Bugungi tomoshabinni hujjatli filmga qanday jalb qilish mumkin? (+video)
Kinoteatrga kirgan tomoshabin odatda ekranda o‘zini qiziqtiradigan voqeani ko‘rishni istaydi.
Hujjatli kino esa undan biroz boshqacha munosabat talab qiladi. Bu yerda sahnalashtirilgan voqeadan ko‘ra haqiqiy hayot, inson taqdiri va real voqelik muhim. Ammo bugungi tomoshabinni hujjatli filmga qanday jalb qilish mumkin? Qanday mavzular uni ekran oldida ushlab turadi? Zamonaviy texnologiyalar va yangi tasviriy vositalar hujjatli kinoni qanchalik o‘zgartiryapti?
Fanlar akademiyasi san’atshunoslik instituti “Kino san’ati va audiovizual tadqiqotlar” bo‘limi kichik ilmiy xodimi Gulnoza Sharafovaning fikricha, bugun hujjatli kino oldidagi eng muhim vazifalardan biri — haqiqiylikni saqlagan holda tomoshabinga qiziq bo‘la olish.
— Hujjatli kino faqat voqeani tasvirga olishdan iborat emas. Uning qimmati shundaki, bugungi hayotni ertangi kun uchun saqlab qoladi,—deydi G. Sharofova. — Insonning taqdiri, jamiyatdagi o‘zgarishlar, oddiy odamlarning hayoti — bularning barchasi vaqt o‘tishi bilan tarixga aylanadi.
Ilgarigi hujjatli filmlarga nazar tashlasak, oddiy inson hayotini ko‘proq ko‘ramiz. Kimdir yer qaziyapti, kimdir mehnat qilyapti, xonadonda oddiy yumushlar bajarilyapti. Ya’ni hayot qanday bo‘lsa, kamera uni shundayligicha kuzatgan. Bugun esa hujjatli kinoning tili ancha o‘zgardi.
Hozir filmlarda animatsiya, badiiy sahnalar, arxiv materiallari, zamonaviy grafika va boshqa tasviriy vositalardan foydalanilyapti. Janrlar ham bir-biriga yaqinlashmoqda. Bu, albatta, hujjatli kino uchun yangi imkoniyatlar ochadi. Lekin eng asosiy masala — ana shu vositalar ortida haqiqiy voqelik yo‘qolib qolmasligi.
Chunki tomoshabinni faqat chiroyli kadr bilan ushlab turib bo‘lmaydi. U filmda o‘ziga tanish hayotni, insonni, uning kechinmalarini ko‘rishi kerak. Hujjatli filmning ta’siri ham shunda.
Bugun o‘zbek hujjatli kinosining yana bir muammosi — film yaratilgandan keyin uning tomoshabinga yetib borishi. Badiiy film yoki serialni ko‘rish uchun platformalar ko‘p. Hujjatli filmlar esa ko‘pincha tor doirada qolib ketadi. Katta ekranlarda namoyishlar, maxsus platformalar, hujjatli kinoni targ‘ib qiladigan loyihalar yetarli emas.
Aslida bizda tomoshabinni qiziqtiradigan mavzular juda ko‘p. O‘zbekistonning qadimiy shaharlari, tarixiy shaxslar, ilm-fan, madaniyat, milliy qadriyatlar, oddiy insonlarning taqdiri — bularning har biri yaxshi hujjatli film uchun asos bo‘la oladi.
Ayniqsa, yoshlar uchun hujjatli kinoni yangi tilda taqdim etish kerak. Ularga tarixni shunchaki gapirib berish emas, balki inson taqdiri orqali ko‘rsatish, voqeani his qildirish muhim. Tomoshabin filmni ko‘rib, «Bu voqea menga nima beradi?» degan savolga javob topsa, demak, kino o‘z vazifasini bajargan bo‘ladi.
Shuning uchun bugun hujjatli kino ijodkorlari oldida ikki muhim vazifa turibdi: haqiqatni ko‘rsata olish va tomoshabinni yo‘qotmaslik. Buning uchun mavzuni to‘g‘ri tanlash, inson omiliga e’tibor berish, zamonaviy tasviriy imkoniyatlardan o‘rinli foydalanish va eng muhimi, tayyor filmni tomoshabinga yetkazish yo‘llarini ham o‘ylash kerak.
N. Rahmonova, N.
Abduvoitov (video), S. Obidjonov (montaj), O‘zA