmatga egadir.
Tadqiqotchi O‘ktamali Ravshanovning qayd etishicha, ushbu noyob jamlanma 1880–1920-yillar oralig‘ida, amirlar Said Abdulahadxon va Said Olimxonning asosan Rossiya imperiyasiga qilgan rasmiy safarlari chog‘ida shakllantirilgan. O‘sha davrda Buxoroda birorta ham fotostudiya faoliyat yuritmagani bois, hukmdorlar va ularning a’yonlari Sankt-Peterburg, Moskva, Yalta kabi yirik shaharlarda davrning eng mashhur fotosuratilariga suratga tushishgan. I.Orlovskiy, K.Knyazkov, A.Limerman kabi o‘z davrining mohir ustalari tomonidan ishlangan bu fotosuratlar amir va uning oilasi, amirlikning yuqori darajadagi amaldorlari tasvirini tarixga muhrlagan. Jamlanma geografiyasi faqat Rossiya bilan cheklanmaydi, unda Germaniya va Afg‘onistonda olingan suratlar ham mavjud.
To‘plam tarkibi nihoyatda xilma-xil. Unda amirlarning o‘n oltita shaxsiy portreti, qozikalon, bosh vazir kabi yuqori martabali amaldorning o‘n to‘rtta surati mavjud. Bu tasvirlar orqali amirlikdagi qat’iy ijtimoiy pillapoya, mansabdorlarning liboslaridagi tafovutlar, o‘sha davr yuqori tabaqa vakillarining qiyofasi va kiyinish madaniyatini o‘rganish mumkin. Shuningdek, Turkiya sultoni Mehmet Rishod V va Afg‘oniston amiri Habibulloxon tomonidan taqdim etilgan sovg‘a-suratlar ham jamlanmadan o‘rin olgan. Bu esa o‘z davridagi munosabatlarning nafaqat siyosiy, balki madaniy jihatlarini ham ochib beradigan muhim dalildir. Hatto ba’zi suratkashlar, jumladan, Volf Yasvoin va Karl Bulla amirga ko‘rsatgan xizmatlari uchun amirlikning turli orden va nishonlari bilan taqdirlangani ham tarixdan ma’lum.
1920-yilda amirlikning fojiali qulashi fotojamlanma taqdiriga ham keskin ta’sir qildi. Saroylar va xazina boyliklari qatorida ushbu noyob suratlar ham taqdir hukmiga tashlab qo‘yildi. Ko‘pgina tarixiy ashyolar talon-toroj qilindi, ba’zilari esa pala-partish holda ochiq joylarda qolib ketdi. Oradan ikki yil o‘tib, Buxoroda ilk muzeyga asos solingach, sobiq hukumatdan qolgan merosni to‘plash ishlari boshlandi. Sarson-sargardonlikda yotgan fotosuratlarning bir qismi aynan shu davrda Sitorai Mohi Xosa saroyidan topilib, muzey fondiga topshirildi. Boshqa bir qismi esa turli shaxslar tomonidan muzeyga hadya qilingan.
Fotojamlanma nafaqat tarixiy, balki badiiy qimmatga ham ega. O‘ktamali Ravshanovning ma’lumotiga ko‘ra, undagi eng katta suratning hajmi 132x100 santimetrni, eng kichigi esa 21x13 santimetrni tashkil etadi. Asosan oq-qora rangdagi suratlar orasida eski Buxoro shahridagi shaxsiy xonadonda olingan uchta rangli fotosurat alohida ajralib turadi. Bu o‘sha davr uchun noyob hodisa edi. Kumush bilan nafis bezatilgan va amir saroyidagi mohir kubachi zargarlari tomonidan yasalgan maxsus fotoalbom esa amaliy san’atning yuksak namunasi sifatida e’tiborni tortadi.
Afsuski, tarixiy bo‘hronlar to‘plamga o‘z asoratini o‘tkazgan. Xususan, Sitorai Mohi Xosa saroyi bolsheviklar tomonidan egallanganda, amirning maxsus buyurtma bilan tayyorlangan yirik hajmdagi suratiga jiddiy shikast yetkazilgan va u shu holicha muzeyga qabul qilingan. Achinarlisi shundaki, yuz yildan oshganiga qaramay, jamlanmadagi birorta asar to‘liq konservatsiya va restavratsiya qilinmagan.
Bugungi kunda ushbu nodir meros Buxoro muzey-qo‘riqxonasining hujjatlar fondi va ko‘rgazma zallarida, yorug‘lik nurlaridan himoyalangan holda saqlanmoqda. Biroq, uning jismoniy holati yildan-yilga yomonlashib bormoqda. Muzeyda yirik o‘lchamli suratlarni raqamlashtirish uchun zamonaviy uskunalarning yo‘qligi esa ushbu merosning keng omma va tadqiqotchilar uchun ochiq bo‘lishiga to‘sqinlik qilmoqda. Bu suratlar shunchaki qog‘ozga muhrlangan tasvirlar emas, balki bir davrning jonli nigohi, yo‘qotilgan tarixning mo‘rt sahifalaridir. Ularni asl holida saqlab qolish va kelajak avlodlarga yetkazish bugungi kunning dolzarb vazifasidir.
Alisher Egamberdiyev tayyorladi, O‘zA