BMT Bosh kotibi masalasi boshi berk ko‘chada: nomzodlar vetoga uchrayapti
Xavfsizlik Kengashida BMT yangi Bosh kotibini saylash bo‘yicha norasmiy ovoz berilyapti. Afsuski, jarayonda 7 nomzoddan hech biri 5 doimiy a’zo tomonidan yakdil qo‘llab-quvvatlanmayapti.
Nisbatan ko‘p ovoz olganlar – Kosta-Rika sobiq vitse-prezidenti Rebeka Grinspan, Gayana vakili Karolin Rodriges-Birkett va MAGATE direktori Rafael Grossi. Baribir, ular ham veto huquqiga ega bo‘lgan kamida ikki doimiy a’zo e’tiroziga duch kelishdi.
Bosh kotibni saylash uchun XK tarkibidagi 15 a’zo davlat vakilidan kamida 9 nafarining ma’qullovi, shuningdek 5 doimiy a’zodan hech biri veto qo‘ymasligi talab qilinadi.
Yakuniy qaror XK tomonidan qabul qilinadi: doimiy a’zolar – AQSH, Xitoy, Rossiya, Fransiya va Buyuk Britaniya birdek tasdiqlagandan keyin g‘olib da’vogar nomi rasman BMT Bosh Assambleyasiga tasdiqlash uchun taqdim etiladi.
Norasmiy ovoz berish yopiq eshik ortida o‘tkaziladi. Yagona nomzod tanlangunga qadar yana bir necha bosqich o‘tkazilishi kutilyapti. Agar Grinspan saylansa, tashkilot tarixida Bosh kotib lavozimida ishlaydigan birinchi ayol sifatida tarixga kiradi.
Amaldagi rahbar Antoniu Guterrishning vakolati muddati 31-dekabr kuni tugaydi.
S.Rahimov, O‘zA