Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik uchun javobgarlik kuchaytirildi
Davlatimiz rahbari 2026-yil 14-oktabrda O‘zbekiston Respublikasining “Bolalarni zo‘ravonlikning barcha shakllaridan himoya qilish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi.
Qonun bilan o‘n to‘rt yoshga to‘lmagan shaxsning nomusiga tegish va unga nisbatan jinsiy ehtiyojni g‘ayritabiiy usulda qondirish uchun jazo o‘n besh yildan yigirma besh yilgacha ozodlikdan mahrum qilish yoki umrbod ozodlikdan mahrum qilish etib belgilandi.
Voyaga yetmaganga nisbatan javobgarlikni og‘irlashtiruvchi holatlardagi qasddan odam o‘ldirish, terrorizm va boshqa ko‘rsatilgan holatlar uchun umrbod ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilandi.
Bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan qasddan jinoyat sodir etgan shaxsga nisbatan shartli hukm qilish qo‘llanilmaydi.
Ota-onalar va ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar voyaga yetmagan bolaning tarbiyasidagi majburiyatlarini bajarmasa, bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha jarima solinadi.
Bolalarning sog‘lig‘iga zarar yetkazuvchi axborot mahsuloti tarqatilganda, axborot mahsuloti musodara qilinib tarqatgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining yetti baravari, mansabdor shaxslarga esa ellik baravari miqdorida jarima solinadi.
Bolalar masalalari bo‘yicha komissiyalarning qarorini ijro etmaslik yoki ijro etishga to‘sqinlik qilgan fuqarolarga uch baravaridan besh baravarigacha, mansabdor shaxslarga esa besh baravaridan yetti baravarigacha jarima solinadi.
Bolani tarbiyalash va unga ta’lim berish majburiyati yuklatilgan ta’lim tashkiloti xodimi bolaga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgani uchun javobgarlikka tortilsa, bu mehnat shartnomasini bekor qilish uchun qo‘shimcha asos bo‘ladi.
Zo‘ravonlikdan jabrlangan yoki zo‘ravonlikka guvoh bo‘lgan bolalarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatiladi.
Jinsiy zo‘ravonlikka oid ishlarda voyaga yetmagan jabrlanuvchiga davlat hisobidan advokat ishtiroki ta’minlanadi.
Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan e’tiboran kuchga kirdi.
N.Abduraimova,
O‘zA