Bo‘lajak huquqshunoslar real sud ishlarida bevosita ishtirok etadi
Toshkent shahar sudi va Toshkent davlat yuridik universiteti o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga chiqmoqda. Shu maqsadda ikki tomonlama hamkorlik memorandumi imzolandi.
Ushbu hujjat nazariya va amaliyot uyg‘unligiga asoslangan kadrlar tayyorlash tizimini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.
Endi talabalar nafaqat auditoriyalarda, balki sud majlislari zallarida bilim olish barobarida real sud ishlari bilan bevosita tanishish va professional sudyalar tajribasini o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘ldi.

Memorandumda Toshkent davlat yuridik universiteti talabalarini kelgusida poytaxt sudlari tizimiga ishga joylashish istiqboli bilan tayyorlash, dual ta’lim elementlarini joriy etish, qo‘shma anjumanlar tashkil etish, sud amaliyotidagi dolzarb muammolar bo‘yicha hamkorlikda tadqiqotlar o‘tkazish kabi qator masalalar ham nazarda tutilgan.

Bu sud tizimi uchun kelgusida malakali mutaxassislar yetishib chiqishi va ular odil sudlov sifatiga hissa qo‘shishini anglatadi. Universitet uchun esa ta’lim bazasining mustahkamlanishi va amaliyotga bevosita chiqish imkoniyatidir.
Muzokaralarda memorandumda belgilangan vazifalar ijrosiga oid “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishga kelishib olindi. Shuningdek, universitet Yuridik klinikasi faoliyati bilan ham tanishildi.
Shu o‘rin yana bir ma’lumot: Toshkent shahar sudi yaqinda O‘zbekiston Milliy universiteti va Toshkent Transport universitetlari ham xuddi shunday memorandum imzolagan edi. Toshkent davlat Yuridik universiteti bilan imzolangan hujjat poytaxt sudining keyingi ikki oyda faol hamkorlik yo‘lga qo‘ygan uchinchi oliy o‘quv yurti hisoblandi.
N.Abduraimova,
O‘zA