“Boysun bahori”da eng mohir polvonlar gilamga tushdi
Surxondaryo viloyatida bo‘lib o‘tayotgan “Boysun bahori” xalqaro folklor festivalining kurash musobaqasi final bosqichi yakunlandi.
Qizg‘in bahslarga boy bo‘lgan bellashuvda qizlar -63 kilogramm, erkaklar 66, 81 va +81 kilogramm vazn toifasida gilamga tushib, ajdodlardan meros qolgan o‘zbek kurashi mardlik, bag‘rikenglik, oliyjanoblik, halollik kabi yuksak fazilatlar timsoli ekanini keng namoyish etdi.

Final bahslarining erkaklar o‘rtasidagi +81 kilogramm vazn toifasida taniqli polvon Bekmurod Oltiboyev barcha raqiblarini yengib, “Cobalt” avtomobilini qo‘lga kiritdi. Erkaklar o‘rtasidagi 81 kilogramm vazn toifasida g‘olib bo‘lgan Alimardon Abdulaxatov “Damas” avtomashinasiga egalik qildi. 66 kilogramm vazn toifasidagi polvonlar bellashuvida Asadbek Moxirov raqiblaridan ustun kelib, tuya sovriniga sazovor bo‘ldi.
Ayollar o‘rtasidagi musobaqada Marjona Ergasheva birinchi o‘rinni egallab, tuya bilan taqdirlandi. Ikkinchi o‘rin sohibasi ot va ikkita uchinchi o‘rin ho‘kiz bilan taqdirlandi. Shuningdek, erkaklar o‘rtasidagi bellashuvlarda g‘olib bo‘lgan boshqa sovrindorlar ham tuya, ot va ho‘kiz kabi zotlarni qo‘lga kiritdi.

Mutloq vazn toifasidagi musobaqa g‘oliblariga bosh sovrin ¬ “Cobalt” va “Damas” avtomashinasi kalitlari, esdalik sovg‘alar tantanali topshirildi.
Xolmo‘min Mamatrayimov, O‘zA