Bo‘ka tumaniga yangi hokim tayinlandi
Xalq deputatlari Bo‘ka tuman Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi bo‘lib o‘tdi.
Unda Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev ishtirok etib, tumanni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish, mavjud imkoniyat va salohiyatdan samarali foydalanish borasida belgilangan maqsad va vazifalar ijrosi yuzasidan tahliliy ma’ruza qildi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rib chiqildi. Qayd etilganidek, Bo‘ka tumani hokimi lavozimida ishlab kelgan Sardor Isoqulov avvalroq boshqa ishga o‘tishi munosabati bilan mazkur lavozimdan ozod etilgan edi.

Sessiyada Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev Bo‘ka tumani hokimi lavozimiga ayni paytda “Agrobank” ATB Toshkent viloyat boshqarmasi boshlig‘i vazifasida ishlab kelayotgan Murod Ilhomovich Abdazimov nomzodini tavsiya qildi. Nomzod deputatlar tomonidan muhokama qilinib, uning kasbiy tajribasi, boshqaruv salohiyati va hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish borasidagi tajribasiga e’tibor qaratildi.
Xalq deputatlari Bo‘ka tuman Kengashi tomonidan M.Abdazimovni Bo‘ka tumani hokimi etib tasdiqlash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
A.Musayev,
O‘zA