Bokschilarimiz g‘alabasi
Qatar poytaxti Doxa shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan XVIII jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchtadan kumush va bronza medal, to‘rtta Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.
Qatar poytaxti Doxa shahrida boks bo‘yicha o‘tkazilgan XVIII jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari uchtadan kumush va bronza medal, to‘rtta Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasini qo‘lga kiritib, yurtimizga yorug‘ yuz bilan qaytib keldi.Toshkent xalqaro aeroportida sportchilarimizni vazirlik va idoralar, sport jamoatchiligi vakillari, ota-onalar va muxlislar kutib oldi.
Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida har tomonlama barkamol avlodni voyaga yetkazishning muhim vositasi sifatida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Buning samarasida O‘zbekiston dunyoga sporti jadal rivojlangan mamlakat sifatida tanildi. Xususan, o‘zbek boks maktabi tarbiyalanuvchilari sport olamining barcha nufuzli musobaqalarida yuqori natijalarga erishmoqda.
Davlatimiz rahbarining 2013-yil 25-fevraldagi “O‘zbekiston sportchilarini 2016-yilda Rio-de-Janeyro shahrida (Braziliya) bo‘lib o‘tadigan XXXI yozgi Olimpiya va XV Paralimpiya o‘yinlariga tayyorlash to‘g‘risida”gi qarori sportchilarimizning xalqaro miqyosdagi nufuzli musobaqalarga har tomonlama puxta hozirlik ko‘rishi va munosib ishtirok etishi, terma jamoalarni yangi iste’dodlar bilan boyitishda muhim omil bo‘lmoqda.
Bokschilarimizning jahon chempionatida erishgan muvaffaqiyati yurtimizda tajriba va mahorat bobida hech kimdan kam bo‘lmagan va hech qachon kam bo‘lmaydigan avlod vakillari voyaga yetayotganini yana bir karra isbotladi.
Xalqaro havaskor bokschilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan jahon chempionatida 70 dan ziyod davlatdan 260 nafar sportchi sovrinli o‘rinlar bilan birga 2016-yili Braziliyaning Rio-de-Janeyro shahrida o‘tkaziladigan XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasi uchun o‘zaro raqobatlashdi.
Terma jamoamiz a’zolari Murodjon Ahmadaliyev (56 kg), Fazliddin G‘oyibnazarov (64 kg) va Bektemir Meliqo‘ziyev (75 kg) kumush medallarni qo‘lga kiritdi.
– Musobaqada Vatanimiz sharafini munosib himoya qilganimizdan xursandmiz, – deydi B.Meliqo‘ziyev. – Xalqaro maydonlardagi g‘alabalarimiz mamlakatimizda Prezidentimiz rahnamoligida yoshlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashga qaratilayotgan doimiy e’tibor va g‘amxo‘rlik tufaylidir.
Bokschilarimiz jahon chempionatining kumush medali bilan birga 2016-yilgi XXXI yozgi Olimpiya o‘yinlari yo‘llanmasiga ham ega bo‘ldi.
Jahon chempionatining bronza medali sovrindori Elnur Abduraimov musobaqaning so‘nggi kuni o‘z vazn toifasida Olimpiada yo‘llanmasini qo‘lga kiritish uchun ringga ko‘tarildi. Vazni 60 kilogrammgacha bo‘lgan bokschilar o‘rtasida hamyurtimiz braziliyalik Robson Donato Konseysaoni mag‘lubiyatga uchratdi. Bokschilarimizdan Elshod Rasulov va Bahodir Jalolov ham o‘z vazn toifasida bronza medalga sazovor bo‘ldi.