BTA: Bolgariya YeIda ilm-fanga davlat sarmoyasi o‘sishida yetakchi
Bolgariya 2015–2025-yillarda ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlarini (Research and Development – R&D) davlat tomonidan moliyalashtirish o‘sishi sur’ati bo‘yicha Yevropa Ittifoqida birinchi o‘rinni egalladi. Bu haqda axborot hamkorimiz – BTA xabar berdi.
Nashrning yozishicha, 2025-yilda Yevropa Ittifoqiga a’zo davlatlar ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlarini davlat byudjetlari hisobidan moliyalashtirish uchun jami 130,2 milliard yevro ajratgan. Bu Yevropa Ittifoqi yalpi ichki mahsulotining taxminan 0,7 foiziga teng.
Maqolada ta’kidlanishicha, mazkur ko‘rsatkich 2024-yilga nisbatan 2,4 foiz, 2015-yilga nisbatan esa 60,5 foizga oshgan. Bolgariyada esa mazkur yo‘nalishga davlat tomonidan ajratiladigan mablag‘lar aholi jon boshiga hisoblaganda 2015-yildagi 15,5 yevrodan 2025-yilda 92,3 yevroga yetgan. Natijada mamlakatda ushbu ko‘rsatkich 495,5 foizga o‘sib, Yevropa Ittifoqida eng yuqori o‘sish sur’ati qayd etildi.
Muallifning qayd etishicha, Yevropa Ittifoqida 2025-yilda ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlariga davlat byudjetlaridan aholi jon boshiga o‘rtacha 288,9 yevro ajratilgan. Bu 2015-yildagi 183,2 yevro bilan taqqoslaganda 57,7 foizga ko‘pdir.
Aholi jon boshiga eng katta davlat xarajatlari Lyuksemburgda qayd etilgan bo‘lib, bu o‘lkada mazkur ko‘rsatkich 917,2 yevroni tashkil etgan. Keyingi o‘rinlarda Daniya (627,1 yevro) va Germaniya (553,5 yevro) joylashgan.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Ruminiya (18,8 yevro), Vengriya (57,4 yevro) va Malta (73,7 yevro) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Bolgariyada aholi jon boshiga 92,3 yevro sarflangan bo‘lib, respublika ushbu reytingda Maltadan bir pog‘ona yuqori o‘rinni egallagan.
BTA xabariga ko‘ra, 2015–2025-yillar davomida ilmiy tadqiqotlar va tajriba-konstruktorlik ishlariga davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar aholi jon boshiga hisoblaganda faqat Ruminiyada kamaygan. Xususan, ushbu davlatda ko‘rsatkich 20,8 yevrodan 18,8 yevroga tushib, 9,6 foizga qisqargan.
Qolgan barcha YeI mamlakatlarida o‘sish qayd etilgan. Eng past o‘sish Shvetsiyada kuzatilib, u 14,7 foizni tashkil etgan. Bu mamlakatda aholi jon boshiga ajratilgan mablag‘ 363,4 yevrodan 416,7 yevroga yetgan.
(Ushbu maqola O‘zA va BTA axborot agentliklari o‘rtasidagi hamkorlik kelishuviga muvofiq tayyorlandi)
O‘.Alimov, O‘zA