| Y | D | S | CH | P | J | SH |
|---|---|---|---|---|---|---|
| 1 | 2 | 3 | 4 | 5 | 6 | 7 |
| 8 | 9 | 10 | 11 | 12 | 13 | 14 |
| 15 | 16 | 17 | 18 | 19 | 20 | 21 |
| 22 | 23 | 24 | 25 | 26 | 27 | 28 |
| 29 | 30 | 1 | 2 | 3 | 4 | 5 |
Bosh maqsad xalqimiz roziligini ta’minlash
Mamlakatimiz hayotining barcha jabhalarida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, davlat xizmatlari tizimini chinakam xalqni rozi qiladigan tizimga aylantirish, bu boradagi ishlarni yanada yuqori bosqichga ko‘tarish, huquqiy asoslarini mustahkamlashga qaratilgan ishlar barchamizni quvontiradi.
Prezidentimiz tomonidan joriy yilning 8 avgustida imzolangan “Davlat fuqarolik xizmati to‘g‘risida”gi qonun mazkur yo‘nalishdagi ishlar ko‘lami, sifati va samaradorligini oshirishga keng yo‘l ochib berdi.
Mazkur qonunda davlat fuqarolik xizmati bilan bog‘liq munosabatlar, tartiblar belgilangan. Aslida davlat xizmati bu – keng qamrovli tushuncha. Lekin davlat fuqarolik xizmati bu – o‘ziga xos, boshqa xizmat hisoblanadi, ya’ni professional davlat xizmati deganidir. Dunyodagi aksariyat davlatlar tajribasi, umume’tirof etilgan qoidalarga asosan, ko‘plab, ayniqsa, rivojlangan mamlakatlarda davlat xizmati ikki toifaga bo‘linadi. Bular - davlat fuqarolik xizmati va siyosiy xizmatchilardir.
Aniqroq qilib aytganda, Davlat fuqarolik xizmati deganda “Davlat xizmatining bir turi, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining davlat fuqarolik xizmati lavozimlaridagi davlat organlari vakolatlari amalga oshirilishini ta’minlashga doir haq to‘lanadigan kasbiy faoliyati tushiniladi”.
"Qonun bilan davlat fuqarolik xizmatchilarining lavozimlari “siyosiy” (vazir, rais, direktor va boshqa), “boshqaruv” (departament, boshqarma va bo‘lim boshliqlari) va “yordamchi” (mutaxassis, inspektor va konsultantlar) guruhlarga bo‘linadi.
Birinchidan, ularga lavozimga tayinlanishning aniq qoidalari belgilangan. Shunga ko‘ra, davlat fuqarolik xizmatiga ilk marotaba kirayotgan nomzodlar ochiq mustaqil tanlov asosida “yordamchi” guruhga mansub lavozimlarni egallaydi.
Ikkinchidan, davlat fuqarolik xizmatida xizmat pog‘onalarida ko‘tarilish ichki tanlovlar asosida amalga oshiriladi. Uchinchidan, “boshqaruv” guruhiga mansub lavozimlarni egallagan davlat fuqarolik xizmatchilari kelgusida “siyosiy” lavozimlarga tayinlanish uchun milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi.
To‘rtinchidan esa “yordamchi” guruhiga mansub eng quyi lavozimdan tashqari barcha lavozimlarni egallashning asosiy sharti bu - malaka oshirish sertifikatiga ega bo‘lish, ya’ni tegishli bilim va ko‘nikmalarni shakllantirish qonun bilan belgilab qo‘yildi. Beshinchidan, kompensatsiyalarni uzluksiz oshirib borish barcha darajadagi davlat fuqarolik xizmatchilari uchun majburiy etib belgilandi.
Qonunga muvofiq, davlat fuqarolik xizmati sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida Prezident huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi belgilangan. U o‘z vakolatlari doirasida davlat idoralarining kadrlar siyosati sohasidagi faoliyatini muvofiqlashtiradi, davlat xizmatiga kadrlarni tanlov asosida tanlashni tashkil etadi, davlat xizmatchilarining samaradorligini baholash uchun indikatorlar tizimini joriy etadi va ularning natijalarini tahlil qiladi, jamoatchilik fikrini o‘rganadi va davlat organlari rahbarlarining ochiq reytingini shakllantirishda ishtirok etadi.
Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri O‘zbekiston Prezidenti tomonidan tasdiqlanadi va maxsus vakolatli davlat organi tomonidan yuritiladi. Davlat fuqarolik xizmati lavozimlarining davlat reyestri, shuningdek, unga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar maxsus vakolatli davlat organining rasmiy veb-saytida e’lon qilinadi.
Ta’kidlash joizki, O‘zbekiston Respublikasi fuqarosi davlat fuqarolik xizmati lavozimiga tayinlangan paytdan e’tiboran davlat fuqarolik xizmatchisi huquqiy maqomiga ega bo‘ladi va davlat fuqarolik xizmatchisi sifatida faoliyatini tugatishi bilan ana shu maqomni yo‘qotadi.
Davlat fuqarolik xizmatchisiga qonunda belgilangan huquq va majburiyatlardan tashqari, davlat fuqarolik xizmatini o‘tash bilan bog‘liq cheklovlar ham o‘rnatilgan.
bugungi kunga kelib, davlat fuqarolik xizmatlari chin ma’noda aholining ishongan vakolatli organlaridan biri sifatida shakllanmoqda. Qolaversa, faoliyati davomida fuqarolarning murojaatlarini qisqa vaqt ichida, ortiqcha ovoragarchiliklarsiz ijobiy hal etish bilan xalqimizni davlat idoralariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlamoqda. Muxtasar aytganda, bu borada olib borilayotgan ishlarning bosh maqsadi, xalqimizni rozi qilish, odamlarning bugungi hayotidan rozi bo‘lib yashashlarini ta’minlashdan iborat.
Jasurbek MASHRAPOV,
Andijon viloyati Davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari.
O‘zA
Muallif: uza




