Prezidentimizning 2020 yil 10 noyabrdagi “Aholining sog‘lom ovqatlanishini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi qarori ijrosi doirasida Buxoroda bolaning sog‘lom ovqatlanishi haftaligi o‘tkazilmoqda.

– Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli ko‘rsatmasiga muvofiq, 2023 yilning 19 – 29 aprel kunlari “Bolaning sog‘lom ovqatlanishi haftaligi” o‘tkazilishi va bunda 6-23 oylik chaqaloqlar uchun mo‘ljallangan ozuqa - “Mikronutriyent kukun”larining patronaj hamshiralari tomonidan bepul ta’minlanishi belgilangan, – deydi Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘ining Onalik va bolalikni muhofaza qilish bo‘yicha o‘rinbosari Xushnud Jalilov. – Mazkur tadbirni yuqori saviyada tashkil etish maqsadida dastlab, boshqarmaning amaliy seminari o‘tkazildi. Hududiy tibbiyot birlashmalarining onalik va bolalikni muhofaza qilish hamda ambulatoriya-poliklinika xizmati bo‘yicha o‘rinbosarlari, bosh pediatrlar, bosh hamshiralar va patronaj hamshiralarga 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish uchun mikronutrentli qo‘shimchalar bilan ta’minlash bosqichlari hamda ona sutining bola salomatligi uchun afzalliklari to‘g‘risida batafsil tushunchalar berib o‘tildi.

Shu bilan birga, Buxoro viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining taqsimoti asosida ushbu tadbir doirasida jami 38 ming 454 o‘ram 6-23 oylik bolalar uchun uy sharoitida tayyorlangan ovqatlarni boyitish uchun mikronutrentli qo‘shimchalar hududiy tibbiyot birlashmalariga tarqatildi. Tuman, shahar tibbiyot birlashmalari, ko‘p tarmoqli markaziy poliklinika, oilaviy poliklinika va oilaviy shifokorlik punktlaridan tibbiy brigada patronaj hamshiralari tomonidan mikronutriyent kukunlarini tasdiqlangan 6-23 oylik bolalar ro‘yxatlari asosida onalarga bepul yetkazish va uni uy sharoitida tayyorlash bo‘yicha individual mashg‘ulotlarni o‘tkazish ishlari boshlab yuborildi.

Shuningdek, tibbiyot xodimlari tomonidan xonadonlarda “Yosh onalar maktabi” mashg‘ulotlarida yosh onalar va bolaning oila a’zolari bilan 6 oylikkacha bolalarni ona suti bilan boqilishi bolaning aqliy va jismoniy rivojlanishidagi ahamiyati hamda 6 oylikdan boshlab bolalarni qo‘shimcha ovqatlar bilan to‘g‘ri ovqatlantirilishini ta’minlash, uni parvarishlash bo‘yicha suhbatlar o‘tkazilmoqda.

Bundan tashqari, “Bir yoshgacha bolalar ovqatlanishi” va “Bolani parvarishlash va rivojlanishi uchun uslubiy qo‘llanmalar” asosida tibbiy-targ‘ibot ishlari olib borildi.
Tadbir yakuniga qadar Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Buxoro viloyatiga yana 8 ming 251 nafar bolalarni qamrab olishga yetarli bo‘lgan 49 ming 506 o‘ram mikronutriyent kukunlari, ya’ni multivitaminli qo‘shimchalar taqdim etilib, bu kabi tizimli ishlar davom ettiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA