Xivada “Yangi O‘zbekiston mushoirasi”
Davlatimiz rahbari joriy yilning 17-18-avgust kunlari Xorazm viloyatiga tashrifi chog‘ida Xivada “Yangi O‘zbekiston mushoirasi”ni o‘tkazish tashabbusini ilgari surgan edi. Zero, qadimiy shaharda bunday anjumanni o‘tkazish, she’riyatni tarix bilan yuzlashtirish, bugungi ijodkorlarni ulug‘ ajdodlarimiz ruhi bilan muloqotga chorlash demakdir.
Shu munosabat bilan qadimiy va hamisha navqiron “Yangi O‘zbekiston mushoirasi” nomli adabiy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Respublikamizning turli hududlaridan anjumanga kelgan taniqli yozuvchi va shoirlar Xiva temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Mehmonlar dastlab Xivadagi Ogahiy ijod maktabida bo‘lib, u yerda tahsil olayotgan she’riyatga, adabiyotga ixlosi baland o‘quvchilar bilan uchrashdilar. Samimiy muloqotlar, maktabdagi yaratilgan sharoitlar ularda katta taassurot qoldirdi.
Yosh ijodkorlar bilan bo‘lib o‘tgan adabiy uchrashuv ilhom va ijod bayramiga aylanib ketdi.
Uchrashuvda mamlakatimizning taniqli ijodkorlari Yangi O‘zbekistonni madh etuvchi she’rlar o‘qib, vohada amalga oshirilayotgan yangilanish va bunyodkorlik ishlari, yangi o‘zgarishlar haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirdilar.
Ijodiy taassurotlarga boy bo‘lgan tadbir davomida maktabdagi ijodkor yoshlar ham o‘zlari yozgan she’rlaridan o‘qib berishdi va savollariga atroflicha javob oldi.
Anjumanning asosiy tadbirlari ikkinchi kuni bo‘lib o‘tdi.
“Yangi O‘zbekiston mushoirasi” nomli adabiy anjumanning ochilish marosimida Xorazm viloyat hokimi o‘rinbosari Botir Saidov ishtirok etib, viloyat hokimi Jo‘rabek Rahimovning mushoira ishtirokchilariga yo‘llagan tabrigini o‘qib eshittirdi. O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi Sirojiddin Sayyid adabiy islohotlarning bugungi shodiyonasi bilan ijod ahlini qutladi.
Mushoirada Usmon Azim, Mahmud Toir, Xosiyat Bobomurodova, Rustam Musulmon, Farida Afro‘z, Munavvara Usmonova, Gavhar Ibodullayeva, Zebo Mirzo, Salim Ashur, Mehribon Abdurahmonova, Ibodat Rajabova, Sayyora Samandar, Shodmon Sulaymon, Muhammadsiddiq Rahmatov, Davron Rajab kabi ustoz adiblar hamda bir guruh yosh ijodkorlar ishtirok etdi.
[gallery-31496]
Ijodkorlar Vatan va yurt taraqqiyotini tarannum etuvchi she’rlarini o‘qib, Yangi O‘zbekistonda kechayotgan yangilanish jarayonlari, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan bunyodkorlik ishlari va ularning insonlar hayotidagi ahamiyati haqida fikr-mulohazalarini bildirdi.
– Yangi O‘zbekistonning keyingi o‘n yilligiga nazar solsak, faxru iftixordan qalblar to‘lqinlanib, yana va yana ijod qilging, bu o‘zgarishlarni madh etging keladi, – deydi Yozuvchilar uyushmasi raisi, O‘zbekiston xalq shoiri Sirojiddin Sayyid. – Bu tarixiy voqealar Xorazm elida, xorazmlik ijodkorlarning ko‘z o‘ngida ham ro‘y bermoqda. Vohalik shoirlar va yozuvchilarning adabiyotimizdagi o‘rni juda katta. Ular bugun juda sermahsul ijod qilishmoqda. Nima uchun davlatimiz rahbari tomonidan mana shu mushoirani o‘tkazish uchun aynan Xorazm tuprog‘i tanlandi deyilganda, albatta, “Gul tojida she’riyat nurlari yaltirab turgan porloq diyordur” deyman. Ustozlarimiz so‘zi bilan aytganda, “Kimligimni bilardim ozroq, bilar edim suyukligimni. Amudaryoni kechganda biroq, bilib qoldim buyukligimni”.
Tadbir davomida ijodkorlarning Vatan, yurt, inson qadri va milliy o‘zlik mavzularidagi she’rlari yangradi. Samimiy muloqot va badiiy chiqishlar mushoira ishtirokchilariga ko‘tarinki kayfiyat bag‘ishlab, adabiyotning jamiyat ma’naviy hayotidagi muhim o‘rnini yana bir bor namoyon etdi.
– “Yangi O‘zbekiston mushoirasi” nafaqat ijod ahlini bir davrada jamlagan adabiy tadbir, balki zamonaviy o‘zbek she’riyatining bugungi ruhini aks ettiruvchi ma’naviy-ma’rifiy muloqot maydoni sifatida ham ahamiyatli bo‘ldi, – deydi O‘zbekiston xalq shoiri Mahmud Toirov. – O‘ylaymizki, Xivada boshlangan bu mushoira Yangi O‘zbekiston adabiyotining yangi an’anasiga, ijodkorlar o‘rtasidagi yangi hamkorlik maydoniga aylanadi. Bu tashabbus ijodkorlarni bir davraga jamlashdan ko‘ra kengroq ma’noga ega.
Adabiyot va she’riyatning ezgu so‘zi, ijodkorlarning samimiy tuyg‘ulari uyg‘unlashgan ushbu mushoirada ona Vatanga muhabbat, milliy qadriyatlarga ehtirom va yurtimizdagi yangilanishlar ruhi o‘zining badiiy ifodasini topdi.
Tadbir davomida Xalq shoirlari qatorida yosh qalamkashlar ham o‘z ijod namunalaridan o‘qib berdilar. Shuningdek, san’atkorlarning kuy-navo, o‘ynoqi dilbar qo‘shiqlari davraga fayz ulashdi.
Anjuman so‘nggida mehmonlar Xivadagi so‘nggi paytlarda amalga oshirilgan bunyodkorlik loyihalari hamda qadimiy “Ichan qa’la” majmuasiga sayohat qildilar.
Ahmadjon Shokirov,
Behzod Saidov(surat),
O‘zA muxbirlari