Bo‘lg‘usi chempionlar maskani
Mamlakatimizda sportning tashkiliy-huquqiy asoslari yildan-yilga takomillashmoqda. Birgina bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samaralarini bugun yurtimizning barcha hududlarida ko‘rish mumkin.
Mamlakatimizda sportning tashkiliy-huquqiy asoslari yildan-yilga takomillashmoqda. Birgina bolalar sportini rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ulkan islohotlar samaralarini bugun yurtimizning barcha hududlarida ko‘rish mumkin.– Darsdan bo‘sh vaqtimda futbol to‘garagiga qatnayman, – deydi Sergeli tumanidagi 285-umumta’lim maktabi o‘quvchisi Aziz Olishev. – Erta tongdan uyimiz yaqinidagi sport maydonida yugurib, turli mashqlarni bajaraman. Bu kun davomida kayfiyatim va sog‘lig‘im uchun foydali. Maktabimizda sport bilan shug‘ullanishimiz uchun barcha sharoit yaratilgan.
Bunday keng imkoniyatlar farzandlarimizning sportga bo‘lgan qiziqishini yanada oshirish, sog‘lom, kuchli, mard va qat’iyatli bo‘lib voyaga yetishiga xizmat qilmoqda.
Poytaxtimizning Mirobod tumanidagi 44-bolalar va o‘smirlar sport maktabida sport bilan muntazam shug‘ullanib, qator musobaqalarda yuqori natijalarga erishayotgan yoshlar ko‘p. Ushbu maktabda sportning o‘n uch turi bo‘yicha tashkil etilgan seksiyalarga 700 nafarga yaqin o‘g‘il-qiz qatnaydi.
Muhtasham sport zali, futbol, basketbol, voleybol maydonlari yoshlar ixtiyorida. Seksiyalar zarur barcha sport inventarlari bilan ta’minlangan. Yoshlarga 24 murabbiy sport sirlarini o‘rgatmoqda. 25 tarbiyalanuvchi milliy terma jamoalarga jalb etilgan.
– Sportda katta natijalarga erishayotgan yoshlarga havas qilib kelayotgan o‘g‘il-qizlar safi ortib bormoqda, – deydi sport maktabi direktori M.Aliyev. – Maktabda yozgi Olimpiya o‘yinlari dasturiga kiritilgan boks, erkin va yunon-rum kurashi, badminton, futbol, stol tennisi, taekvondo WTF va badiiy gimnastika singari sport turlari tobora ommalashmoqda. Joriy yilda voleybol, suzish, basketbol, tennis, yengil atletika kabi sport turlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishni maqsad qilganmiz.
Ana shunday qulay sharoit va tizimli mashg‘ulotlar tufayli sport maktabi tarbiyalanuvchilari o‘tgan yili shahar va mamlakat miqyosidagi musobaqalarda 59 oltin, 35 kumush, 66 bronza medalni qo‘lga kiritdi.
O‘zbek jang san’ati seksiyasida shug‘ullanayotgan yoshlar erishayotgan natijalar quvonarli. Abdulaziz G‘ulomqodirov, Aziz Qosimov, Dilzoda Ozodova, Zuhra Umrzoqova, Karina Kim, Maftuna Muhammadazizova, Mahliyo Husanboyeva kabi mahoratli sportchilar mamlakat va xalqaro musobaqalarda sovrinli o‘rinlarni egallagan.
– Yetti yildan beri o‘zbek jang san’ati bilan shug‘ullanaman, – deydi Butunjahon sharq yakkakurashlari festivali g‘olibi Zuhra Umrzoqova. – Terma jamoa safida milliy sportimizning sirlarini puxta o‘rganmoqdaman. Jamoamiz bilan joriy yil Fransiyada bo‘ladigan Butunjahon sharq yakkakurashlari festivaliga puxta tayyorgarlik ko‘rmoqdamiz.