Bugungi kun jadidlari kimlar?
O‘zbek adabiyotida jadidchilik harakati, millat taqdiri, milliy birlik, ma’rifat va ta’lim masalalari alohida o‘rin tutadi.
Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar» romanida ham bu g‘oyalar obrazlar, voqealar va qahramonlar taqdiri orqali yuksak badiiy talqin etilgan. Asardagi Yusufbek hoji, Otabek, Kumush va boshqa qahramonlar timsolida nafaqat shaxsiy munosabatlar, balki millat va yurt taqdiriga daxldor muhim masalalar ko‘tariladi.
Ta’kidlash lozimki, jadidlar merosini bugungi kun nuqtai nazaridan o‘rganish, ularning milliy birlik, ta’lim, xotin-qizlar ma’rifati va yurt taraqqiyoti haqidagi qarashlarini zamonaviy hayot bilan bog‘lash ham muhim ahamiyatga ega. Shu mavzular yuzasidan adabiyotshunos olim, Alisher navoiy nomidagi Toshkent davlat O‘zbek tili va adabiyoti universiteti adabiyot nazariyasi va zamonaviy adabiy jarayon kafedrasi mudiri, Professor Bahodir Karim bilan suhbatlashdik.
— Ustoz, «O‘tkan kunlar» romanida Otabek bilan Yusufbek hoji o‘rtasidagi bir suhbatda Otabek otasini Qipchoq qirg‘ini voqealariga bilvosita aloqador deb o‘ylaydi. Sizningcha, Otabekning bunday xulosaga kelishiga nima sabab bo‘lgan?
— To‘g‘ri aytasiz, bu «O‘tkan kunlar»dagi muhim nuqtalardan biri. Abdulla Qodiriyning «O‘tkan kunlar»ni yozishdan maqsadi faqat Otabek va Kumush, Otabek, Kumush va Zaynab o‘rtasidagi ishqiy munosabatlar, ularning o‘zaro ziddiyatlari haqida roman yaratish emas. Asarda ishq linyasi bor, albatta. Lekin unda millat dardi, Vatan dardi, tuproq dardi ham bor. Bu esa jadidlar dunyoqarashining muhim xususiyati edi.
Mamlakat tinch va farovon bo‘lishi kerak, degan g‘oya asarning muhim qatlamlaridan biridir. Shu nuqtai nazardan Yusufbek hoji obrazi alohida ajralib turadi. Masalan, Azizbek xalqqa soliq solmoqchi bo‘lganida, Yusufbek hoji bunga e’tiroz bildiradi. Bu orqali Abdulla Qodiriy Yusufbek hoji timsolida xalq manfaatini o‘ylaydigan inson obrazini yaratadi.
Qipchoq qirg‘ini oldidan o‘tkazilgan mashvaratda ham Yusufbek hoji o‘z noroziligini bildiradi va bu yig‘inni tark etadi. Yana bir muhim jihat shundaki, Qodiriy qirqin voqeasini Otabekning ko‘zi oldida tasvirlamaydi. Qirg‘indan biroz oldin Otabekni Ali bilan birga shahar tashqarisiga olib chiqib ketadi. Otabek qaytib kelganida esa qirqin sodir bo‘lgan, shaharda uning og‘ir oqibatlari namoyon bo‘lgan edi.
Shu vaziyatda Otabekda otasi Yusufbek hojining ham bu ishga aloqasi bo‘lishi mumkin, degan xayol paydo bo‘lishi tabiiy. Chunki Otabek avvalgi mashvarat va yig‘inlarda aytilgan gaplardan to‘liq xabardor emas. Ammo Yusufbek hoji uning bu gumonini rad etadi: «Sen xato o‘ylayapsan, sen yoshlik qilayapsan, men bunday ishlarni qilmayman», degan mazmunda fikr bildiradi.
Yusufbek hojining adolatsizlik va zulmga munosabati ham asarda yaqqol ko‘rinadi. U soliq masalasida ham o‘z pozitsiyasini bildirib, insonlarga zulm qilishni adolatsizlik deb biladi. Men bir vaqtlar Yusufbek hoji haqida maqola yozganman. Unda «Daloil ul-hayrot» kitobini o‘qish bilan bog‘liq tushunchalarga ham to‘xtalganman. Bu asarni o‘qish uchun inson taqvodor, ishonchli, ibodatli va duogo‘y bo‘lishi kerak. Chunki u duolar kitobidir.
Shuning uchun «O‘tkan kunlar»da Yusufbek hojining maqomi nihoyatda baland. Avvalo, uning «hoji» degan sifati bor. Albatta, Abdulla Qodiriy Yusufbek hojining Haj ibodatini qanday ado etganini batafsil tasvirlamaydi. Lekin uning tabiatidan, ruhiyatidan poklanib kelgan, nurli inson siymosi gavdalanadi.
Shu nuqtai nazardan Otabekning o‘z otasini ayblashi, bir tomondan, ota-bola o‘rtasidagi dramatik suhbat bo‘lsa, ikkinchi tomondan, Abdulla Qodiriy Yusufbek hoji obrazining maqomi va ma’naviy yuksakligini yanada ochish uchun qo‘llagan badiiy usul, deb o‘ylayman.
— Siz suhbat davomida «Qodiriy pozitsiyasi» degan tushunchani ko‘p ishlatyapsiz. Ya’ni yozuvchi o‘z qarashlarini muayyan obrazga yuklash orqali ifoda etadi. Marg‘ilonda Otabekning birlashish haqidagi fikrlari ham bor. Siz Qodiriyni o‘rganish jarayonida boshqa jadidlar ijodi va ularning o‘zaro munosabatlarini ham tadqiq qilgansiz. Ayting-chi, o‘sha davr jadidlari o‘rtasida ham birlashish bilan bog‘liq muammolar bo‘lganmi?
— Jadidlarning qarashlari umumiy ma’noda bir-biriga yaqin bo‘lgan. Lekin ular o‘rtasida ham muayyan ziddiyat va qarama-qarshiliklar bo‘lgan, deb tasavvur qilish mumkin. Bu masalani aniqlash uchun manbalarni yanada chuqur o‘rganish kerak.
Umuman olganda, jadidlarda chor Rossiyasidan qutulish, birlashish, yagona maqsad sari intilish, Turkiston Muxtoriyatini barpo etish kabi tushunchalar mavjud edi. 1917-yil noyabr oyida Turkiston Muxtoriyati e’lon qilingani ham buning misolidir. Oktyabr inqilobidan ko‘p o‘tmay Turkistonda muxtoriyat tashkil etildi. 1918-yil fevral oyida esa bu muxtoriyat bolsheviklar va Dashnoqlar tomonidan tugatildi.
Jadidlar XIX asr oxirlaridan boshlab maktab, maorif, madaniyat, teatr, adabiyot va matbuot sohalarida faoliyat olib bordilar. Bu harakatning natijasi sifatida matbuot nashrlari paydo bo‘ldi, milliy ozodlik va hurriyat haqidagi tushunchalar shakllandi. Bu g‘oyalar doirasida jadidlar birlashishni lozim deb bilganlar.
Mahmudxo‘ja Behbudiyning yoshlarga qilgan alohida chaqiriqlari bor. U yoshlar bilan kattalar o‘rtasidagi ziddiyatlarni bartaraf etishga harakat qilgan. Qozoq birodarlariga yozgan maktublarida ham «bu zamon tafriqa zamoni emas, bir-birimizdan ayb izlash zamoni emas, bu zamon murosa va birlashish zamoni», degan mazmundagi fikrlarini bildirgan.
Bu g‘oyalarni Abdulla Qodiriy badiiy asarda ham aks ettiradi. Masalan, Qipchoq va Qorachoponlar o‘rtasidagi nizo fonida Yusufbek hoji «ko‘z oldimda yanada kattaroq bir yovni ko‘raman», degan mazmunda fikr bildiradi. Bu yerda ikki qavm o‘rtasidagi nizoni to‘xtatish, birlashish va tashqi dushmanga qarshi birgalikda turish g‘oyasi bor. Abdulla Qodiriy bu fikrni metaforik usulda, adabiyot tili va badiiy ko‘chim orqali ifoda etgan, deb o‘ylayman.
Bu jarayon faqat Turkiston jadidlariga xos emas. Qozoqlarda ham Alash O‘rda harakati mavjud edi. Ularda ham milliy muxtoriyat va mustaqil davlat g‘oyalari ilgari surilgan. Markaziy Osiyoda birlashish, yaqinlashish g‘oyalari turli shakllarda namoyon bo‘lgan.
Bu fikrlarni bugungi kun bilan ham bog‘lash mumkin. Bugun qo‘shni davlatlar bilan yaxshi munosabatlarni rivojlantirish, adabiyot va madaniyat sohalarida hamkorlik qilish, yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, hatto yozuv va tillarni bir-biriga yaqinlashtirish kabi jarayonlar insonlarning bir-birini yaxshiroq tushunishiga xizmat qiladi.
Turkiy xalqlarni ulkan bir daraxtning turli shoxlariga qiyoslash mumkin. Bugun ular turli shakllarda dunyoga o‘z mevasini berayotgan bo‘lsa-da, ularning asosi, negizi va ildizi mushtarak. Jadidlardan bugungi kunga olib kelinayotgan g‘oyalardan biri ham ana shu yaqinlik va birdamlikdir.
Qarang, bugun o‘sha orzu qilingan jarayonlarning ayrimlari real hayotda namoyon bo‘lmoqda. Keyingi o‘n yil ichida O‘zbekiston Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, Ozarbayjon, Tojikiston, Turkmaniston va boshqa davlatlar bilan siyosiy, iqtisodiy va madaniy aloqalarini rivojlantirib kelmoqda. Davlat rahbarlari muloqotlar o‘tkazmoqda, iqtisodiy shartnomalar tuzilmoqda, madaniy tadbirlar va adabiyot kunlari tashkil etilmoqda.
Bularning barchasi jadidlarning orzu va armonlari sifatida qaralgan g‘oyalarning ayrim jihatlari bugun real hayotda namoyon bo‘layotganini ko‘rsatadi. Insoniyat ana shunday ezgu g‘oyalar atrofida birlashishi kerak.
— Bugungi kunda, ayniqsa so‘nggi o‘n yillikda qizlar va xotin-qizlar ta’limi yangi bosqichga ko‘tarildi. Jadidlar ijodida ham bu masalaning muayyan jihatlarini ko‘rishimiz mumkin. Qodiriy asarlarida, xususan, «O‘tkan kunlar»da, Cho‘lpon ijodida xotin-qizlar masalasi qanday o‘rin tutgan? Jadidlar xotin-qizlar ta’limi va ularning jamiyatdagi faolligiga qay darajada ahamiyat bergan?
— Jadidlar muhitida xotin-qizlar alohida o‘rin tutgan. Masalan, Samarqandda Abduqodir Shakuriyning maktabi bo‘lgan. Shakuriyning o‘zi o‘g‘il bolalarni o‘qitgan bo‘lsa, uning xotini qiz bolalarga ta’lim bergan.
Toshkentda Shokirjon Rahimiy va uning safdoshlari faoliyatida ham qiz bolalar ta’limiga alohida e’tibor qaratilgan. Qizlar uchun maxsus maktablar tashkil etilgan va ularda ayol muallimalar dars bergan.
Jadidchilik harakatining asoschilaridan biri Ismoil Gaspirali atrofida ham xotin-qizlar ta’limiga e’tibor kuchli bo‘lgan. Qizlar uchun alohida maktablar tashkil etilgan, ularga mo‘ljallangan nashrlar ham paydo bo‘lgan.
Shuning uchun jadidlar davrida xotin-qizlarning ta’lim olishi qadimdan kelayotgan an’ananing yangi bosqichga ko‘tarilishi sifatida baholanishi mumkin. Ularning orasida tatarlardan chiqqan ayol muallimalar ham, mahalliy xalq vakillari bo‘lgan ma’rifatparvar ayollar ham bor edi. Bu jarayon adabiyotga ham ko‘chdi.
So‘nggi yillarda jadid adabiyotida xotin-qizlar obrazi, ularning talqini va tadqiqiga qiziqish kuchaymoqda. Jadidlar adabiyotida ta’lim olgan, ma’rifatli, jasur ayollar obrazi yaratilgan.
Bundan tashqari, jadidlar orasida Germaniyada ta’lim olgan ayollar ham bo‘lgan. Xayriniso va Maryam Sultonmurodova kabi shaxslar bu borada alohida o‘rin tutadi. Jadidlarning bir qismi Bokuda, boshqalari 1920-yillarda Moskvada, undan avvalroq esa Ufadagi «Oliya» madrasasida ta’lim olgan.
Menimcha, yosh tadqiqotchilar jadid ayollar masalasini ham chuqurroq o‘rganishlari kerak. Bu borada juda ko‘p ibratli jihatlar bor. Chunki bugun bir qiz bolaning ta’lim olishi, oliy ma’lumot egallashi, ilmiy tadqiqot bilan shug‘ullanishi nafaqat uning shaxsiy taraqqiyoti, balki kelajakda butun bir oilaning ilm va ma’rifat bilan ta’minlanishiga xizmat qiladi.
— Sizning fikrlaringizdan shuni anglash mumkinki, jadidlar ma’lum ma’noda bir-birini to‘ldirgan. Masalan, Qodiriy asarlarida Kumushning kitobxonligi, Fuzuliyni o‘qishi yoki «Mehrobdan chayon»dagi Ra’no obrazi orqali ma’rifatli ayol siymosi yaratilgan. Cho‘lpon asarlarida esa xotin-qizlarning ongsizligi, ilmsizligi oqibatida yuzaga kelgan fojialar ko‘rsatiladi. Bu ikki ijodkorni shu nuqtai nazardan qanday baholaysiz?
— Cho‘lpon ijodi bilan Abdulla Qodiriy ijodini, albatta, qiyoslash mumkin. Ular bir davrda yashagan va o‘z ijodida davrning muhim muammolarini turlicha talqin qilgan.
Ba’zan «qaysi biri kuchliroq?» degan savollar paydo bo‘ladi. Men bunday qiyosni unchalik to‘g‘ri deb hisoblamayman. Nemis adabiyotida Gyote va Shiller bir davrda yashagan. Veymarda ularning haykallari ham yonma-yon turibdi. Nemislar «Gyote zo‘rmi yoki Shiller?» degan savolni qo‘yishdan ko‘ra, millat peshonasiga shunday ikki buyuk insonning bitta davrda yozilganini baxt deb biladi.
O‘zbek adabiyotida ham «O‘tkan kunlar», «Mehrobdan chayon», «Kecha va kunduz» kabi asarlarning yaratilishi adabiyotimiz uchun ulkan tuhfa va katta xazinadir.
Cho‘lpon ijodida tanqidiy munosabat kuchli. Bu uning hikoyalarida ham ko‘rinadi. Keyinchalik bu xususiyat «Kecha va kunduz» romanidagi Zebi obrazida yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Zebi qalbi toza, she’riyat va san’atga oshno, musiqiy qobiliyatga ega. Ammo uning siyosiy bilimi va ma’rifati yetarli darajada shakllanmagan.
Cho‘lpon romanda rus millatidan bo‘lgan, ma’rifatli ayol Maryam obrazini ham olib kiradi. U orqali ma’rifat, madaniyat va bilimli bo‘lishning ahamiyatini ko‘rsatadi.
Demak, Abdulla Qodiriy va Cho‘lponda tasvirlash usuli turlicha. Har biri o‘z nuqtai nazarini bayon qilgan. Shu ma’noda ular bir-birini to‘ldiradi. Lekin biri ikkinchisidan past yoki baland, deb baholash to‘g‘ri emas. Ana shunday ulug‘ siymolarning va buyuk asarlarning mavjudligi o‘zbek adabiyotining baxtidir.
— Endi suhbatimizning kulminatsion nuqtasiga kelsak. Biz jadidlar davri bilan bugungi kunni bejizga qiyoslamayapmiz. Zamonamizda ham jadidlarning munosib izdoshlari, ularning g‘oyalarini davom ettirayotgan insonlar bormi? Qisqa qilib aytganda, bugungi kun jadidlari kimlar?
— Barcha zamonlarda millatni, xalqni, Vatanni, milliy ma’naviyatni o‘ylaydigan fidoyi insonlar bo‘ladi. Ular tabiatan shunday yaratilgan. Bu tushuncha kitob o‘qish, ma’rifat va bilim orqali shakllanadi.
Masalan, ko‘chada bir odam yiqilib yotgan bo‘lsa, ma’rifatli inson «Bu odam nima uchun shu ahvolga tushdi? Unga qanday yordam berishim mumkin?» deb o‘ylaydi. Shifokor chaqirishga harakat qiladi. Johil inson esa «Menga nima?» degan qarash bilan o‘z yo‘lida ketishi mumkin.
Jadidlar ham o‘z davrida «Menga nima?» degan qarashda bo‘lmagan. Bugun ham millat taqdiriga befarq bo‘lmaydigan ziyolilar bor. Ular orasida tadbirkorlar, maktab qurayotgan, kutubxona tashkil etayotgan, kitob nashriga yordam berayotgan insonlarni ko‘rish mumkin.
Ba’zan ko‘chalardagi reklamalar, binolar peshtoqidagi yozuvlarga qarab, «Bu odam pul topgan, lekin so‘z topolmagan», deb o‘ylayman. Ya’ni inson boylik orttirishi mumkin, ammo uning milliy tuyg‘usi va ma’naviy dunyosi ham shu boylik bilan birga namoyon bo‘lishi kerak.
Shunday insonlar borki, ular o‘z boyligi va imkoniyatlarini milliy tuyg‘ularini ifodalaydigan inshootlar, ta’lim va madaniyat loyihalariga yo‘naltirmoqda. Ular professor, yozuvchi yoki shoir bo‘lmasligi mumkin. Lekin oddiy xalq orasida o‘zligini anglagan, jadidona kayfiyatdagi, millat kelajagi va uning farovonligi haqida qayg‘uradigan insonlar bor.
Ziyolilar orasida ham jadidlar davrini o‘qib-o‘rganib, jadidona kayfiyatga kirgan va bu tuyg‘uni boshqalarga yetkazayotgan insonlar bor.
Alohida ta’kidlashni istardim: 2024-yil 1-yanvardan «Jadid» gazetasi nashr etila boshladi. 2024 va 2025-yillar davomida, 2026-yilga kelib ham bu nashrning materiallarini o‘qib ko‘rilsa, bugun aytgan fikrlarimizning muayyan jihatlariga dalillar topish mumkin.
Gazetada zamonamizdagi ulug‘ allomalar, adiblar va olimlarning suhbatlari beriladi. Ularning qarashlari, ruhiyati va fikrlarida jadidona g‘oyalarga hamohang jihatlarni ko‘rish mumkin.
Bugungi kunda bu gazetaning muhim jihatlaridan biri — aynan jadidona kayfiyatdagi ziyolilarning qarashlari, tushunchalari va fikrlarini bayon etishi uchun katta minbarga aylanganidir.
Bunday imkoniyatlar ko‘p. Faqat har bir inson, jadidlar singari, avvalo, o‘zini anglab olishi kerak. Agar inson boy bo‘lsa, o‘z mablag‘ini ma’rifatga yo‘naltirishi kerak. maktablarga, kutubxonalarga, kitoblar nashriga yordam berish mumkin. Men oliy o‘quv yurtida ishlayman. U yerda shartnoma asosida o‘qiydigan, lekin o‘qish pulini to‘lashda qiynalayotgan talabalar ham bor. Agar kimdir shunday talabaning kontraktini bildirmay to‘lab qo‘ysa, u bir asr avval yashagan jadid bobolarining ruhini shod etgan bo‘ladi.
O‘zA muxbiri Sherbek Islomov suhbatlashdi.