Bojxonada shaffoflikning yangi bosqichi
Bugun zamonaviy davlat boshqaruvini raqamli texnologiyalarsiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ayniqsa, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va shaffoflik bevosita ta’minlanishi lozim bo‘lgan huquqni muhofaza qiluvchi tizimlarda raqamlashtirish oddiy texnik yangilanish emas, balki ish uslubini tubdan o‘zgartiradigan muhim omildir.
Bojxona tizimida ham ana shunday yangilanishlar izchil davom etmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 17-dekabrdagi “Bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartibotlarini yanada soddalashtirish va samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmonida bojxona organlari faoliyatida zamonaviy nazorat, tahlil va xavflarni baholash tizimlaridan foydalanish ko‘lamini kengaytirish, bojxona ma’muriyatchiligi va tashqi savdo tartiblarini takomillashtirish vazifalari belgilangan.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida ishga tushirilgan yangi “Maxsus surishtiruv xonasi” ana shu keng ko‘lamli islohotlarning amaliy natijalaridan biridir. Zamonaviy talablar asosida jihozlangan maxsus xona foydalanishga topshirilishi munosabati bilan o‘tkazilgan tadbirda Bojxona qo‘mitasi Surishtiruv va ma’muriy amaliyot boshqarmasi boshlig‘i A. Axlimirzayev, viloyat bojxona boshqarmasi xodimlari, viloyat prokuraturasi hamda huquqni muhofaza qiluvchi idoralar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirda bojxona organlarida qonuniylikni ta’minlash, protsessual jarayonlarni raqamlashtirish, zamonaviy texnologiyalarni keng joriy etish va fuqarolarning huquq hamda qonuniy manfaatlarini samarali himoya qilish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.


Surishtiruv va protsessual harakatlarni zamonaviy texnik vositalar orqali uzluksiz videokuzatuv hamda audio va video qayd etish imkoniyati jarayonlarni hujjatlashtirish sifatini oshirishga xizmat qiladi. Bu esa ish jarayonida xolislik va shaffoflikni ta’minlash, protsessual talablarga rioya etilishini nazorat qilish uchun qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.
Zamonaviy surishtiruv tizimining yana bir muhim jihati protsessual hujjatlarni elektron shaklda yuritish va axborot texnologiyalaridan keng foydalanishdir. Bu ortiqcha qog‘ozbozlikni qisqartirish, ma’lumotlarni tizimlashtirish, hujjatlar bilan ishlashni tezlashtirish va inson omili bilan bog‘liq ehtimoliy xatolarni kamaytirishga xizmat qiladi.
Buxorodagi maxsus surishtiruv xonasi — alohida bir xona emas. U bojxona tizimida raqamli transformatsiyaning inson huquqlari va qonuniylik bilan uyg‘unlashgan amaliy ko‘rinishidir. Huquqni muhofaza qiluvchi organlar faoliyatida texnologiya qanchalik rivojlangan bo‘lmasin, uning eng muhim vazifasi inson huquqlarini ta’minlashga xizmat qilishdan iborat.


Shu ma’noda, surishtiruv jarayonlarining texnik vositalar orqali qayd etilishi, protsessual hujjatlarni raqamli yuritish va jarayonlarni belgilangan tartibda tashkil etish fuqarolarning huquqiy kafolatlarini mustahkamlashga xizmat qiladi.
Buxoro viloyati bojxona boshqarmasida “Maxsus surishtiruv xonasi”ning ishga tushirilishi xodimlar zimmasiga yanada katta mas’uliyat yuklaydi. Zero, zamonaviy texnologiyaning o‘zi natija emas. Undan to‘g‘ri, qonuniy va samarali foydalanish — asosiy mezon.
Shu bois yangi imkoniyatlar bojxona xodimlarining kasbiy mahorati, huquqiy bilimlari va mas’uliyati bilan uyg‘unlashgandagina kutilgan samarani beradi.
Bu yerda har bir protsessual harakat aniqlik, qonuniylik va mas’uliyat mezonlari asosida tashkil etilishi, fuqarolarning huquqlari esa ishonchli himoya qilinishi uchun zamonaviy sharoit yaratilmoqda.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri