Bolalar bog‘chasida mahsulotlarni saqlash, yong‘in xavfsizligi borasida kamchiliklar aniqlandi
Xalq demokratik partiyasi xodimlari va deputatlaridan iborat ishchi guruhlar poytaxtimiz va joylardagi maktabgacha ta’lim tashkilotlari faoliyati bilan yaqindan tanishmoqda. O‘rganishlarda bolalar bog‘chalarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilish holati va boshqa ko‘plab masalalarga e’tibor qaratilmoqda.
Mazkur o‘rganishlar doirasida xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashiga partiyadan saylangan deputat Nigora Eshmetova Yunusobod tumanidagi 53-sonli hamda 255-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi. Xalq vakili ushbu MTTlarda bolalar hayoti va sog‘lig‘ini muhofaza qilish, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi hamda xavfsizlik choralarining holati yuzasidan o‘rganish ishlarini olib bordi.

O‘rganishlar davomida muassasalarda oziq-ovqat mahsulotlarini saqlash, yong‘in xavfsizligi, hudud obodonchiligi hamda tarbiyaviy jarayonlarga oid qator kamchiliklar aniqlandi. Xususan, 255-sonli DMTTda go‘sht va sut mahsulotlari bir xil muzlatkichda saqlanayotgani, ayrim muzlatkichlar ishlamayotgani, issiq ovqat tayyorlash bo‘limida muzlatkich mavjud emasligi hamda kunlik namunalar olinmayotgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, muassasa hududida asfalt qoplamasi nosoz. Yong‘in signalizatsiyasi ishlamaydi, o‘t o‘chirish vositalari talab darajasida emas. Ayrim guruhlarda kun tartibiga to‘liq amal qilinmayotganiga guvoh bo‘lindi.

O‘rganishlar davomida xalq vakili bog‘chadagi mavjud kamchiliklarni bartaraf etish hamda xodimlarning sanitariya talablariga rioya etish holati yuzasidan taklif va tegishli tavsiyalarni berdi.
Tumandagi 53-sonli DMTTdagi o‘rganishlar davomida ham oziq-ovqat blokida muzlatkichlar yetishmasligi, ish jarayonlari noto‘g‘ri tashkil etilgani kabilar aniqlandi. Shuningdek, hududni ko‘kalamzorlashtirish hamda yong‘in xavfsizligi choralarini kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi.
O‘rganishlar davomida har ikkala bog‘chada aniqlangan kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan muassasa mas’ullariga tegishli tavsiya va ko‘rsatmalar berildi hamda masalalar deputatlik nazoratiga olindi. Ta’kidlash lozimki, bolalar bog‘chalarida sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi va boshqa xavfsizlik choralari ko‘rilishi farzandlarimiz salomatligi, xavfsizligi va munosib tarbiya olishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Muhtarama Komilova,
O‘zA