Qaror va ijro
Prezidentimizning 2023 yil 14 sentyabrdagi “Kichik biznesni rivojlantirishni moliyaviy va institutsional qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi hamda 2023 yil 15 noyabrdagi “Aholini kichik va o‘rta biznesga keng jalb qilishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorlari ijrosi yuzasidan mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash hamda rag‘batlantirish borasida ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.
Namanganda “Kichik biznesni uzluksiz qo‘llab-quvvatlash” kompleks dasturi doirasida tadbirkorlik sub’ektlarini rivojlantirish loyihalarni moliyalashtirish borasida olib borilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishtirish maqsadida Biznesni rivojlantirish banki va Kichik biznesni rivojlantirish jamg‘armasi tomonidan ommaviy axborot vositalari vakillari uchun press-tur tashkil etildi.
Hududlarda tashkil etilgan Kichik biznesga ko‘maklashish markazlari aholini tadbirkorlik faoliyatiga jalb etish orqali xalqimiz farovonligini oshirishga salmoqli hissa qo‘shib kelmoqda. Viloyatda bugungi kunda mavjud 788 ta mahalla fuqarolar yig‘inida tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan ishlar o‘z samarasini bermoqda.
[gallery-17410]
“Kichik biznesga ko‘maklashish markazi” MCHJ rahbari Rahimjon Abduhalimovning qayd etishicha, elektron platforma orqali 8 ming 86 ta tadbirkorlik sub’ekti tomonidan 1,2 trillion so‘mlik moliyaviy ko‘mak uchun 12 ming 294 ta ariza kelib tushgan. Baholash natijasida 2 ming 879 ta loyihaga ijobiy xulosa berilgan bo‘lib, mahallalardagi hokim yordamchilari tomonidan 2 ming 274 tasi tasdiqlangan.
Mazkur loyihalar o‘rganildi va komissiya tomonidan 1 ming 916 tasiga ijobiy xulosa berilib, o‘qishga yo‘naltirildi. O‘qish jarayonlarini yakunlab, sanoat, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi kabi yo‘nalishlardagi biznes rejalarini himoya qilgan tadbirkorlik sub’ektlaridan 1 ming 530 tasiga sertifikat taqdim qilindi.
Bugungi kunga qadar 855 ta tashabbuskorga qiymati 81,5 milliard so‘mlik imtiyozli kreditlar ajratildi. Buning natijasida 2 ming 230 ta ish o‘rni yaratildi. Press-tur ishtirokchilari dastavval Chust tumanidagi Xo‘jaobod mahallasida istiqomat qiluvchi Zulfizar Lutfullayeva rahbarligidagi “Chust iftixor tekstil” mas’uliyati cheklangan jamiyatda bo‘ldi. Bu oila o‘z faoliyatini milliy hunarmandchilik sohasini rivojlantirish dasturi doirasida ajratilgan kredit asosida boshlab, hozirgi kunda xorijga tekstil mahsulotlarini yetkazib berib, yillik daromadi 150 million so‘mdan oshdi.
E’tiborlisi, kichik korxonada ayni paytda “Ayollar daftari”ga bo‘lgan 40 nafar xotin-qiz mehnat qilmoqda. Ularning besh nafari nogironligi mavjud, jismoniy imkoniyati cheklangan. Ishchilarga 3-4 million so‘mdan haq to‘lanmoqda. Hunarmand tadbirkorga “Yangi O‘zbekiston” kichik sanoat zonasi hududidan 50 gektar yer ham ajratildi. Kelgusida bu joyda yirik ishlab chiqarish majmuasi qurilib, 300 ta yangi ish o‘rni yaratish ko‘zda tutilgan.
<iframe width="650" height="420" src="https://www.youtube.com/embed/nH-K3uW3EjM" title="Biznes loyihalar mamlakat rivojiga xizmat qiladi" frameborder="0" allow="accelerometer; autoplay; clipboard-write; encrypted-media; gyroscope; picture-in-picture; web-share" referrerpolicy="strict-origin-when-cross-origin" allowfullscreen></iframe>Yangi Namangan tumanidagi Sherbuloq mahallasida joylashgan “Trans energetik” mas’uliyati cheklangan jamiyat vodiy viloyatlarida elektr energetikaga ixtisoslashgan kam sonli korxonalardan biri hisoblanadi. Yosh tadbirkor Abdulhamid Qodirov rahbarligidagi jamiyatda o‘ndan ortiq turdagi turli quvvatdagi transformatorlar ishlab chiqariladi. Bugungi kunda yurtimizda elektr energiyasi iste’moliga talab har qachongidan ortib borayotgan bir vaqtda bu kabi korxonalar faoliyatiga ehtiyoj katta. Ayni shu muhim jihatni teran anglagan mazkur tadbirkorlik sub’ekti ishlab chiqarish hajmi va sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratmoqda. Buning natijasida o‘rtacha oylik daromad 100 million so‘mga yetdi.
– O‘zim aslida huquqshunoslik yo‘nalishida oliy ta’lim muassasasida tahsil olganman. 2019 yilda Rossiya Federatsiyasida o‘qish bilan bog‘liq xizmat safarim chog‘ida energetikaga jiddiy qiziqish paydo bo‘lgan. Akam bilan maslahatlashib katta maqsadlar bilan yangi yo‘nalishdagi faoliyatga kirishdim, – deydi tadbirkor Abdulhamid Qodirov. – Avval, ikki kishi ish boshladik, hozir ishchilar soni 12 nafardan oshdi. Ochig‘ini aytish kerak, ilgarilari tadbirkorlar uchun kreditlarning yuqori stavkada bo‘lganligi sababli ko‘plab sub’ektlar ishida qiyinchiliklar yuzaga kelar, hech qancha vaqt o‘tmay aksariyati o‘z faoliyatini to‘xtatishga majbur bo‘lardi. Hozir esa vaziyat tamomila o‘zgargan. Biznes yuritmoqchimisiz, hokim yordamchisi tavsiyasi bilan o‘quv kursida bilim olasiz, keyin esa imtiyozli kredit olasiz. Faoliyatimni kengaytirish maqsadida Namangan viloyati Kichik biznesga ko‘maklashish markazi ko‘magida 100 million so‘mlik imtiyozli kreditga ega bo‘ldim.
Press-turda jurnalistlar tadbirkorlar Kichik biznesga ko‘maklashish markazining ish faoliyati bilan tanishib, o‘zlarini qiziqtirgan savollarga atroflicha javob oldi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA muxbiri