🏆JCH-2026⚽
Özbek
Ўзбек
Русский
English
French
German
Arabic
Қазақ
Spanish
Chinese
Sönggi yangiliklar

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan muzokara to‘g‘risida

BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan muzokara to‘g‘risida
Jamiyat
Tanlaş
16:52 / 24.03.2021

O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh kotibi o‘rinbosari – BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti rahbari Lyu Chjenmin bilan videokonferensaloqa shaklida muzokara o‘tkazdi.

BMT Bosh kotibi o‘rinbosariga O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan o‘zgarishlar, davlat dasturlari bajarilishi, Davlat rahbari Murojaatnomasida bayon etilgan mamlakatni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari haqida ma’lumot berildi.

Lyu Chjenmin O‘zbekiston tomonini Barqaror rivojlanish maqsadlari bo‘yicha ilk Ixtiyoriy milliy hisobot taqdimoti muvaffaqiyatli o‘tgani munosabati bilan tabrikladi. Bu respublikaning BRMga erishishga sodiqligidan dalolat ekani ta’kidlandi.

Shuningdek, O‘zbekistonning jahon iqtisodiyotiga integratsiyalashuvi, mamlakatda aholi farovonligini oshirish, shuningdek, SOVID-19 pandemiyasi oqibatlarini yumshatish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar haqida so‘z yuritildi.

Uchrashuv yakunida BMTning Iqtisodiy va ijtimoiy masalalar departamenti bilan o‘zaro manfaatli sohalarda hamkorlikni yanada kengaytirish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.

Muallif: uza