Bolalarga nisbatan zo‘ravonlik sodir etgan tarbiyachilar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda
Yangi qaror bilan bolalarni himoya qilishda muhim o‘zgarishlar yuz berdi. Ta’lim tizimidagi zo‘ravonlik va aliment majburiyatlariga oid qoidalar kuchaytirildi.
Ma’lumki, mamlakatimizda aholini ijtimoiy himoya qilish tizimi tubdan takomillashdi. Ayniqsa, bunda bolalar alohida ahamiyat kasb etmoqda.
Prezidentning 2026-yil 11-sentabrdagi qarori bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.
Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga kiritilgan qo‘shimchalarga ko‘ra, ta’lim tashkilotida voyaga yetmagan bolalarni tarbiyalash va ularga ta’lim berish borasidagi majburiyatlar o‘z zimmasiga yuklatilgan shaxs tomonidan tarbiya va ta’lim berish jarayonida voyaga yetmagan bolaga nisbatan jismoniy zo‘ravonlik sodir etish, shuningdek uni kamsitish yoki xo‘rlash kabi harakatlarda ifodalangan tarzda tahqirlash, basharti jinoyat alomatlari, shuningdek belgilangan boshqa huquqbuzarliklar alomatlari mavjud bo‘lmasa, BHMning 1 baravaridan 5 baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘lishi belgilandi.
Davlat yoki nodavlat muassasalarining to‘liq ta’minotida bo‘lgan voyaga yetmagan bolaga aliment to‘lashi shart bo‘lgan otani yoki onani aliment to‘lashdan ozod qilishga yo‘l qo‘yilmasligi ko‘zda tutildi.
Ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bola foydasiga ota-onadan yoki ularning biridan undirilishi belgilangan aliment miqdorini kamaytirish bo‘yicha ishlarda «Inson» ijtimoiy xizmatlar markazlari jalb etilishi belgilandi.
Shuningdek, pedagogik faoliyatni amalga oshirish jarayonida voyaga yetmaganlarga nisbatan jismoniy va (yoki) ruhiy zo‘ravonlikka oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun ma’muriy javobgarlikka tortilgan shaxslarning 1 yil muddat davomida quyidagi ta’lim tashkilotlarida pedagogik faoliyat bilan shug‘ullanishiga yo‘l qo‘yilmasligi belgilandi. Bular:
Maktabgacha ta’lim tashkilotlari;
Umumiy o‘rta va o‘rta maxsus ta’lim tashkilotlari;
Professional ta’lim tashkilotlari;
Bolalar uchun qo‘shimcha ta’lim tashkilotlari.
Sherbek Islomov, O‘zA