O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida atoqli bolalar shoiri Qudrat Hikmat tavalludining 100 yilligiga bag‘ishlangan adabiy-ma’rifiy anjuman tashkil etildi.
Anjumanda O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisning o‘rinbosari G‘ayrat Majid mamlakatimizda bolalar adabiyotini rivojlantirish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.
– Bunday tadbirlar yosh kitobxonlarimiz uchun juda muhimdir, – dedi uyushmaning Bolalar va o‘smirlar adabiyoti kengashi raisi Orif To‘xtash. – Qudrat Hikmat garchi qisqa – 43 yil umr kechirgan bo‘lsa-da, lekin milliy adabiyotimizda o‘z so‘zini qoldirgan, uning rivojiga hissa qo‘shib ulgurgan ijodkorlardan biri edi. Uning she’rlari Quddus Muhammadiy, Zafar Diyor, Ilyos Muslim singari shoirlarning ijodi kabi bizning darsliklarimizdan o‘rin olgan edi. Qudrat Hikmat ijod yo‘lining ilk davrida Oybek domlaning tavsiyasiga ko‘ra, Islom baxshiga kotib bo‘lgani qalamkash she’rlarining xalqchilligi, samimiyatini ta’minladi, desak yanglishmaymiz.
Darhaqiqat, Qudrat Hikmat she’rlari ko‘pchiligimizga bolalikdan yaxshi tanish. Bu she’rlar bolalarga xos zavq, quvnoqlik, beg‘uborlik, oddiylikka yo‘g‘rilgani bilan qadrlidir.
Anjumanda ta’kidlanganidek, XX asr o‘zbek bolalar adabiyotining taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shgan ijodkorlardan biri shoir Qudrat Hikmatdir. Manbalarda yozilishicha, u 1925 yili Toshkentning eng qadimgi go‘shalaridan biri Sebzorda tavallud topadi. Onasi Muborak aya bu dunyoni erta tark etgan edi. (1934). Otasi oddiy dehqonchilik, hunarmandchilik bilan shug‘ullanadi. Bo‘lajak shoirning o‘zi esa 1934 yilda o‘rta maktabga kirib, uni 1944 yilda tugatadi.
Qudrat Hikmat shoir sifatida maktab devoriy gazetalarida ko‘rina boshlaydi. Unga Quddus Muhammadiy, Oybek kabi ustozlar mehribonlik ko‘rsatadi. 1945 yildan boshlab Qudrat Hikmat she’rlari «Lenin uchquni», «Yosh leninchi», «Qizil O‘zbekiston» gazetalarida, «Gulxan», «Sharq yulduzi» kabi jurnallarda chop etiladi.
Qudrat Hikmatning 1947 yilga kelib mashhur baxshi Islom shoir Nazar o‘g‘liga adabiy kotib sifatida xizmat etishi undagi she’riyatga bo‘lgan intilishni yanada kamol toptiradi. U bolalar va o‘smirlar uchun mo‘ljallangan nashriyotlarda faoliyat ko‘rsatadi. 1957 yilda Toshkentdagi pedagogika yo‘nalishidagi oliy ta’lim dargohini tamomlaydi.
Birinchi she’riy to‘plami «Mening Vatanim» 1950 yilda nashr etiladi. Shundan so‘ng Qudrat Hikmatning «Baxtli bolalar», «Tinchlik – obodlik», «Moskvaga sayohat», «Do‘stlik», «Uch o‘rtoqning sovg‘asi», «Nabira mehri», «Onaxonim», «Alisher va kitob», «Toshbaqalar hujumi», «Soatjonning soati» kabi o‘nlab she’riy guldastalari hamda «Chirchiq farzandi» kabi poemasi va boshqa asarlari yaratildi.
Adabiyotshunoslar fikricha, Qudrat Hikmat qaysi mavzuda, qaysi janrda qalam tebratmasin, eng muhimi, mehnatkash, halol, topqir va chopqir bolalar dunyosini kashf etishga intiladi. Shuningdek, do‘stlik, tinchlik, o‘zaro birdamlik, ona Vatanni sevish, uni ardoqlashga da’vat etadi. Uning she’rlaridagi bolalarcha samimiylik, beg‘uborlik va to‘g‘rilik shoir asarlarining o‘qishli, qiziqarli bo‘lishini ta’minlaydi.
Qudrat Hikmat mohir tarjimon sifatida S.Marshak, S.Mixalkov, A.Surkov, M.Bajan, A.Barto kabi atoqli adiblarning bolalarbop she’rlarini ona tilimizga tajrima qilgan.
Anjumanda Qudrat Hikmat ijodi xususida batafsil so‘z yuritildi. O‘quvchilar tomonidan shoirning ijod namunalaridan lavhalar o‘qildi.
N.Usmonova, O‘zA